Davlat organlariga yil yakuniga qadar asosiy vositalarni xarid qilish taqiqlandi
«Budjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–208-son, 15.04.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022-yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar oshirib bajarilgan qismidan hududiy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi respublika budjetida qoldiriladi.
2022-yil 1-maydan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalaridan Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratmalar qilish to‘xtatiladi.
2022-yil aprel‒dekabr oylarida davlat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning hamda jamg‘armadagi bo‘sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning 15 foizi respublika budjetiga o‘tkaziladi.
Davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi (maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno).
Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko‘rilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter