Chirchiq shahrida maktab o‘quvchilari bobosi tengi odamni do‘pposlashdi
Chirchiq shahrida ikki nafar maktab o‘quvchisi bobosi tengi odamni urib, haqoratlagan video bugun, 23-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqab e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati voqeaga aniqlik kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2022-yilning 21-may (shanba) kuni soat 17:30larda sodir etilgan. Voyaga yetmagan bolalar — 8-sinf o‘quvchilari N.L. (2007-y.t.) va E.A (2007-y.t.) Chirchiq shahrining 4-kichik tuman hududida 58 yoshli R.A. (Yuqorichirchiq tumanida yashovchi)ni hech bir sababsiz urib, bezorilik sodir etishgan.
Holat Toshkent viloyati IIBB nazoratida Chirchiq shahar IIB tomonidan o‘rganilib, jarayonda qatnashgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari shahar IIBga chaqirilgan.
Voqeaning yana bir ishtirokchisi — 7-sinf o‘quvchisi A.N. (2008-y.t.) jarayonni telefonda videoga olgan. Keyinchalik video ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Hozirda holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bugunning o‘zida IIB mas’ul xodimlari boshchiligida ushbu o‘quvchilar yashovchi mahallaga borilib, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mahalla ahli, ularning ota-onasi va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter