Chechenlar Gruziya maxsus kuchlarini Pankiss darasidan chiqarib yubordi
Gruziya IIVga qarashli maxsus kuchlar bo‘linmasi Pankiss darasidan chiqib ketdi. Kecha, 21 aprelda bu yerda maxsus kuchlar bo‘linmasi va mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan edi.
Asosan chechen millatiga mansub bo‘lgan mahalliy aholi Pankiss darasidagi Alazani tog‘ daryosida GES qurilishiga qarshilik qilmoqda. Shu bois ular namoyishga chiqishgan. Kecha Gruziya hukumati namoyishchilarni tarqatish uchun maxsus kuchlarni tashlagan edi. Chechenlar ularga faol qarshilik ko‘rsatdi va maxsus kuchlar xodimlarini toshbo‘ron qilib, ularning xizmat mashinalarini yoqib yubordi.
Gruziya IIV boshlig‘i Georgiy Gaxariya tomonidan ma’lum qilinishicha, faqat 90 foiz aholi rozilik bergan taqdirda GES qurilishi qayta boshlanadi. Hukumat aholi bilan muloqot qilishda davom etmoqda, ammo maxsus kuchlarga qarshilik ko‘rsatgan odamlar baribir jazolanishi vazir tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga Gruziya hukumati lozim bo‘lganda qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda Pankiss darasida ro‘y bergan to‘qnashuvda 50 kishi jarohatlangan va ularning aksariyati IIV maxsus kuchlari xodimlaridir. Bir nechta politsiya avtomobillari va GES qurilishida ishlatilayotgan ekskavator yoqib yuborilgan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Pankissdagi vaziyatni kuzatib borayotganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qildi. Davlat rahbari vaziyatni yumshatishda ishtirok etishini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter