Chiroqchi IIB xodimlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida «Chiroqchi voqeasi» aybdorlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K.Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 21 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra:
N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. Sh. Raxmonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi «a», «v», «g» bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining «d» bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. A. Tojinorovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi «a», «v», «g» bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Qayd etish lozimki, mazkur sud muzokarasida so‘z olgan marhumning qonuniy vakili Go‘zal Abdiyeva sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovlarni sud zalidan ozod qilishni so‘ragandi.
Sud ishida davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etgan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Shahboz Abdiyev esa sudlanuvchilarga 10 yilgacha jazo tayinlashni so‘ragandi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. Holat bo‘yicha o‘sha paytdayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bir necha IIB xodimi hibsga olinishidan tashqari tuman va viloyat IIBdagi qator mas’ul xodimlar ishdan olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter