Buxoroda «Sayyohlik politsiyasi» tashkil etildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzurida jami 43 ta shtat birligidan iborat Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi, deb xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati.
Mazkur boshqarmadagi lavozimlarning asosiy qismiga xorijiy tillarni biladigan xodimlar jalb etilgan.
Viloyat hududida ro‘yxatdan o‘tgan 123 ta mehmonxona va motellarning ro‘yxati tuzilib, shundan hozirda faoliyat yuritayotgan 114 tasiga yig‘ma jildlar shakllantirildi, mazkur mehmonxonalar to‘g‘risida va ularda ishlayotgan xodimlarning shaxsiga oid ma’lumotlar umumlashtirildi.
«Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida videokameralar sonini yana 450 taga oshirish belgilanib, 275 ta video kuzatuv moslamalari, shaxsning va avtotransport vositasining davlat raqam belgilarini yaqqol ko‘rsatuvchi 68 ta videokamera, 4 ta issiqlikni aniqlovchi moslama, 27 ta chorrahada yo‘l harakati qoidalari buzilishi holatini tasvirga oladigan 85 ta va tezlikni aniqlaydigan 6 ta videokamera o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Buxoro shahridagi turistik obektlar va ularning atrofida video kuzatuv kameralarini joylashtirish sxemalarini aks ettiruvchi xarita ishlab chiqildi, kelgusida ushbu obektlar video kuzatuv markazi orqali doimiy nazorat qilib boriladi.
Bundan tashqari, sayyohlar gavjum bo‘lgan joylarda nazoratni kuchaytirish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat IIB PPX batalioni binosida «Qalqon yagona» video kuzatuv markazi tashkil qilingan bo‘lib, ushbu markazdagi 64 ta kamera va 36 ta monitor orqali xodimlar sutkalik xizmat asosida Buxoro shahri hududini tunu-kun kuzatib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter