Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda shayboniylar davriga oid qadimiy hovuz topildi

Buxoroda shayboniylar davriga oid qadimiy hovuz topildi

Buxoroning g‘arbidagi Registon maydoniga yaqin bo‘lgan hududda joylashgan Somoniylar madaniyat va istirohat bog‘iga kirish darvozasi yonida XVI asrga – shayboniylar davriga oid «Mavlono Asiriy» hovuzi topildi. Bu haqda «Xabar.uz»ning Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri xabar bermoqda.

Ko‘hna Buxoro o‘zining qadim osori-atiqalari bilan dunyo ahlini hayratga solib kelgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Buxoro hududida mingdan ortiq hovuzlar bo‘lib, birgina Buxoro shahri hududida bunday hovuzlar soni 114 tani tashkil etgan. Bu hovuzlar aholini suv bilan ta’minlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Shu bois ham Buxoroda suv ta’minoti tuzilmasining mukammal qurilishi hamda joylashgan o‘rni azaldan olim va tadqiqotchilarni qiziqtirib kelgan.

Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan yer ostida ko‘milib qolgan bunday hovuzlarni qayta tiklash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

«Qadim Buxoroning ostida ham, ustida ham buyuk meros bor. Bugun yer ostida qolib ketgan ana shunday tarixiy meros – Buxoroda mavjud bo‘lgan 114 ta hovuzlardan biri – «Mavlono Asiriy» hovuzi qoldiqlari topildi. Arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan ushbu hovuzning zinalari 5 metr chuqurlikda ekani aniqlandi. Hovuzlarning topilishida asosan, eski va yirik tut daraxtlari guvohlik beradi. Qayerda shunday tutlar bo‘lsa, bilingki, u yerda hovuz bo‘lgan.

Shuningdek, Mavlono Asiriy madrasasi oldidagi bu hovuzda o‘tgan asrlarda puxta ishlangan qadimiy kartalar asosida qazilma ishlarini boshladik. Hovuz qadimda g‘ishtlar bilan yopilgan tazarlar, ya’ni yer osti yo‘llari orqali kelgan suvlar bilan to‘ldirilgan. Ushbu hovuz xo‘jalik hovuzi sanalib, bir tomonidan zinapoyali bo‘lgan. Vertikal devorlari gulganj bilan bezatilgan. Zinalarning pishiq, mustahkam bo‘lishi uchun toshlar osti va orasiga tut yog‘ochi qo‘yilgan. Hovuz sathini begona o‘tlar qoplamasligi uchun ham zarur choralar ko‘rilgan. Shuningdek, tut daraxtlari ildizlarining hovuz devorlari mustahkamligini ushlab turishi inobatga olinib, uning atrofiga tut daraxtlari o‘tqazilgan. Negaki, hovuz atrofida o‘stirilgan tut hamda gujumlar yerosti sizot suvlarining yuqoriga ko‘tarilishiga g‘ov bo‘ladi va atrofidagi madrasayu masjidlarning poydevorlarini ham zaxlanishdan himoya qiladi», – deydi arxitektor Zoyirshoh Qilichev.

Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi boshlig‘i Jamoliddin Mirzaahmedovning so‘ziga ko‘ra, «Mavlono Asiriy» hovuzining suvlari xalqqa to‘lov asosida tarqatilgan.

«Buxoro sharoitida qadimdan suv juda mo‘l bo‘lgan. Zarafshon daryosi oqimlari minglab yillar davomida pastga quyilib kelgan. Suv shu qadar ko‘p bo‘lganki, Zarafshon suvlari Amudaryoga qo‘shilgan. Keyinchalik Samarqand tarafda aholi soni o‘sib, suvga ehtiyoj oshgach, yuzlab yillar mobaynida suv kamayishni boshlagan. Suv kamayishi bilan suvni tejash uchun shahar aholisi uchun hovuzlar qurilgan. Bu hovuzdan o‘rta asrlardan, bundan taxminan ming, bir yarim ming yil ilgari foydalana boshlangan. Aynan «Mavlono Asiriy» hovuzi suvlari aholiga bugungi singari shartnoma, ya’ni to‘lov orqali tarqatilgan», – dedi Jamoliddin Mirzaahmedov.

Ma’lum bo‘lishicha, Shayboniyxon I davrida Abdulloxon tomonidan katta shaharsozlik ishlari amalga oshirilgan.  Suvni asrab, to‘plab turadigan hovuzlar soni va sifati talab darajasida maromiga yetkazib barpo etilgan.

Arxitektor Zoyirshoh Qilichev «Mavlono Asiriy» hovuzi topilguniga qadar «Ismoil Somoniy», «Gavkushon», «Hafzi nav» kabi hovuzlarning ham topilganini bildirdi.

«1929 yilda aerotasvirlar asosida suratga tushirilgan oq-qora rangdagi kartalar bor. Uzog‘i bilan yarim metrlarcha farq qilmasa, hovuzlar aynan kartada belgilangan joylarda borligi aniqlanyapti. Jumladan, «Tabibon», «Aruson», «Muddao» nomi bilan ataladigan hovuzlar topilib,  ushbu hovuzlarni o‘z ko‘rinishiga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Sovet davridagi qazishmalaru qadim obidalarning ko‘milib ketilishi oqibatida yer ostida qolib ketgan  tarixiy meroslarning yaqin yillar ichida to‘liq qayta topilishiga ishonch bor», – deydi arxitektor.

Ma’lumot o‘rnida: Mavlono Asiriy XVI asrning 2-yarmi – 1640-yillarda yashab o‘tgan shoir bo‘lib, uning ijodi va hayotiy faoliyati, deyarli, tadqiq etilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring