Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Davlat OAVni dushman emas, do‘st deb bilishi kerak» – AQSh diplomati

«Davlat OAVni dushman emas, do‘st deb bilishi kerak» – AQSh diplomati

AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili P.Politis hamda YeI elchisi Sh.Adrian.

Foto: Xabar.uz

Davlat o‘z g‘alabalari bilan birga yutqiziqlarini ham ochiq muhokama qilishi lozim. Bu borada ommaviy axborot vositalari eng maqbul platforma sanaladi, dedi AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Pol Politis.

Toshkentda 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo mintaqasida so‘z erkinligi holati» mavzusidagi anjumanda ma’ruza qilgan diplomat har qanday mamlakat taraqqiyotida mustaqil jurnalistika taqdirulamal ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

YeI delegatsiyasi, AQSh elchixonasi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoatchilik fondi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda Markaziy Osiyoda so‘z erkinligi holati, jurnalistlar va blogerlar huquqlarini himoya qilish, davlat organlari ochiqligi kabi masalalarda fikr almashildi.

«Biz – amerikaliklar, so‘z erkinligini universal qadriyat deb bilamiz. So‘z va matbuot erkinligi hayotiy zarurat ekanini teran anglaymiz. AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatishdayoq «Kongress so‘z va matbuot erkinligini cheklovchi biron bir qonun chiqarishi mumkin emas» deb belgilangani ham buning tasdig‘idir», – dedi Pol Politis.

XVIII asr fransuz mutafakkiri Volter «Fikringizga qarshi bo‘lishim mumkin, ammo sizning fikr aytish huquqingizni himoya qilish uchun jonimni ham berishga tayyorman», degan edi. Amerikalik diplomat ushbu mashhur naqlni yodga olar ekan, har qanday mamlakatda islohotlar samarasi mustaqil matbuotga bog‘liq kechishini urg‘uladi.

«Haqiqatni gapirayotgan jurnalistlar himoya ostida bo‘lishi kerak. Senzura, bosim, tahdid, qo‘ng‘iroq orqali materialni olib tashlash talabi, ozodlikdan mahrum qilish kabi holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ochiq jamiyati talabi shuki, davlat axborot olish imkonini yaratishi  lozim», – dedi u.

Diplomat fikricha, ochiqlik, oshkoralik faqat taraqqiyotga xizmat qiladi.

«Davlat OAVni dushman emas, do‘st sifatida qabul qilmog‘i kerak. O‘z g‘alabalari bilan birga yutqiziqlarini ham ochiq muhokama qilishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada esa OAV eng maqbul platforma sanaladi», – dedi P.Politis.

Diplomat O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy jabhada kechayotgan o‘zgarishlarga ham munosabat bildirdi.

«O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida turli sohalarda islohotlar o‘tkazilmoqda. Biz bu borada ijobiy natijalarni ko‘ryapmiz. Ayni choqda, OAV va so‘z erkinligi islohotlar dasturi muvaffaqiyatini ta’minlashini qayd etish o‘rinlidir», – dedi u.

Notiq O‘zbekistonda DW, BBC, «Amerika ovozi» kabi xalqaro OAV saytlari blokdan chiqarilgani, blogerlar erkin faoliyat yuritayotganini yutuq o‘laroq baholab, shu bilan birga, yuridik tizimda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotgani, jurnalist va blogerlar siyosiy jihatdan hassos sanalgan mavzularda tazyiqsiz faoliyat yuritishi muhimligini aytdi.

«Markaziy Osiyo mintaqasida so‘z erkinligi holati» mavzusidagi anjuman 10 dekabr – Inson huquqlari kuni munosabati bilan uyushtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 1948 yilning 10 dekabrida BMT Bosh assambleyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilgan. 1950 yildan beri ushbu sana dunyo miqyosida bayram qilinadi.

Xalqaro sana munosabati bilan bayonot bergan AQSh prezidenti Jo Bayden Inson huquqlari haftaligi o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, Xitoydan Myanmaga qadar, Afg‘onistondan Eronga qadar, Efiopiyadan Ukrainaga qadar – butun dunyoda insonlar erkin yashashga haqli va Oq uy inson huquqlari tantanasi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotganlar, zulm-zo‘ravonlikka qarshi kurashayotganlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring