Davlat xizmatchilarining mahalliy tadbirlarda sovg‘a olishi taqiqlandi
Adliya vazirligi tasdiqlagan nizomga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi O‘zbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olishi mumkin.
O‘zbekistondagi boshqa xizmat safarlarida sovg‘a olish mumkin emas.
Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovg‘a quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- milliy qonunchilikda taqiqlanmagan ashyolar bo‘lishi;
- sovg‘a xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan bo‘lishi;
- sovg‘a ochiq va oshkora qabul qilinishi;
- davlat organining obro‘siga putur yetkazmasligi;
- manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘ani tadbirdan kelgandan so‘ng 3 ish kunida xo‘jalik bo‘limiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi.
Sovg‘aning qiymati aniq bo‘lmasa, xo‘jalik bo‘limi uni baholaydi va uning qiymati BHMning 4 baravaridan (1,2 mln so‘mdan) ko‘p bo‘lmasa, sovg‘a davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.
Sovg‘a qiymati BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lsa, u moliya-iqtisod bo‘linmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda davlat organi ehtiyoji uchun foydalaniladi.
Tez yaroqsiz holga keluvchi sovg‘alar (gul, shirinliklar), shuningdek kanselyariya to‘plamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovg‘a sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovg‘alar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter