2025-yilda darsliklar ijarasi bepul bo‘ladi
Ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yilda maktablarda o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasida 2025–2026-o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etilgan.
Budjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini ta’minlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Bunda, samaradorlikni oshirish maqsadida turli yo‘nalishlar bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi.
Ta’kidlanishicha, 2024 yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
2025 yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
«Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan postlarda Byudjet loyihasida Kitob jamg‘armasi xarajat va daromadlari ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratilgan. Qayd etish joizki, Kitob jamg‘armasi faoliyati to‘xtatilgan va yangi jamg‘arma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu bo‘yicha ma’lumotlar aks ettirilmagan.
2025 yil uchun Davlat buyudjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan», deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter