Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi koreyaliklar bilan hamkorlikda modernizatsiya qilinadi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi koreyaliklar bilan hamkorlikda modernizatsiya qilinadi

2020 yil 6 iyul kuni «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va Janubiy Koreyaning «SK Engineering & Construction» kompaniyasi prezidenti Djeyson Ann Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish bo‘yicha shartnoma imzoladilar.

Ushbu shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29 aprel kunidagi PQ–4301-sonli «O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan imzolandi.

O‘tgan 2019 yil 19 aprelda Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida «O‘zbeknenftgaz» AJ va «SK Engineering & Construction» kompaniyasi o‘rtasida Buxoro NQIZni modernizatsiya qilish va qayta qurish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan.

Xabar berilganidek, «Buxoro NQIZ modernizatsiya qilish va qayta qurish» loyihasi mavjud quvvatlarni qayta ishlash chuqurligini 79% dan 95% gacha oshirish, yorug‘ neft mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 77% dan 91% gacha oshirish va Yevro 5 standartining talablariga javob beradigan neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Ushbu loyiha doirasida umumiy naftani gidrotozalash, yengil naftani izomerizatsiya qilish, vodorod tozaligini oshirish uchun qisqa siklli adsorbsiya qurilmalari va mazutni katalitik krekinglash kompleksini yangidan qurish hamda nordon gazlarni aminli tozalash, gazoylni gidrotozalash va neft va gaz kondensati aralashmalarini atmosfera distillash qurilmalarini qayta qurish rejalashtirilgan.

«SK Engineering & Construction» neft-kimyo va energetika sanoatida loyihalash va qurish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir.

Ma’lumot uchun: «SK Engineering & Construction» SK E & C 400 dan ortiq neft va gaz, neft-kimyo, energetika sohasida loyihalarida ishtirok etgan, bundan 360 tasi yangidan qurilgan zavodlar va 59 tasi modernizatsiya loyihalaridir. Saudiya Arabistonning «Aramko» kompaniyasi uchun yillik 17 mln. tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan zavod va Kanadaning «Suncor» kompaniyasi uchun yiliga 9 mln.tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring