Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodan 18 yoshida ketib, Rossiyada o‘z ishini boshlagan inson taqdiri. Ko‘cha, bozor va biznes

Buxorodan 18 yoshida ketib, Rossiyada o‘z ishini boshlagan inson taqdiri. Ko‘cha, bozor va biznes

Foto: «Google.com»

Sanjar Hamroboyev asli Buxorodan, 18 yoshiga qadar boshqa tengqurlaridan ko‘p ham farq qilmagan. O‘qigan, ishlagan va hayotda o‘z o‘rnini topishga harakat qilgan. Keyin esa o‘z biznesini boshlash uchun xorijga — Rossiyaga ketdi.

Asli 18 yosh yigit uchun o‘z yurtida biznes boshlash oson emas, begona mamlakatni-ku, tasavvur qilish ham qiyin. Sanjar Hamroboyev o‘z yo‘lini topguncha ancha mashaqqat chekdi. Avval bozorda ish boshlaydi, keyin esa restoran biznesiga qo‘l uradi. Hozir Tatariston poytaxti Qozon shahri markazida «Drevnyaya Buxara» deb atalmish choyxonasi bor. Bu maskan shaharda ancha mashhur — Qozonning «Rubin» klubi futbolchilari va murabbiylar shtabi mijozlar safida. Bu esa, tabiiyki, o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.

«Qozonga kelganimda avval ishni bozorda savdo qilishdan boshladim. Albatta savdoning ishi oson emas, bir kun unday, bir kun esa munday. Keyin o‘zim sevgan ishga qo‘l urdim, milliy taomlarimizni tayyorlay boshladik. Kichik joyni ijaraga oldim, qo‘l ostimda faqat birgina oshpaz ishlardi, u bilan birga taom tayyorlab, kichik darcha orqali sotardik.

Bora-bora ishim yurishib keta boshladi. Agar o‘zing sevgan ishga qo‘l ursang, unga bor mehringni bersang, albatta baraka bo‘ladi. 2012 yilda mana shu joyni ochdik, ko‘rib turganingizdek, ishlarimiz yomon emas», — deydi tadbirkor.

«Drevnyaya Buxara» choyxonasiga kirsangiz, Sharqning qadim ertaklariga tushib qolgandek bo‘lasiz. Tadbirkorning aytishicha, u barcha atributlarni O‘zbekistondan keltirgan. Shu bois ham bu maskan Qozonda alohida ardoqlanadi.

Ammo avvaliga hammasi bu qadar oson bo‘lmagan. Boz ustiga xorijda, begonalar orasida. Sanjar Hamroboyev ham ma’muriy to‘siqlar bilan birga ko‘chadagi turli odamlar bilan kelishmovchiliklarni yengib o‘tdi. Tadbirkorning aytishicha, hammasi yaxshilikcha hal bo‘lgan.

«Barchasi odamning o‘ziga bog‘liq. Agar uquvli bo‘lsang, odamlar bilan muomala qilishni bilsang, yopiq turgan eshiklar ham ochiladi. Xudoga shukr, hammasi yaxshilik bilan hal bo‘ldi», — deya eslaydi Sanjar aka.

Albatta xorijda biznes boshlash yaxshi, ammo shunga yarasha to‘lovi bor. Sanjar Hamroboyev 18 yoshida vatanidan, tug‘ilib o‘sgan yurtidan chiqib ketdi. «Buxoroda butun boshli hayot mensiz kechdi. Do‘stlarimning to‘yi bo‘ldi, qarindoshlarim hayotida o‘zgarishlar. Yigitlikning eng shirin yillarini xorijda o‘tkazdim. Agar tanlash imkoniyati bo‘lganda yana shu yo‘lni tanlarmidim? Bilmadim. Bir narsa deya olmayman.

Yoshlarga xorijga chiqib ketishni maslahat berarmidim? Men ish boshlagan vaqtlar boshqacha edi. Hozir davr o‘zgargan, O‘zbekistonda ham bemalol biznes qilish mumkin. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgach, ko‘p yo‘llar ochildi, bemalol o‘z ishingni boshlashing mumkin. To‘g‘risi, o‘zim ham hozir qaytish haqida o‘ylab turibman. Internetda O‘zbekiston haqidagi barcha yangiliklarni qoldirmay o‘qib boraman. Nasib qilsa, vatanga qaytib, o‘z tajribalarimni qo‘llab ko‘rishni juda istagan bo‘lardim.

Menga restoran va mehmonxona biznesi qiziq. Tatariston va O‘zbekiston bir-biriga juda yaqin. Men O‘zbekistondan ekanimdan faxrlanaman, Buxorodan ekanimni har doim aytaman.

Yaqinda Qozon shahrida konsulxonamiz ochildi. Konsulimiz menga maslahatlari va amaliy ko‘magi bilan ko‘p yordam qilmoqda. Yaqinda Qozonda «Vkusnaya Kazan» deb atalgan milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tdi. Biz o‘zbek milliy taomlarini tayyorladik. Bir gap aytaman, nafaqat biz, balki boshqalar ham tayyorladi. Harchand kulguli bo‘lsa ham, o‘zbek palovini har bir millat uchun ajratilgan joydan topsangiz bo‘lardi. Bu ham bo‘lsa Vatanimiz targ‘iboti uchun yaxshi, deb o‘ylayman.

Rossiyada to‘plagan tajribamni o‘z yurtimda ham amalga oshirsam, deyman. Men o‘zimni katta investorman, deb ayta olmayman, ammo imkon bo‘lsa, Buxoroga qaytib, ishlagan bo‘lardim. Imkon berilsa, turizm rivoji uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni amalga oshiraman», — deydi Sanjar Hamroboyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring