Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda noqonuniy ravishda bitta ham daraxt kesilmaydi - ekologiya boshlig‘i

Buxoroda noqonuniy ravishda bitta ham daraxt kesilmaydi - ekologiya boshlig‘i

Foto: Xabar.uz

«Yaqinda Buxoro shahrida katta bir daraxt ayovsiz kesib tashlangan. Aholining tashvishli murojaati kelib tushgach, inspektorlarimiz voqea joyiga borishdi. Qonunbuzilish sodir etgan shaxs inspektorlar bilan dahanaki mojaroga kirishgan. Tiklayotgan qurilishiga daraxt xalaqit berishini, u daraxtni o‘zi o‘tqazib, o‘zi parvarishlab, katta qilganini, endi uni o‘zi kesib tashlashga haqi borligini bildirgan. Agar har bir daraxt ekib, uni bo‘ylantirgan shaxs shunday talqin qiladigan  bo‘lsa, bunday shaxslarda vijdon qolmabdi. Tasavvur qiling, farzandni tuqqanman, deb, farzandni o‘ldiramizmi ertaga?! Daraxtni ekibsiz, rahmat, lekin u endi xalq mulkiga aylanadi. Daraxt – bu tirik jon, uni kesish – bu odam o‘ldirish bilan, ko‘chatni o‘tqazib, sug‘ormaslik – farzandni dunyoga keltirib, emizmaslik bilan barobar. O‘sha shaxsga nisbatan 68 million so‘m jarima qo‘o‘lanildi. 1 ta kesgan, 6 tasini noqonuniy, yetmaganiga tajribasizlarcha ko‘chirgan. Bundaylarga nisbatan qonun bo‘yicha qancha qiymatli jarima bo‘lsa, uning eng yuqorisini qo‘llash kerak. Chunki shunday qilmasak, ertaga bu bilan kurashib bo‘lmaydi...»- dedi Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Jamol Nosirov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Jamol Nosirovning so‘ziga ko‘ra, Buxoroda o‘simlik dunyosini muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar soni 276 tani, belgilangan jarima miqdori 1,1 milliard so‘mni, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar esa 874 million so‘mni tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, viloyat hududidagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan jami 41 164 tup ko‘p yillik daraxtlar xatlov qilingan. Kelib tushgan 228 ta arizalarda jami 81 982 ta, shundan, 18 029 ta qimmatbaho navli davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesishga ruxsat so‘ralgan. Ushbu arizalar yuzasidan joyida o‘rganish ishlari o‘tkazilganda, 140 ta holatda 59 591 tup daraxtlarni kesish rad etilgan.

Bildirilishicha, 2024 yilda 3066 ta davlat ekologik nazorat tadbirlari amalga oshirilgan va tekshirishlarning 41 tasida 8 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 2 489,880 million so‘m jarima qo‘llanilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar va 844,302 million so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblanib, sud hamda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

«To‘g‘ri, qurigan daraxtni kesishga ruxsat beramiz, ammo undan oldin daraxt laboratoriya qilinadi. Nima sababdan qurigani o‘rganiladi va nima uchun? Daraxt nima sabadan quriydi? Agar u kasallansa, nega kasallangan, vaqtida zararkunandaning oldini olmagan odam bormi, jazosini olishi kerak. Sug‘orilmagan – agrotexnik xizmat ko‘rsatilmagan, egasi bormi, bor. shini o‘tab bo‘lgan va yana qandaydir sabab bilan ruxsat beriladi. Qurigan bo‘lsa, aybdor topiladi, jazolanadi, keyin ruxsat beriladi. 2025 yilning I-choragida 889 nafar shaxslar tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzaga keltirildi. Ularga nisbatan 1 178,0  so‘m ma’muriy jarima va 501,384 million so‘m tabiatga yetkazilgan zararlar hisoblandi. Ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan qasddan va atayin ximikatlar sepib, tuppa-tuzuk, yam-yashil turgan daraxtlar quritilyapti. Go‘yoki bundaylar sug‘orayotgan kishi bo‘lib, har kuni bir chelak, bir chelak o‘sishga qarshi vosita tashlab, quritib yuborishayotgan holatlar ham yo‘q emas. Qurigan daraxt oldin laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, holatiga qarab, keyin kesishga ruxsat beriladi. O‘ylab ko‘ring, daraxt qachon va nima sababdan quriydi: kasallangan vaqtida zararkunandalar oldini olinmagan bo‘lsa, agrotexnik xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa. Demak, daraxt kesib tashlanishidan avval qurigan bo‘lsa, aybdor topiladi, qonun doirasida jazolanadi va keyin kesishga ruxsat beriladi. Daraxtlarni qasddan quritish holatlari ko‘p kuzatiladi. Bizga esa bularni aniqlashda, siz, jurnalistlarning ko‘magingiz kerak. Biz uchun sizlarsiz ishlash qiyin!»-dedi boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida.

Ma’lum bo‘lishicha, iqlimi quruq va sho‘rlik darajasi yuqori Buxoro ob-havosining o‘zgarishida daraxtlarni yashirin va qasddan kesib tashlashlardan tashqari, yirik sanoat ob’yektlarining ham «ulushi» oshmoqda. Viloyatda atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi yirik sanoat ob’yektlar 376 tani tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, transport vositalari hamda sanoat ishlab chiqarish korxonalaridan 81,310 ming tonna, shundan 52,205 ming tonnasi transport vositalari va 29,105 ming tonnasi sanoat korxonalari tomonidan zararli tashlamalar tashlangan. Atmosfera havosining ifloslanishi oldini olish bo‘yicha 16 ta yirik sanoat korxonasida 36 dona chang-gazlarni ushlab qoluvchi filtrlar o‘rnatilishi va modernizatsiya qilinishi natijasida 365,5 tonna tashlamalar tashlanishining oldi olingan. Sohaga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 3066 nafar shaxslar aniqlangan bo‘lib, qonunbuzarlarga nisbatan 3 milliard 576,2 million so‘m ma’muriy jarima va 1 milliard 327,354  million so‘m tabiatga yetkazilgan zararlar hisoblangan. Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar soni 1337 tani, belgilangan jarima miqdori 326 million so‘mni tashkil etgan.

«Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tabiatni zararlash oqibatlari kelajak uchun ziyon ekanini tushunib yetmayotgan shaxslar – jamiyatning og‘riqli nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Suv ob’yektlarini muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar soni 135 tani, Yer va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar soni 35 tani, Hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar soni 43 tani tashkil etadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ming afsuski, bizning ham imkoniyatimiz cheklangan. Qaysi ma’noda: bitta tuman misolida aytadigan bo‘lsak, 4 nafar inspektor qaysi bir manzilni borib ko‘rishga ulguradi. Juda katta hududlarimiz bor. Bu hududlar cho‘l va ovullar bilan tutashib ketgan. Ammo, biz har qanday vaziyatdayam har bir holatga tezkor «reaksiya» ko‘rsatishga harakat qilamiz. Har bir «signal»ga o‘z vaqtida javob berib, noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yamiz. Bundan keyin Buxoroda hech qanday noqonuniy holat yoki noqonuniy daraxt kesishlar yuzaga kelmaydi»,-dedi Jamol Nosirov.

 Ma’lumot o‘rnida: Buxoroda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahor va kuz mavsumida 17 million 868 ming 910 tup daraxt ekilgan. Buxoro tumani hududida 43 gektar maydonda «Yangi o‘zbekiston» bog‘i tashkil etilgan. Jondor tumanidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining adirlikdan iborat
muhofaza zonasida 21 gektar maydonda yashil bog‘ barpo qilingan. 10 million 401 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. 130 ta yirik sanoat korxonasi atrofida 547,920 ming dona daraxt ko‘chatlari ekilib, «Yashil belbog‘»lar barpo etilgan.

 



Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring