Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaga sanksiya qo‘lladi
Buyuk Britaniya Rossiya hukumatining Ukrainadagi qurolli harakatlarini moliyalashtiruvchi bir guruh shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatdan 46 ta jismoniy va yuridik shaxs o‘rin olgan. Ular orasida Belarus, Xitoy, Serbiya, Turkiya va BAAdagi ayrim korxonalar ham bor.
Jumladan, O‘zbekistonning Mvizion kompaniyasi ham sanksiyalarga duchor bo‘lgan. Britaniya hukumatiga ko‘ra, kompaniya «Rossiyaga (harbiy texnika uchun) ehtiyot qismlarni yetkazib berishda vositachi bo‘lgan».
Ayni paytda uchinchi davlatlarning 30 dan ortiq kompaniyalari Ukraina bilan mojaroda Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Britaniya sanksiyalari ostida. Bu borada Mvizion O‘zbekistondan ro‘yxatdagi birinchi kompaniya bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida AQSh Savdo vazirligi Mvizion kompaniyasiga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qilgan edi. Kompaniya Rossiya armiyasi uchun dronlarni sotib olish va rivojlantirish sxemalarining ishtirokchisi sifatida maxsus eksport nazorati ro‘yxati (Entity List)ga kiritilgan.
Ochiq ma’lumotlar reyestriga ko‘ra, Mvizion kompaniyasi 2022-yilning iyun oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan va «elektron, telekommunikatsiya uskunalari va uning ehtiyot qismlari ulgurji savdosi» bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning yagona asoschisi va rahbari Igor Ivlev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter