Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatish. Bu qanday ishlaydi? (video)
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi 6-fevral kuni jurnalistlar uchun o‘z eshiklarini ochdi: Call-markazi — Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi (ChXKYaM)ga maxsus press-tur uyushtirildi.
Call-markazi qanday ishlaydi? OAV vakillari «sahna ortidagi»lar faoliyati bilan tanishish bahona kompaniya o‘z mijozlariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida qanday ishlar olib borayotganiga guvoh bo‘lishdi.
Markaz haqida
Kompaniya tarkibidagi «Sotuvlar va xizmat ko‘rsatish markazi» filialining «Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi» 2009-yilda «Ma’lumot-axborotlar xizmati» bazasida tashkil etilgan. Xuddi shu yili Sankt-Peterburg shahridagi «Protey» ilmiy-texnik markazidan shu markaz uchun ishlab chiqarilgan uskunalar keltirib o‘rnatilgan.
Bu zamonaviy xizmatlar va yuqori darajada xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi birinchi dadil qadam edi.
Sall-markazi tashkil etilgan paytda 129 nafar xodim faoliyat yuritgan. Bugun esa ularning soni 500 nafardan oshadi. Markazda har kuni 20 mingdan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatilyapti. «1009» xizmati har oy 400 mingdan ortiq qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatadi.
Murodjon Rahimov, «O‘zbektelekom» AK «SvaXKM» filiali «Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi» 1-toifali mutaxassisi:
— «O‘zbektelekom» AK Sall-markazi kechayu-kunduz uzluksiz ravishda ishlaydi, nafaqat kompaniyaning o‘z abonentlari qo‘ng‘iroqlariga, balki O‘zbekiston prezidenti Virtual qabulxonasi, Davlat xizmatlari Interaktiv portali (DXIP) va bir qator boshqa vazirlik, idoralar hamda yirik kompaniyalar murojaatlariga xizmat ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun:
Dastlabki telefon-ma’lumot xizmati Toshkentda 75 yil ilgari paydo bo‘lgan ekan. Uni oddiygina qilib «09 xizmati» deb atashgan. O‘sha paytda poytaxt telefon tarmog‘i 5 mingdan ortiq abonentga ega bo‘lgan. «09» xizmatida barcha ishlar qo‘lda bajarilgan: telefonistlar stolida hozirgi ixcham va qulay kompyuterlar o‘rnida maxsus kartotekalar joylashtirilgan, operatorlar ma’lumotlarni ana shu kartotekalardan qidirishgan, barcha ma’lumot-axborotlar faqat qog‘ozda aks ettirilgan.
Avtomatlashtirish
2003-yildan operatorlarning ish joylari avtomatlashtirila boshlandi. «O‘zbektelekom» AK «TShTT» filiali Axborot-hisoblash markazining o‘z mutaxassislari tomonidan dasturiy ta’minot — «Ma’lumot-axborotlar markazi («MAM») vazifalar majmuasi ishlab chiqildi. Ayni shu dastur qog‘ozli kartotekalarni tarixga surib qo‘ydi va shundan buyon barcha zarur ma’lumotlar avtomat ravishda qidirib topiladigan bo‘ldi.
2009-yilning aprel oyida «Protey» kompaniyasi uskunalari asosida «09 xizmati» takomillashtirilib, barcha xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy Sall-markaziga aylantirildi. Bu yangilik qanchalik muhimligi darhol bilindi: statistik ma’lumotlar yaxshiroq hisobga olinadigan va tahlil qilinadigan bo‘ldi, natijada butun tizim faoliyati yaxshilanishiga erishildi.
«TShTT» filiali ma’lumot-axborot markazi negizida Intellektual platforma Sall-markazi joriy etilishining eng muhim jihatlaridan biri, shubhasiz, axborot-ma’lumotlar xizmati doirasini kengaytirish va zamonaviy intellektual xizmatlarni joriy etish imkonining yaralishi edi.
Muhim qadamlar
2013-yilning fevral oyida Toshkent shahridagi «TShTT» filialiga qarashli ChXKM uskunalarini 234-ATSdan 255-ATSgacha uzatish va kengaytirish ishlari yakunlandi.
2014-yilda O‘zbekiston mintaqalaridagi 13ta Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi markazlar birlashtirilib, Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi (ChXKYaM) tashkil etildi.
Har bir mintaqaviy Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi markazi 10ta ish o‘rniga mo‘ljallangan. Har bir mintaqaviy ChXKM texnik jihatdan bir daqiqada 60 dan ortiq qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish imkoniga ega.
Ma’lumotlarni taqdim etishda qo‘llanilayotgan «SIC» maxsus dasturiy ta’minoti «TShTT» filialining o‘z mutaxassislari tomonidan yaratilgan.
«Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatish xizmati» ko‘rsatayotgan xizmatlar:
- Axborot-ma’lumotlar xizmati (1009, 1064)
- Telefonlar ta’miri byurosi (1086)
- Joriy kecha-kunduz uchun ob-havo ma’lumoti (telefon 1001)
- Aniq vaqt (telefon 1004)
- Virtual ofis (71 2008080)
- Teleovoz berish
- Autsorsing
- Xabardor qilish
- Pazandachilik retseptlari (telefon 71 2000505)
- Tabriklar (telefon 71 2000101)
- Oqshom ertaklari (telefon 71 2000100)
- «O‘z hisobingni bil» (telefon 1058)
«O‘zbektelekom» AK Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi kechayu kunduz 6 smenada ishlaydi. 500 nafardan ortiq operator, 70dan ziyod oliy ma’lumotli muhandislar faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018-yilda «O‘zbektelekom» AK Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi qariyb, 3,6 mln. qo‘ng‘iroqqa xizmat ko‘rsatdi.
Shahnoza Shukurova, Call-markazi rahbari:
— Xodimlarni murojaatlar bilan ishlashga muntazam o‘rgatib boramiz, xizmat sifatini yaxshilash uchun zarur texnik choralarni qo‘llaymiz. Shtatimizdagi psixolog doimiy ravishda xodimlarimiz bilan ishlaydi. Mijozlarimizning murojaatlarini imkon qadar tezroq hal qilishga va murojaatlarni qabul qilib, ijrosini munosib ravishda bajarishga intilamiz.
Press-tur davomida jurnalistlarga ma’lumot berilishicha, Call-markazi xizmatlari muntazam takomillashtirib borilyapti, barcha biznes-jarayonlar raqamlashtirilyapti. Asosiy vazifa esa birorta ham qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yubormay, mijozlarga qulay interfaol shaklda xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter