Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda maktab ta’miridan «urib» qolgan tadbirkor sudlandi

Buxoroda maktab ta’miridan «urib» qolgan tadbirkor sudlandi

Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi bir nechta maktablarni mukammal ta’mirlash ishlarida bajarilmagan ishlar uchun yirik miqdorda pullarni qo‘shib yozgan «EQS» MChJ rahbari E.R.ning talon-torojliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi va unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi raisi Ulug‘bek Bozorov xabar berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, buyurtmachi Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi 2016-yildan buyon Shofirkon tumanidagi «EQS» MChJ rahbari lavozimida ishlab kelayotgan 30 yoshli E.R. bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, pudratchi tumandagi «Talisafed» MFY hududida joylashgan 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini zamon talabiga mos ravishda mukammal ta’mirlash majburiyatini zimmasiga olgan. Shunga muvofiq, injiniring kompaniyasi tomonidan maktabni mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2 mlrd 946,4 mln so‘m miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgan.

Oradan vaqt o‘tib, pudratchi ishning to‘liq yakunlaganini ma’lum qilgan. Injiniring kompaniyasi mas’ullarini qurilish ob’yektini qabul qilib olish jarayonida maktabning loyihadagi singari mukammal emasligi shubhaga solgan.

Shundan so‘ng nazorat idoralaridan iborat ishchi-guruh tuzilib, qurilish ob’yektini nazorat o‘lchovidan o‘tkazishga kirishilgan. O‘rganuv jarayonida hisob-faktura ma’lumotnomalarida ko‘rsatilgan ishlarning bajarilmagani va yosh mansabdorning 25,8 mln so‘mlik qurilish ta’mirlash ishlarini «bajarilgan»lar sirasiga qo‘shib yozgani aniqlangan. Va ushbu budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan holda jamiyat hisobraqamiga tushirtirgani oshkor bo‘lgan.

«Afsuski, yosh rahbar mas’uliyatni unutib, o‘z mansab mavqeini suiiste’mol qilgan. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida sudlanuvchi ayblari dalillar bilan to‘liq isbotlandi. U o‘z aybiga iqrorlik bildirdi», – deydi Ulug‘bek Bozorov.

Sudga doir hujjatlariga ko‘ra, sudga qadar qurilish ob’yekti holati yuzasidan nazorat o‘lchovi o‘tkazishga kirishilgan. O‘quv binolari bo‘yicha bajarilgan ish hajmlaridan 16,8 mln so‘m mablag‘ haqiqiy xarajatlarga nisbatan kam hisoblab olingani, bino pollariga keramik plitkalar va uning tomini shefir bilan qoplash ish hajmlariga qo‘shib yozilishi hisobiga 18,9 mln so‘mlik mablag‘ qo‘shib yozilgani aniqlangan. Undan tashqari, maktab binosidagi chiqindilar quduqlarini qurishda gidroizolyasiya ishlari bajarilmagan bo‘lsa-da, 5 mln so‘mlik mablag‘, qozonxonalarining qurish ishlarida 10 dona manometrni o‘rnatmasdan, uning o‘rniga 20 dona termometrni o‘rnatilishi oqibatida 1,6 mln so‘m mablag‘lar qo‘shib yozilgan.

«Mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 ta holatda bajarilmagan ishlarga qo‘shib yozish natijasida jami 32,2 mln so‘mlik qurilish ishlarida talon-tarojliklarni yuzaga keltirgani aniqlandi», – deydi Ulug‘bek Bozorov.

Sudlanuvchi o‘z hatti-harakatlariga to‘liq iqror bo‘lib, o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan. Va u o‘z tomonidan yetkazilgan 25,8 mln so‘m moddiy zararni to‘liq qoplab bergan.

Sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga ko‘ra, sudlanuvchidan BHMning 80 baravari miqdorida, ya’ni 17 mln 840 ming so‘m jarima undiriladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring