Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilladan chiqqan Putin, boshi egik Merkel va Nyu-York uzra o‘lim sharpasi (foto)

Chilladan chiqqan Putin, boshi egik Merkel va Nyu-York uzra o‘lim sharpasi (foto)

An’anaga ko‘ra Xabar.uz mushtariylari e’tiboriga hafta davomida ro‘y bergan eng muhim 7 hodisa havola etilmoqda.

1. Yevropa mamlakatlarida 8-may kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi bayram qilindi.

Foto: «Getty Images»

Mag‘lub mamlakat rahbarlari – Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va kansler Angela Merkel Berlinda urush qurbonlariga atab barpo etilgan yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. O‘tmishda vatandoshlari yo‘l qo‘yilgan mudhish xato sababidan olmon davlati rahbarlarining boshi hamon egik. 

2. 9 may kuni Rossiyada ham g‘alaba munosabati bilan cheklangan tartibda tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: «Reuters»

Xususan, prezident Vladimir Putin salkam 40 kun davom etgan chilla – karantindan keyin ilk bor jamoat maskanida ko‘rinish berdi. U noma’lum askar yodgorligiga gul qo‘ydi va qisqa ma’ruza qildi. Davlat rahbari tashrifidan bir kun oldin ushbu maskan obdon dezinfeksiyalandi. Tahlilchilarga ko‘ra, Putin 20 yillik faoliyati davomida o‘zini jamoatchilikdan bu qadar uzoq muddat ihotalamagan. Koronavirus xavfi tufayli u 26 martdan buyon kam sonli mulozimlar bilan bevosita muloqot qilmoqda. 

3. Nyu-York uzra o‘lim sharpasi kezmoqda!

Foto: «AFP»

Mashhur Ozodlik haykali yaqinida tizilib turgan muzlatkichli yuk mashinalari ayni paytda o‘likxona vazifasini bajarmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Nyu-Yorkda 333 ming kishi koronavirusga chalingan, undan vafot etganlar soni esa 21 mingdan ortib ketdi.

4. Polshada prezident pochta orqali saylanishi mumkin.

Foto: «AP»

10-may kuniga belgilangan saylov SOVID-19 infeksiyasi sabab noma’lum muddatga kechiktirildi. Mamlakat parlamenti – Seym saylovchilar pochta orqali ovoz bergani ma’qul deb hisoblamoqda. 

5. Tailand poytaxti Bangkokdagi kafe va restoranlar ish faoliyatini boshladi.

Foto: «AFP»

Ammo umumiy ovqatlanish muassasalari koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida stollar orasini plastik parda bilan to‘sishga majbur bo‘ldi. 

6. 7-may kuni dunyo aholisi «Super Oy» deb atalgan tabiat hodisasini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Foto: «Reuters»

Yerning yo‘ldoshi yaqin masofaga keldi va odatdagidan xiyla ulkan ko‘rindi. To‘lin oyning Istanbul uzra ko‘rinishi. 

7. Koronavirus Tailanddagi tutqun fillarga ozodlik tuhfa etmoqda!

Foto: «AP»

Pandemiya ortidan joriy etilgan karantin choralari sabab ulkan jonivorlarni boqish muammo bo‘lib qoldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda 2 mingdan ziyod fil ochlikdan halok bo‘lishi mumkin. Shu bois Fillarni qutqarish jamg‘armasi tavsiyasiga ko‘ra jonivorlar yovvoyi tabiat bag‘riga qo‘yib yuborilmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring