Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Budjet mablag‘ini talon-toroj qilish ko‘pning haqqiga xiyonat» — Senat raisi

«Budjet mablag‘ini talon-toroj qilish ko‘pning haqqiga xiyonat» — Senat raisi

Foto: Senat matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva budjet mablag‘i – xalqning mablag‘i ekanini, uni talon-toroj qilish ko‘pning haqqiga xiyonat ekani haqida gapirdi:

— Bu yil oson bo‘lmayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Asosiy yuk moliya tizimiga tushyapti. Aksariyat moliyaviy resurslar pandemiya oqibatlarini yumashtishga yo‘naltirildi. Joriy yil uchun davlat budjeti parametrlarini shakllantirayotganda bunday holatlar ko‘zda tutilmagan edi.

Moliyaviy resurslarni mobilizatsiya qilish, yangi moliyaviy manbalarni topish operativ tarzda va aytish mumkinki, muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ko‘zda tutilgan budjet tadbirlari shunday og‘ir vaziyatda ham izchillik bilan olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hukumat, xususan, Moliya vazirliginining e’tiborini budjet mablag‘lari ustidan nazoratni kuchaytirish masalasiga qaratmoqchiman. OAV, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya sharoitida budjet mablag‘lari talon-toroj qilinayotgani to‘g‘risidagi axborotlarning ko‘payishi aholi orasida tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Albatta, budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilayotgani va mablag‘lar joyiga qaytarilayotganini ham ta’kidlash joiz.

Lekin bunday holatlarda jazolashdan ko‘ra oldini olish bo‘yicha ko‘proq ishlash lozim. Budjet mablag‘lari ajratilayotganda uni maqsadli foydalanishini ta’minlaydigan mexanizmlar ustida ishlash maqsadga muvofiq. Bunda ochiqlik va shaffoflik masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Vaholanki, ochiqlik va shaffoflikning yo‘qligi yoki unga lozim darajada e’tibor qaratmaslik, qaysi soha va tarmoq bo‘lishidan qat’i nazar, muammolarning chuqur ildiz otishi, norozilikning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Zotan, barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab yetishimiz kerak, budjet mablag‘i – xalqning mablag‘i. Uni talon-toroj qilish ko‘pning haqqiga xiyonat qilish demak, — dedi Senat raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring