Buxoroda qariyb yarim milliard soxta pullar «ushlandi» (video)
Joriy yilning 3-fevral kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida IIO xodimlari paynet shoxobchalari orqali qalbaki pullar muomalaga kiritilayotgani holatini aniqlashdi.
Viloyat IIBga ko‘ra, idora noma’lum shaxsning 4 mln 300 ming so‘m miqdordagi qalbaki pulni paynet orqali bank plastik kartasiga tushirib olganligidan xabar topgan. O‘tkazilgan ekspertiza pullarning soxtaligini tasdiqlagan.
Shu tariqa holat yuzasidan tezkor jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, IIO xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Surishtiruv davomida ushbu holat bo‘yicha Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Havaslik mahallasi hamda Jizzax shahrining Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi ikki nafar shaxs ushlandi. Gumonlanuvchilardan 10 dona paynet cheki, 39 dona bank kvitansiyasi va 1 dona bank plastik kartasi hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, ushbu shaxslarning ko‘rsatmasi asosida 4 ta paynet shoxobchasidan 4,5 million so‘m miqdordagi qalbaki pullar olindi.
Qolaversa, ayblanuvchilardan birining Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli binoga yashirib qo‘ygan 18 million so‘m miqdordagi qalbaki pullari hujjatlashtirib olindi. Surishtiruv jarayonida gumonlanuvchilardan biri qalbaki pullarni Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘jaismoil mahallasida istiqomat qiluvchi shaxsdan sotib olganligini bildirgan. U qalbaki 28 million so‘mni 18 million so‘mga sotib olgan.
IIO xodimlari Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘jaismoil mahallasida yashovchi shaxsni qo‘lga olishganida u 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni 60 ming so‘mdan Buxoro viloyati Buxoro shahri Piridastgir mahallasida yashovchi shaxsdan sotib olganligini bildirdi.
Surishtiruv ishlari davom ettirilib, Jizzax viloyati IIB JQBning korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari buxorolik hamkasblari bilan birgalikda tezkor tadbir olib borishdi. Tadbirda Buxoro shahrining Furqat mahallasi hududida 100 million so‘m qalbaki pulni 30 million so‘mga almashtirgan shaxs qo‘lga olindi. Ko‘p o‘tmay soxta pullarni tayyorlashda ishtirok etgan Buxoro shahri Furqat hamda Murtazoyev mahallalarida yashovchi 3 nafar shaxs ushlandi. Ularning turar joyidan 336 million 400 ming so‘m soxta pul, 4 ta kompyuter jamlanmasi, 5 dona printer, 3 dona qog‘oz kesish moslamasi va 35 dona rangsiz laklar hujjatlashtirib olindi.
Umumiy hisobda gumonlanuvchilardan 462 million 400 ming so‘m qalbaki pullar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olinib, tarkibida 6 kishi bo‘lgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi va ularning barchasi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter