Buxoroda maktab o‘quvchilarini urgan shaxs sud hukmi bilan jarimaga tortildi

U o‘z farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalab kelgan va sinfdoshlari tomonidan do‘pposlangan bolasining salomatligidan xavotirga tushgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quv yili davrida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz holat muhokamaga aylandi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Oripovaning «Xabar.uz»ga bildirishicha, holat joriy yilning 30 aprel kunida sodir bo‘lgan.
Voqeaga ko‘ra, Buxoro shahridagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinfida tahsil olayotgan voyaga yetmagan o‘g‘il bolalar B.R., Sh.R. va S.S.lar fuqaroning o‘g‘li bilan o‘zaro janjallashgan. Bolalar o‘rtasidagi janjal mushtlashuvga aylangan va ular o‘zaro haqoratlashishgan. Do‘pposlangan bolaning yaqin sinfdosh o‘rtog‘i uning otasiga xabar bergan. Jahl otiga mingan ota zudlik bilan maktabga yetib kelgan va maktab qorovulidan so‘rab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘lining sinfxonasiga kirib borgan.
Videodagi tasvirga ko‘ra, ayni dars boshlangan vaqtda sinfga kirib kelgan ota hech bir qarshiliksiz o‘z o‘rnida o‘tirgan va janjalga sabab bo‘lgan bolalarni sinfdoshlari oldiga chiqarib, ularni qo‘rqitib baqirgan va ayamay kaltaklagan. Maktab qorovulining hech moneliksiz begona odamni ichkariga kiritib yuboragani bir tomon bo‘lsa, ikkinchi tomonda tasvirda vaziyatni qo‘lga olish o‘rnida holatga hech bir qarshiliksiz befarq qarab turgan o‘qituvchini hamda sinfxona eshigi oldida «tomoshabin» mas’ullarni ko‘rish mumkin. Harchand urinishimizga qaramay, Buxoro shahridagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Murodilla Hamroyev bilan telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
«Xabar.uz» surishtiruviga ko‘ra, «zo‘ravon» asli Jondor tumanida tug‘ilgan, qaramog‘ida bir nafar farzandi bilan yashab, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 34 yoshli B.Sh. bo‘lgan. Uning xatti-harakatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
«Menga o‘g‘limning telefonidan sinfdoshlari qo‘ng‘iroq qilishib, boshqa bir nechta sinfdoshlari tomonidan kaltaklangani, uning behush yotgani, shu sababdan tezroq shifoxonaga olib borish kerakligini aytishganidan so‘ng o‘zimni qo‘lga ololmay, maktabga bordim. Aybimni tan olaman va qilmishimdan pushaymonman. Farzandim yolg‘iz o‘zimning qaramog‘imda. Uning salomatligidan xavotirga tushganim uchun o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim va kechirim so‘rayman»,-degan u sudda.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filialining 6 maydagi xulosasiga ko‘ra, B.Sh. tomonidan shapaloqlab urilgan bolalarda biror bir jarohat yoki ob’yektiv belgilar aniqlanmagan. B.Sh.ning aybiga iqror bo‘lgani, kechirim so‘ragani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 29-moddasi 2-qismida «Ma’muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas» deb qayd qilingani inobatga olingan. Yolg‘iz o‘zi farzandini tarbiyalab kelayotgani sababli huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi sanksiyasi doirasida jarima jazosi tayinlangan. Shu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.
Iroda Oripovaning so‘ziga ko‘ra, maktab qorovuliga ham Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘z «aybi»ga yarasha chora ko‘rilgan.
«Fuqaroning sinfga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelgan holda o‘quvchilarga bosim o‘tkazib, bir nechta bolalarning kaltaklanishiga beparvo qarab turgan o‘qituvchiga nisbatan ham chora ko‘rilishi belgilanmoqda»,- deydi Iroda Oripova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter