Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilidagi namoyishlarga qarshi maxsus vositalardan foydalanildi

Chilidagi namoyishlarga qarshi maxsus vositalardan foydalanildi

Juma kunidan boshlangan Chilidagi namoyishlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan tarzda kuchaymoqda. O‘sha kuni ko‘cha jonglyori Fransisko Martines politsiya qo‘lida qurbon bo‘lgach, aholi bunga qarshi noroziligini boshlab yuborgan edi.

Politsiya olamonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv otuvchi himoya qurilmalaridan foydalandi. O‘nlab kishilar hibsga olindi. 5 nafar politsiyachi jarohat oldi.

Poytaxt okrugi milliy politsiyasi vakilli so‘zlariga ko‘ra, «bu namoyish emas, balki vandalizm va jinoyatdir. Karabinerlarimiz (milliy politsiya) namoyishlarga qarshi emas, ammo tartib bo‘lishi kerak. Tinch e’tirozlar boshqa narsa, jamoat va xususiy mulkka zarar yetkazish boshqa narsa. Oddiy odamlar osuda hayotni yaxshi ko‘rashadi, beqarorliklarni emas».

Oxirgi uch yilda Chili xavfsizlik va barqarorlik borasida ancha muammolarga duch kelmoqda. 2020 yilda butun mamlakatda 13 618 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, ularning 9 mingtasi tartibsizliklar, 2 mingtasi politsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlardir.

Chili prezidenti Sebastyan Pinera jonglyor o‘limidan qattiq qayg‘uda ekanligini bildirib, shu bilan birga bunday dedi: «Men jamoat tartibini himoya qilish borasida tizimli institut
va oldingi chiziqda yurgan politsiyani qo‘llab-quvvatlashimni ma’lum qilaman
».

Yalpi ichki mahsulot rekord darajada kamayib ketdi

2022 yilga borib, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bashoratlariga ko‘ra, Chilida yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 30 ming dollarga yetishi va mamlakat rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi kutilayotgan edi.

Biroq pandemiya bu rejani noma’lum muddatga ortga chekintirdi.

«O‘tgan yili Chilida yalpi ichki mahsulot 6 foizga kamayib ketdi. Bu so‘nggi o‘n yildagi rekord darajada kamayishdir», deydi moliya vaziri Rodrigo Serda. 1982 yilda 11 foizlik pasayishdan buyon oradan qirq yil o‘tib, yana eng yuqori salbiy ko‘rsatkich qayd etilib turibdi.

Avvalroq mamlakat Markaziy banki dekabrda oylik iqtisodiy faollik indeksi 0,4 foizga pasayganini bildirgan edi. Ishsizlik esa 8,2 foizga yetdi, pandemiya sababli yuz minglab mehnatkashlar ishdan bo‘shatildi.

Koronavirus ikki tomonlama zarba bo‘ldi. So‘nggi 24 soatda yana kovid yana kuchayib, bir kunda 68 ta o‘lim holati qayd etildi va jami qurbonlar soni 20 ming nafardan oshdi. 3,6 ming yangi holat qayd etilib, bemorlar soni jami 800 ming kishiga yaqinlashdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Enrike Paris aholi avvalo o‘z sog‘lig‘ini o‘zi o‘ylashi kerakligini, niqob taqishi va masofa saqlash qoidalariga qat’iy amal qilishini talab qilmoqda.

Parallel ravishda emlash ishlari tezlashmoqda. 22 fevral holatiga ko‘ra, 19 million aholining 2,5 millioni emlab bo‘lindi. Ular Xitoyning «Sinovac» kompaniyasi dorisi bilan emlanmoqda. Har qanday jamoat joylari (universitetlar, savdo markazlari, stadionlar, ma’muriy binolar) tezkorlik bilan emlash markazlariga aylantirilgani bunda ayniqsa qo‘l kelmoqda. Bir paytning o‘zida 16 ta mintaqada 1400 ta emlash markazlari ish boshladi.

Birinchi galda shifokorlar, undan keyin keksalar, o‘qituvchilar, farmatsevtlar va politsiya xodimlari emlanmoqda. Yilning birinchi yarmida mamlakat aholisining 80 foizi emlanishi kutilmoqda.

Aholi yangi Konstitutsiya tarafdori

O‘tgan yili oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan referendumda 80 foiz chililiklar Konstitutsiyaviy konvent tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan edilar.

Amaldagi Asosiy qonun diktator Augusto Pinochet davrida qabul qilingan bo‘lib, u hokimiyatdan ketganidan buyon 50 bora o‘zgartirishlar kiritildi. Saylovchilar 155 a’zodan iborat yangi Majlis tuzishni ma’qullamoqda. Bu organ shu yil apreldan o‘z faoliyatini boshlaydi. Yangi Konstitutsiya konvent tomonidan 2022 yilning birinchi yarmida qabul qilinishi kutilmoqda.

Asosiy qonun mamlakatda katta tezlik bilan o‘sib borayotgan boylar va kambag‘allar o‘ratasidagi tavofutni qisqartirishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va pensiya islohotlarni o‘tkazishda ko‘maklashishi kerak. Kommunal to‘lovlar narxlarining oshishi ham ularga ma’qul emas. Tub joy aholi manfaatlarini va ayollar huquqlarini ilgari surish ham ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Chililiklar o‘z mamlakatini Lotin Amerikasining boshqa mintaqalarida bo‘lgani kabi sotsial davlatga aylanishini istaydi va shu sababli 2019-2020 yillarda millionlab aholining bir necha bor namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Bu chiqishlardan ko‘plab iqtisodiyot tarmoqlari bir necha milliard dollarlik zarar ko‘rdi. Nihoyat hukumat yon bosishga majbur bo‘ldi va referendumga rozilik bildirgan edi.

Dildora Shomurotova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring