Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi mudhish YTHda bir kishi halok bo‘ldi

Buxorodagi mudhish YTHda bir kishi halok bo‘ldi

Buxorodagi xalqaro ahamiyatga ega yo‘lda harakatlanib borayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, boshqa bir haydovchining vafot etishiga sabab bo‘ldi. Unga sud hukmi o‘qildi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi raisi Qosim Xolov ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyatida tug‘ilgan 34 yoshli Y.T. o‘z boshqaruvida bo‘lgan yuk mashinasi va unga ulangan tirkamani  Buxoro tumani hududidan o‘tuvchi A-380 sonli yo‘ldan «Buxoro-Gazli» yo‘nalishida boshqarib borgan. U ushbu yo‘lning 234-kilometriga yetganida, amaldagi yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagan. Yo‘l harakati qoidalari talablarini buzib, boshqaruvni yo‘qotgan. O‘ziga qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan «Matiz» rusumli  avtomashina bilan to‘qnashib ketgan. Yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va uning oqibatida «Matiz» haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

«Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudida ko‘rib chiqildi. O‘rganuvlarga ko‘ra, Y.T. o‘z qonunbuzarligi bilan «Matiz» avtomashinasiga o‘ttiz bir million olti yuz olti ming uch  yuz ellik so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan. Bundan tashqari, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi»,-dedi sud raisi.

Bundan tashqari, Y.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)  qo‘llanilgan hamda 45-moddasiga (Muayyan huquqdan mahrum qilish) asosan,  1 yilu 6 oy muddatda barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring