Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Cho‘lda talonchilik qilgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Cho‘lda talonchilik qilgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Romitan tumanidagi cho‘l hududida joylashgan ob’yektdan bir guruh shaxslar dizel yoqilg‘isini talon-toroj qilishgan. Talonchilik qilgan guruh ushlangan.

«Gazli» cho‘l massivi Romitan tumani markazidan qariyb 70 kilometr olisda joylashgan. Uzoq yillardan buyon ushbu hududda «Inter Engineering» kompaniyasi faoliyat yuritadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniya tomonidan gaz quvurlarini montaj qilish ishlari olib borilayotgan va buning uchun maxsus texnikalar yig‘ib qo‘yilgan bo‘lgan.

«Joriy yilning 10-avgust kuni tungi soat taxminan 04:00larda bir guruh noma’lum shaxslar ushbu ob’yektdagi «XCMC» rusumli ekskavator va «DAIFENG» rusumli truba yotqizuvchi maxsus texnikalarning dizel yoqilg‘isini yashirin ravishda talon-toroj qilishni boshlashgan. Holatdan ushbu ob’yekt qo‘riqchisi xabar topgan va bir guruh shaxslarga qarshi chiqib, ularni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Talonchilar qo‘riqchiga tahdid qilib, uning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatishgan. Jami 3 310 285 so‘mlik 395 litr dizel yoqilg‘isini talon-toroj qilib, hodisa joyida qochishgan», — dedi Shuhrat Jalolov.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi (Talonchilik) 2-qismi «a,v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat Romitan tumanining «Qoqishtuvon» mahallasida yashovchi M.S. va J.A. hamda «Qumrabot» mahallasida yashovchi B.Sh.lar tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning xatti-harakatlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring