Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buz-buz»lar bo‘yicha 1688ta da’vo ishi to‘xtatildi. Nega? Oliy sud oydinlik kiritdi

«Buz-buz»lar bo‘yicha 1688ta da’vo ishi to‘xtatildi. Nega? Oliy sud oydinlik kiritdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati qishloq xo‘jaligida foydalanadigan yer maydonlariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy va boshqa inshootlarni buzish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan fikrlarga munosabat bildirdi.

Oliy mahkama matbuot xizmatiga ko‘ra, noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-imoratlarni buzish bog‘liq har bir ish sud tomonidan qonuniy ko‘rib chiqiladi. Ayni nizo bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari kuchda ekan, tarmoqlarda aytilayotgan fikrlarga munosabat bidirishga ko‘pam ehtiyoj yo‘q, aslida. Chunki, sud qarorlari muhokama qilinmaydi, balki belgilangan tartibda ijro etilishi shart. Agar qarordan norozi tomonlar bo‘lsa, marhamat — shikoyat berishiga hech qanday monelik yo‘q.

Biroq, tarmoqlarda bilib-bilmay aytilayotgan fikrlar sudlar faoliyatiga nisbatan jamoatchilikda noto‘g‘ri qarashlar paydo qilishi ehtimolidan kelib chiqib, Oliy sud mavjud holatlar bo‘yicha munosabat bildirishni lozim topadi.

Avvaliga yer maydoniga oid munosabatlarning huquqiy tartiblari haqida ikki og‘iz.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasidaga ko‘ra, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir. Yer kodeksining 16-moddasiga binoan, yer davlat mulki — umummilliy boylikdir, u davlat tomonidan muhofaza etiladi hamda oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qo‘yilmaydi (O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan hollar bundan mustasno).

Yer uchastkalarini berish Yer kodeksining 23-moddasiga asosan amalga oshiriladi. Unda yer uchastkalarini egalik qilish, foydalanish uchun, ijaraga va mulk qilib berish (realizatsiya qilish) yer ajratish tariqasida amalga oshiriladi. 

Yer uchastkalarini ajratib berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yer kodeksining 27-moddasi talabiga ko‘ra, yakka tartibda uyg‘joy qurish uchun yer uchastkalari kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilinadi.

Lekin, doim ham ushbu tartib-tamoyilga rioya qilinyapti, deb bo‘lmaydi. Buni, quyidagi statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Respublikamiz hududidagi jami yerlarning atigi 20,2 mln. gektari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘lib, uning 20,7 foizi sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi.

So‘nggi 15 yilda aholi jon boshiga sug‘oriladigan yerlar sezilarli kamaygan bo‘lib, bu ayrim shaxslar tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida, qonunlarga zid ravishda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligini ko‘rsatadi.

Endi, yana qonun talabiga murojaat qiladigan bo‘lsak, Yer kodesining 91-moddasiga asosan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi.

2019 yil 25 noyabridan 2020 yil 3 iyuniga qadar bo‘lgan davr mobaynida joylarda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallangan holatlari bo‘yicha sudlarga kiritilgan 13.510 ta da’vo talabi asosida 10.115 ta fuqarolik ishlari ko‘rib chiqildi. Shundan 8.111 ta da’vo talabini qanoatlantirish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish, buning natijasida jami 1130 gektardan ziyod ekin maydonlarini davlat egaligiga qaytarish haqida sud qarorlari chiqarilgan. Ko‘rilgan ishlar tahlilidan, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, qishloq xo‘jaligi ekin yer maydonida qurilgan devor, yordamchi binolar, molxona, tovuqxona, qurilishi endi boshlangan imoratlar buzilib, yer umummanfaatida davlat egaligiga, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekin uchun qaytarilganligini ko‘rish mumkin.

Shu o‘rinda alohida qad qilish kerakki, sudlarga kiritilgan da’volarning 486 tasi asossiz deb topilib, rad etilgan, 646 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan bo‘lsa, 872 ta da’vo talabi ko‘rmasdan kodirildi. Ayni raqamlar sudlar go‘yoki «buz-buz»lar bo‘yicha «pachkalab qaror chiqarayapti» mazmunida aytilayotgan gaplarni tamomila rad qiladi.

Oliy sud matbuot xizmati alohida qayd etadiki, qishloq joylarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni buzishga oid barcha sud majlislari karantin qoidalariga rioya qilingan holda, joyiga chiqib, sayyor shaklda o‘tkazilmoqda. Yerni noqonuniy egallagan fuqarolarga tushuntirilayotgani oqibatida, ko‘pchilik o‘zlarining nohaqliklarini tushunib, ixtiyoriy ravishda qurilmalarni buzib olib, yer maydonini qaytarayotgan holatlar ko‘plab uchraydi. Buni bugungi kunda ushbu ishlar bo‘yicha sud qarorlaridan norozilik haqida yuqori instansiya sudlariga shikoyat kelib tushmayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Odamlar yashab turgan uylar buzilayapti, ular qayerda yashaydi, mazmunidagi iddaolar ham noto‘g‘ri, biron-bir asossiz uy qurib yashab kelayotganlarning ham uyi buzilayotgani yo‘q (ayniqsa karantin davrida!). Chunki, ayni paytda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoniga qurilib, odamlar yashayotgan uy-imoratlarni buzishga oid 1688 ta da’vo talablarini ko‘rib chiqish Oliy sud rahbariyati tashabbusi bilan to‘xtatilgan.

Qonun ustuvorligini ta’minlash, insonlar huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish sudlarning doimiy diqqat e’tiborida, shu ma’noda Oliy sud rahbariyati tomonidan ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar bilan bog‘liq masalalar joyiga chiqib o‘rganilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring