Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro shahar prokurori: «Menga hech qanday tazyiq yoki bosim bo‘layotgani yo‘q...»

Buxoro shahar prokurori: «Menga hech qanday tazyiq yoki bosim bo‘layotgani yo‘q...»

Skrinshot

Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilib, Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev hamda Bosh prokuraturaning ayrim amaldorlariga nisbatan bir nechta ayblovlarni ilgari surgani haqidagi chiqishlari ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan chog‘da qonundan yashirinib yurgani haqidagi xabarlarni rad etib, bu «say’-harakat»lar o‘ziga nisbatan uydirma va shunchaki uyushtirilayotgani, qonundan yashirinmaganini bildirgan edi.

«To‘g‘ri, men o‘zimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganlarning chaqiruvidan bosh tortayotganimni tan olaman va xizmat tekshiruvlari odilona, xolisona o‘tkazilishini so‘raganman, xolos!»-degan edi u.

Joriy yilning 2-dekabr kuni xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi sababi bilan vaqtincha xizmat vazifasidan bo‘shatilgan Jasur Fozilov Respublika idoralararo komissiyasi o‘rganuvlari natijasiga ko‘ra, 20-dekabr yakshanba kunidan boshlab emas, balki 21- dekabrdan yana faoliyatini davom ettirishga kirishgani haqida to‘xtalgan edi.

24-dekabr kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda «ma’lumot hali rasman tasdiqlanmagan» deya Buxoro shahar prokurorining ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgani haqidagi xabar ko‘pchilikni «bu kutilgan holat» degan xulosaga keltirdi.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida telefon orqali Buxoro shahar prokurori o‘rinbosari bilan bog‘landik. O‘rinbosar Jasur Fozilov ayni paytda fuqarolar qabuli bilan shug‘ullanib, uning o‘z ish joyida ekanligini ma’lum qildi.

- 24-dekabr kuni men o‘z ish stolimda o‘tirib, odatdagidek faoliyatimni davom ettirayotgan paytimda «Buxara news» orqali o‘z ixtiyorim bilan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza «yozgan»im haqidagi xabarni o‘qidim. «Buxara news»ning bu bilan birmas, bir necha marta asoslanmagan va tasdiqlanmagan xabarlarga tayanayotgani meni hayratlantirmoqda, xolos. Menga va ish faoliyatimga nisbatan nisbatan hech qanday tazyiq yoki bosim ham bo‘lmayapti. Men o‘z ish joyimdaman, faoliyatimni davom ettirayapman. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga bunday xabarlar mutlaqo noto‘g‘ri ekanligini bildiraman,-dedi Buxoro shahar prokurori ko‘p o‘tmay, biz bilan telefon orqali suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, Fozilov ishdan ketgani haqidagi xabarni Bosh prokuratura ham rad etgandi. 

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring