Bunyodkor ko‘chasidagi ko‘prik yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi (foto)
Toshkent shahrining avtomobil eng ko‘p harakatlanuvchi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning rasmiy telegram kanali.
Bu yerda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan qisqa fursatda zamonaviy, har tomonlama jahon andozalariga to‘la javob beruvchi yirik yo‘l o‘tkazgich qad rostladi.
Zamonaviy yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metr. Ulkan inshoot 21 ta ustun oralig‘ida barpo etildi.
E’tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar ham yaratildi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo‘lgan ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi qurildi, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o‘rnatildi. Yangi bunyod etilgan yo‘l o‘tkazgichning yoritish tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga xuddudda obodonlashtirish ishlari ham olib borildi. Atrof ko‘kalamzorlashtirildi, manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Yo‘l o‘tkazgichning bosh rejasi «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgich 6 ta yo‘lakdan iborat.
Zamonaviy qiyofa kasb etishi kutilayotgan yo‘l o‘tkazgichni yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter