Buyuk Britaniya bosh vaziri xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortildi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak avtomobilda harakatlanish payti xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortildi. Lankashir grafligi politsiyasi «42 yoshli londonlik fuqaro»ga jarima yozilganini tasdiqlar ekan, u rulda emas, balki yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirganini ma’lum qilgan.
Bosh vazir idorasi R.Sunak o‘z xatosiga to‘liq iqror ekani, uzr so‘ragani va jarimani albatta to‘lashini bildirgan. Qayd etilishicha, hukumat rahbari Lankashir grafligida hududlarni rivojlantirishga doir dasturlarga bag‘ishlangan videos’yomkada xavfsizlik kamarini yechgan holda harakatlangan.
Buyuk Britaniya qonunchiligiga muvofiq avtoulovda harakat payti xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun jarima miqdori 100 funt sterlingni tashkil etadi. Agar qoidabuzar politsiya qarori ustidan sudga shikoyat qilsa-yu, pirovardida aybdor deb topilsa, jarima miqdori 500 funtga qadar oshishi mumkin.
Bu R.Sunakning hukumat mulozimi sifatidagi ikkinchi jarimasidir. 2022-yil aprel oyida u sobiq bosh vazir Boris Jonson bilan birgalikda karantin taqiqlarini buzgani uchun jarimaga tortilgan. Moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan R.Sunak karantin choralari kuchaytirilgan vaqtda Boris Jonsonning tug‘ilgan kunida qatnashgan.
Muxolifatdagi liberal-demokratlar partiyasi fursatdan foydalanib, amaldagi bosh vazirni tanqid qilgan. Ularga ko‘ra, konservatorlar yetakchisi R.Sunak B.Jonson kabi qonun-qoidalarga hurmatsizlikda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rishi Sunak Boris Jonson iste’fosi ortidan, 2022 yil 25 oktyabrdan buyon qirollik bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 1980-yilda Sauthemptonda tug‘ilgan arbobning ota-onasi Buyuk Britaniyaga Sharqiy Afrikadan 1970-yillarda ko‘chib kelgan hindlar ekani aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter