Buxoroda ayolini qasddan o‘ldirgan erkakka hukm chiqarildi
Buxoro viloyati, Shofirkon tumani fuqarosi O.B. turmush o‘rtog‘i D.O.ning yuz va bosh qismiga yostiq bilan bosib, qasddan bo‘g‘ib o‘ldirdi. U o‘n yil muddatga qamoq jazosini oldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani raisi Ulug‘bek Bozorov ma’lum qildi.
19 yoshli B.B. kun issig‘i bo‘lsa-da, ustiga ko‘rpa olib yotgan onasining xonasiga hovliqib kirdi. Hammayoq to‘zg‘ib yotganiga ko‘zi tushdi.
«Ona, ona, onajoooooon…-ko‘zlari yirtilgudek bo‘g‘zi og‘ziga tiqilgan ko‘yi B.B. va amakisiga,- onam, onam o‘lib yotibdi»,-dedi o‘kirib.
Bir zumda voqea sodir bo‘lgan joyda ichki ishlar organlari xodimlari, mahalla mas’ullari yetib kelishgan. Fuqaro D.O.ning vaot etgani aniqlangan.
«Otam uzoq yildan buyon Rossiya Federatsiyasida ishlab kelardi. O‘rtalarida nizolar chiqib turgan. Lekin o‘limga olib boradigan sabab kuzatmaganmiz. Onam qandli diabet kasalligiga davolanish maqsadida Vobkent tuman Tibbiyot birlashmasiga davolanib chiqdi. Dori-darmonlar va boshqa xarajatlariga ishlatish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan dollarni so‘mga almashtirish maqsadida tanishining mashinasiga o‘tirgan. Otamga buni noto‘g‘ri yetkazishgan. Otam rashk tufayli onamning joniga qasd qilgan»,-marhum onasining nega otasi tomonidan o‘ldirilganiga izoh berdi sudda B.B.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro O.B. 2004-yilda D.O.ga uylangan va o‘rtada 19 yoshli o‘g‘il hamda 17 yoshli qiz farzandlari bor. O.B. o‘n yildan ortiq vaqt davomida Rossiya Federatsiyasining Noviy Urengoy shahriga ishlash uchun ketgan va u yerdan 2023-yilda qaytib kelgan. Oxirgi marotaba 2022-yilda bir marotaba kelib, oilasidan xabar olib, yana qaytgan va eru-xotin o‘rtasida rashk keltirib chiqaruvchi hech qanday muammo kelib chiqmagan bo‘lgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2023 yilning yoz fasli kunlarida D.O. qandli diabet xastaligi bilan kasalxonaga davolanish uchun yotib chiqqan. U pul zarurati bilan o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan I. ismli erkakka tegishli bo‘lgan avtomashinaga AQSh dollarini so‘mga almashtirish maqsadida o‘tirgan. Ular avtomashinada suhbatlashib turishgan. Va yana tarqalishgan. Ushbu holatni B.O.ning singlisi T.O. kuzatib turgan va Rossiyada ishlab yurgan akasiga qo‘ng‘iroq qilib, yangasining ortidan turli mish-mishlar tarqalayotganini, bugun o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini bildirgan.
Shundan so‘ng oradan bir necha kun o‘tib, B.O. Buxoroga qaytgan. Xotiniga ishonchi yo‘qolganini aytib, uni o‘ziga xiyonat qilganlikda ayblagan. Xotinidan ajrashish uchun ariza berishini bildirgan. Er-xotin o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bu paytda farzandlari hovlida bo‘lmagan. Rashk tufayli kelib chiqqan janjalda jahllangan er xotinidan o‘ch olish payiga tushgan. Yotoqxonaga kirib ketgan xotinining ko‘krak qismidan itarib yuborgan va bir yostiqni olib, uning bosh-yuz qismiga bosib turib, bo‘g‘ib o‘ldirgan. Xotinini hushdan ketdi, deb o‘ylab xonadan chiqib ketgan. Va to‘g‘ri tug‘ishgan akasining uyiga borib, unga voqeani gapirib bergan. Ukasining hatti-harakatidan xavotirlangan aka jiyaniga qo‘ng‘iroq qilib, yangasining ahvolini so‘ragan.
«Rashk tufayli jahllanganim, o‘zimni yo‘qotganim rost. Ammo, o‘ldirish niyatim yo‘q edi. Men uydan chiqib ketayotganimda, uni hushdan ketgan, deb o‘ylagandim»,-deya iddao qilgan O.B. sud-tergov davomida.
Marhumaning yaqinlari esa: «Agar kuyov qizimizni hushdan ketdi, deb o‘ylagan bo‘lsa, nega unda kun jaziramasida ustiga ko‘rpa yopib qo‘ygan. Nega o‘g‘li onasining o‘lib yotganiga guvoh bo‘lganida, boshining ustida yostiq bo‘lmagan? Uning o‘lganiga ishonch hosil qilgach, aybni o‘zidan soqit qilish maqsadida o‘limi sababini qandli diabeti yoki issiqda nafas olishi og‘irlashganga chiqarish uchun qasddan shu soxta tasvirni sahnalashtirgan. Vaholanki, qo‘l izi qolmasligi uchun u qizimizni yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan va yostiqni qizimizning boshini tagiga qo‘yib ketgan»,-deyishgan sud davomida.
O.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter