Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat soliq qo‘mitasi «obnalchilar» bilan kurashishni boshladi

Davlat soliq qo‘mitasi «obnalchilar» bilan kurashishni boshladi

«Naqdlashtiruvchi korxonalar» tovarlarni sotmaydi va xizmatlarni ko‘rsatmaydi, balki pul mablag‘larini naqdlashtiradi hamda soxta hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Misol uchun, 100 million so‘mlik bitta hisobvaraq – faktura bilan «naqdlashtiruvchi korxonalar» noqonuniy ravishda 15 mln.so‘m pul ishlaydi. Vaholanki, vijdonli tadbirkor bunday daromad olish uchun bir oy yoki undan ham ko‘proq vaqt mehnat qilishi kerak.

Bundan tashqari, soxta hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar) ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, QQS to‘lovchilari hisobot davri natijalariga ko‘ra hisobvaraq-fakturalarda ko‘rsatilgan QQS miqdorlarini hisobga olish orqali to‘lanadigan soliq miqdorini kamaytiradilar va buning natijasida davlat budjetiga zarar yetkazadilar.

«Bir kunlik firma»larning faoliyati noqonuniy bo‘lishiga qaramay, yaqin vaqtgacha ular bilan kurashishning samarali mexanizmi mavjud emas edi.

Xorij tajribasini hisobga olgan holda, Davlat soliq qo‘mitasi davlat budjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etmoqda.

Xususan, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi 396 ta «bir kunlik firmalar» xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar ro‘yxati shakllantirildi.

Budjetga to‘lanmagan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini o‘rnini qoplash maqsadida, 396 ta «shubhali» korxonalar va ularning deyarli 10 mingga yaqin biznes hamkorlarining shaxsiy kabinetlariga 5 kun muddatda inkasso topshiriqnomalari qo‘yilishi bo‘yicha xabarnomalar yuborilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda «naqdlashtiruvchi firma» va korxonalarni aniqlash mexanizmini joriy etish masalasi muhokama qilindi va quyidagilar qabul qilindi:

  1. Yangi mexanizmga o‘tish davrini hisobga olgan holda, istisno tariqasida, 17 fevral ertalab soat 10:00 dan oldin «bir kunlik» firmalar bilan shubhali opreatsiyalarni amalga oshiriganligi xavfi nisbatan kam bo‘lgan 2960 tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlariga joylashtirilgan inkasso topshiriqlari 2021-yil 1-martgacha vaqtinchalik bekor qilindi;
  2. Reyestrga kiritilgan shubhali korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bitimlarni o‘rganib chiqish uchun kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilish imkoniyati berildi. Ijobiy xulosa qilingan taqdirda, inkasso topshiriqnomalarini bekor qilish va ilgari kamaytirib ko‘rsatilganligi uchun undirilgan mablag‘larni qaytarib berilishi ta’minlanadi.
  3. «Naqdlashtiruvchi firma»larni aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmni aholi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarni qoniqarsiz olib borganligi, shuningdek soliq to‘lovchilar bilan yetarli darajada ishni tashkil etmaganligi uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, Toshkent shahar DSB Kameral nazorat va QQS ma’murchiligi bo‘limlari hamda DSQ Matbuot xizmati boshliqlariga xayfsan berildi.

Ma’lumot sifatida, shuni ma’lum qilamizki, 2021-yil 16-fevralda Davlat soliq qo‘mitasiga ariza yuborgan 57 ta korxonada o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlarining dastlabki natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:

  • 52 ta korxona yoki 91,3% hollarda «qalbaki» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
  • 1 ta korxona uchun yoki 1,7% hollarda «qalbaki» operatsiyalarni amalga oshirish holati tasdiqlanmadi, shu sababli ortiqcha olingan  mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tazkor jarayonlar boshlandi;
  • 4 ta tashkilotda yoki 7% holatlarda noqonuniy hisobga olish qisman tasdiqlangan.

Shuningdek, birgina Toshkent shahrida 74 korxona noqonuniy hisobga olganligini tan olib ixtiyoriy ravishda 4,6 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ bo‘yicha qayta hisob kitobni amalga oshirdi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar, shuningdek «naqdlashtiruvchi firma»lar va ularning mijozlarini aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan mexanizm prinspilari bo‘yicha ma’lumotlar olish uchun DSQ Call-markazining 1198 qisqa raqamlari doimiy ishlab turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring