Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sodiq Safoyevga Imperator ordeni tantanali topshirildi

Sodiq Safoyevga Imperator ordeni tantanali topshirildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga Yaponiya hukumatining Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni topshirildi. S.Safoyev mukofotni Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyamadan qabul qilib oldi.

Tantanali marosim O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman doirasida uyushtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2021-yil 3-noyabr kuni Yaponiya hukumati e’lon qilgan Imperator ordeni bilan taqdirlangan xorijliklar ro‘yxatidan Sodiq Safoyev ham o‘rin olgan edi.

Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni Yaponiyaning nufuzli va qadimiy davlat mukofoti bo‘lib, u yuqori natijalarga erishgan shaxslarga topshiriladi.

Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi S.Safoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun mazkur orden bilan taqdirlanganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, S.Safoyev tashqi ishlar vaziri vazifasida ishlagan kezlar muhim platforma bo‘lgan «Markaziy Osiyo+Yaponiya» muloqoti ta’sis etilishida faol qatnashgan, ko‘p yillar davomida o‘zaro robitalarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan. U o‘z davrida ikki davlat parlamentlararo guruhi raisi sifatida qonunchilik idoralari almashinuvida ham jonbozlik ko‘rsatgan.

S.Safoyev Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni bilan taqdirlangan ilk o‘zbekistonlik sanaladi. Taniqli davlat arbobi O‘zbekiston Respublikasining «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlariga ham munosib ko‘rilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring