Cambridge Assessment tashkilotining rasmiy veb saytida Prezident maktablari haqida maqola va video e’lon qilindi
Prezident maktablari O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirishning asosiy negizi sifatida maydonga chiqdi. Mazkur maktablar mamlakatning turli burchaklaridan iqtidorli o‘quvchilarni kashf etish va xalqaro standartlarga moslashtirishni maqsad qilgan. Bu xususda maqolada kengroq bayon qilinadi.
Jumladan, ushbu maktablar fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika (STEAM) va ingliz tilidagi IGCSE o‘quv dasturidan foydalangan holda, o‘zbek tilida o‘qitiladigan milliy fanlar yordamida o‘quvchilarni tanqidiy fikrlovchi va mustaqil shaxs sifatida rivojlantiradi.
«Ta’limga kiritilgan investitsiya juda muhim sarmoyadir. Chunki biz bu orqali mamlakat kelajagiga investitsiya kiritmoqdamiz», — deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova.
Cambridge Assessment tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Stiv King o‘zaro hamkorlik haqida o‘z fikrini bildirar ekan, Kembrij bilan tashkil etilgan Prezident maktablari qo‘lga kiritgan natijalar ikki tarafning ham yutug‘i ekanligini ta’kidlab, Prezident maktablarida tahsil olayotgan yoshlar mamlakat kelajagiga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
«O‘zbekistonning eng chekka hududida joylashgan Prezident maktabi o‘quvchisi A level sertifikati olgani hayratlanarli»
Shuningdek, Stiv King O‘zbekistonning eng chekka hududida joylashgan Prezident maktabi o‘quvchisi Barno Rustamovaning A level sertifikatini qo‘lga kiritgani uni hayratlantirganini ta’kidlaydi. Albatta, ochilganiga endigina 3 yil bo‘lgan Prezident maktablarining o‘quvchilari A Level imtihonlarida tarixiy natija qayd etib, bitiruvchilarning katta qismi xorijiy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
«O‘qishga kelganimda boshqa sinfdoshlarim singari menda ham yangicha o‘quv dasturi asosida o‘qish qiyinchilik tug‘dirgan. Shunday bo‘lishiga qaramay biz astoydil o‘qishga harakat qildik. Barcha intilishlar natijasi o‘laroq Kembrijning A/AS level sertifikatini qo‘lga kiritdim. Meni doim qo‘llab-quvvatlagan, yaxshi o‘qishga undagan ota-onam, ustozlarim va Prezident maktablaridan minnatdorman», — deydi Xiva Prezident maktabi bitiruvchisi Barno Rustamova.
«Prezident maktablarida ishlash bu go‘yoki Kembrij maktablarida ishlashdek mas’uliyatli»
Shu bilan birga, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda dars beruvchi pedagoglarning malakasini oshirib borish maqsadida UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda pedagoglarning kasbiy malakasini oshirish ilmiy-tadqiqot loyihasi ustida ish olib borildi. Mazkur tadqiqot loyihasi doirasida o‘qituvchi kadrlarning kasbiy rivojlanishlari uchun maxsus model yaratish va uni sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu haqida Prezident maktabi o‘qituvchisi Tomas Topxem o‘z fikrini bildirdi: «Prezident maktablarida ishlash bu go‘yoki Kembrij maktablarida ishlashdek mas’uliyatli. Chunki ushbu maktablarda Kembrij dasturi asosida ta’lim beriladi. Demak, maktabning pedagog kadrlari ham raqobatbardosh va yuqori salohiyatli bo‘lishi talab etiladi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter