Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 1245 nafar xodim ishdan bo‘shatildi

Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 1245 nafar xodim ishdan bo‘shatildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes–hamkori va maslahatchisi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organiga aylantirildi.

Mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati tugatilib, ularda ishlaydigan jami 1245 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berdi.

Ma’lumki, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasining hududiy davlat soliq organlariga yuborilgan, Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga aralashish va barcha soliq tekshiruvlari ta’qiqlanishi to‘g‘risidagi maxsus topshirig‘i tarqalgan edi.

«Bunday turdagi nazorat tadbirlarini o‘tkazish aynan faoliyati tugatilgan tuzilma vakolatiga kirar edi. Shu sababli Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarini himoya qilish, davlat soliq xizmati organlaridagi ayrim nopok xodimlar tomonidan korrupsion harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida maxsus topshiriq yuborilgan»,- deyiladi qo‘mita xabarida.

Soliq qo‘mitasi o‘zini soliq organi xodimi deb tanishtirib, faoliyatingizga noqonuniy aralashgan, ta’magirlik, manfaat evaziga «xomiylik» qilishni taklif etgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, zudlik bilan Davlat soliq qo‘mitasining +99871 244-98-98 yoki qisqa 1198 «Ishonch telefoni»ga hamda +99871 244-98-00, +99871 244-98-71 telefonlari orqali xabar berishni so‘ramoqda.

Har bir murojaat Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan alohida nazoratga olinadi hamda murojaat etuvchining shaxsi oshkor etilmasligi kafolatlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring