Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Choy ichishga kelgan yo‘lbars» yoxud rasmli kitob, bola va kattalar

«Choy ichishga kelgan yo‘lbars» yoxud rasmli kitob, bola va kattalar

foto: internet, ochiq manba

Rasmli kitob kattalar va bolalar uchun uchrashuv nuqtasidir. Aynan shu uchrashuvda kattalar va bolalar ba’zi ochilmagan mavzularning kalitini topa oladilar.

Judit Kerr mualifligidagi «The Tiger Who Came to Tea» (Choy ichishga kelgan yo‘lbars) rasmli kitobi bu janrning klassikasi hisoblanadi. Bir qarashda oddiy kitob. Kitobning mazmuni shunday: Katta yo‘lbars bir qizning uyiga choy ichishga keladi. Uyda qiz bilan oyisi bo‘ladi. Yo‘lbars choy ichadi, ovqat yeydi, shirinlik yeydi, muzlatgichni bo‘shatadi, oshxona shkafidagi barcha yeguliklarni yeb bitiradi, sharbatlarni ichib qo‘yadi, uydagi hamma narsani yeb bo‘lib, hatto oqib turgan suvni ham tomchisiga qadar ichib tugatadi. Shundan so‘ng muloyimgina xayrlashib ketadi. Kechki payt qizning dadasi uyda qaytadi. Uyda esa yeyishga hech narsa qolmagan. Dadasi kuyinmaydi, balki hammani ovqatlanish uchun restoranga taklif qiladi. Butun oila mazza qilib kechki ovqatni restoranda yeyishadi. Kitob yakunida qiz oyisi bilan do‘konga borib uyga yangi yeguliklar sotib oladi, har ehtimolga qarshi yo‘lbars uchun ham ovqat oladi, lekin yo‘lbars boshqa hech qachon ularning uyiga kelmaydi.

Bu asar 1968-yilda yozilgan, ya’ni urushdan sal keyinroq. Muallif urushning barcha qiyinchiliklarini bolaligida boshidan kechirgan bo‘lib, umri davomida urush dahshatlari haqida ko‘p yozadi. Bu asar ham aynan urush haqida. Ha, yuqorida men ta’riflagan asar (rasmlar ham unga tegishli) aynan urush haqida. Bu hikoya juda mashhur, u haqda hatto multfilm ham ishlangan.

Yo‘lbars – bu urush... u mana shunday kutilmaganda tinch oilaning uyiga bostirib keladi va hammayoqni vayron qiladi. Urushda tirik qolganlarga yangi hayot boshlash uchun kuch kerak doim. Ana shu kuchni asarda qizning dadasi beradi. Ya’ni uyda ovqat qolmaganida oila-a’zolariga tashqariga chiqib kafeda ovqatlanishni taklif qiladi. Metaforik tarzda erkaklar oilalarni himoya qilishi ko‘rsatilgan.

Juda bolalarcha asar, shuningdek ota-onalarga ham bola bilan urush haqida gaplashish imkonini beradigan asar. Bola va ota-onaning uchrashuv nuqtasi. 

Bolajonlar bilan biron mavzuda gaplashmoqchi bo‘lsangiz, o‘sha mavzuga oid rasmli kitob izlab ko‘ring. Kitob bilan suhbatingiz mazmunliroq va tushunarliroq chiqadi.

Hech kim bolajoni bilan urush haqida gaplashishga majbur bo‘lmasin!

                                        Dinara Mo‘minovaning facebook sahifasidan olindi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring