Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buning oxiri voy bo‘ladi!..» – Baxtiyor Abdug‘afur

«Buning oxiri voy bo‘ladi!..» – Baxtiyor Abdug‘afur

Biolog olim va yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afur bilan suhbatda otdan tushsa-da, egardan tushgisi kelmayotgan siyosatdonlardan tortib ilm-fanning «qizil chiziqlar»iga qadar – turli masalalar muhokama qilingan. Suhbat «Tafakkur» jurnalining 2024 yil 1-sonida «Qo‘lda cho‘g‘ ushlab» sarlavhasi bilan chop etilgan.

O‘zbek millati unib-o‘sishiga g‘ov bo‘lgan uch omil

– Baxtiyor aka, dolg‘ali, dog‘uli bir davrda yashayotirmiz. Mamlakat suverenitetini asrab-avaylash, milliy manfaatlarni himoya qilish qo‘lda cho‘g‘ ushlashdek mashaqqatli vazifaga aylangan. Kurrai arz bo‘ylab geosiyosiy o‘yinlarning shiddatli to‘lqini yoyilmoqda, mustamlakachilik harakati yangi shaklu shamoyilda qayta bosh ko‘tarmoqda. Bunday qaltis pallada O‘zbekiston kabi yosh mustaqil davlatlarda milliy birlik hayot-mamot ahamiyatiga molik bo‘lmog‘i tabiiydir.

Siz «Madaminbek. Qonli gullar vodiysi» romaningizda hurriyat yalovini baland ko‘targan bobolarimizning sharafli mujodalasidan naql qilgansiz. Romanda Madaminbek qo‘rboshi lafzida yangragan bunday ogohlantirish bor: «Boshimiz bir bo‘lmaydi, so‘zimiz so‘zimizga ulanmaydi. Biz bu yerda haq talashamiz, ixtilof olovini alangalatamiz, dushmanlarimiz esa bu gulxanda isinib rohat tuyadi. Og‘ir bo‘lsa ham bir bashorat aytay, ixtilofda ekanmiz, bu to‘kilgan qonlar zoye ketar! Shahidlar qonining uvoli boshimizni tutar!..» Istiqlolchi bobomizning bu xitobi bizni har lahza sergak bo‘lmoqqa undaydi. Zotan, bugun ham shimoldagi o‘lkaning otdan tushsa-da, egardan tushgisi kelmayotgan siyosatdonlari tap tortmay suverenitetimizga qarshi bayonotlar bermoqda. Tushlarida zafar paradini ko‘rayotgan noibu arboblarning o‘pkasini bosib qo‘ymoqqa davlatimiz qodir ekaniga shubha yo‘q, ammo kaminaning xavotiri jamiyatimizning «beshinchi kolonna» deb atalgan qatlamidan... Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, «Bizni falon davlat bosib olsa yaxshi bo‘lardi» deya omilarcha fikr yuritayotgan toifa hamon mavjudligini ko‘rasiz. Sho‘ro tuz-namagini totgan avlod «gugurt bir tiyin» bo‘lgan zamonlarni qo‘msayotgandir-da desangiz, ming taassufki, ular safida mustaqillik davri nonini yeb voyaga yetgan navqiron avlod vakillari ham talaygina. Demak, mafkura jabhasida ishlarimiz «besh» demoqqa hali ko‘p qovun pishig‘i bor.

Bundan bir asr avval «Tilda, fikrda, ishda birlik» shiorini ilgari surgan jadid ma’rifatparvarlari parokandalikka yuz tutgan millatni g‘oya, mafkura tegrasida jips etmoqqa sa’y-ko‘shish qilgan edi. Keyingi chorak asrda «xalqni xalq, millatni millat» etadigan mafkurani shakllantirmoqqa ko‘p va xo‘b urinishlar bo‘ldi. Ammo «to‘qson ikki bovli» o‘zbekni yagona mushtga aylantirguvchi g‘oya hali-hamon orzuligicha qolayotir. Sizningcha, jamiyatdagi qutblashuvga barham beradigan, davlat va millatni yalakat mag‘izdek birlashtiradigan mafkura qanday bo‘lishi kerak?

– Gapni yaqin tariximizdan boshlay. 1905 yili yozilgan Turkiston mustamlakaci to‘g‘risidagi hisobotda bunday xulosa qayd etilgan: «Biz Turkistonni mustamlaka qildik, lekin imperator hazratlari va imperiyaga sodiq bo‘lgan biror musulmonni tarbiyalay olmadik. Shuning uchun o‘lkada rus-tuzem maktablarini ko‘paytirishimiz, ya’ni Turkistonning yosh avlodini o‘zimiz tarbiyalamog‘imiz kerak!» Mustabid tuzum mintaqada hukmfarmoligi barqaror bo‘lmog‘i uchun bu tavsiyaga qat’iy amal qiladi.

Keyinchalik bolsheviklar davrida amalga oshirilgan milliy chegaralash siyosatining asosiy maqsadi ham, nazarimda, o‘zbek millatining oyoq-qo‘llarini kesish edi. Chunki aynan o‘zbeklar Markaziy Osiyoda e’tiqod va qadriyatlar, madaniyat va ma’rifat bobida kuchli etnos, binobarin, uning boshqa millatlarga ma’naviy ta’siri katta edi. Bolshevik ishboshilari ham agar vaziyat tabiiy o‘zanda kechsa, 1935 – 40 yillarda o‘zbeklar mintaqadagi eng yirik va qudratli etnosga aylanadi degan xulosaga kelgan. Buning oldini olmoq uchun milliy chegaralash siyosati o‘ylab topiladi va o‘zbeklar yangi tashkil qilingan respublikalarga sochib yuboriladi.

Alifboning ketma-ket o‘zgartirilishi ham millat taqdirida mash’um iz qoldirdi. Bundan ko‘zlangan asosiy g‘araz xalqni ko‘p asrlik e’tiqod va ma’naviyatidan uzib qo‘yish edi. Shunday bo‘ldi ham. Yangi alifboda xat tanigan avlod ming yillar davomida shakllangan ilmiy-ma’rifiy meros va qadriyatlardan ayro tushdi. Endi bu avlodni xalqning o‘zi emas, balki uni tobe etgan tuzum tarbiyalay boshladi. Qizil mafkura xalq ongiga nimani istasa shuni singdirdi.

Mana shu uch omil yillar davomida zamonaviy o‘zbek millatining unib-o‘sishiga g‘ov bo‘ldi. Rus harbiy tarixchilaridan biri yozadi: «Bu xalqqa Qur’on va tarixni berako‘rmang, aks holda ularni idora etib bo‘lmaydi!»

Darhaqiqat, o‘zbeklar masalasi mustamlaka siyosati kun tartibidan tushmagan. Xalqimiz boshida qatag‘on qilichi mudom o‘ynatib turilgani sababi ham shu.

Ko‘pchiligimiz Turkiya xalqining vatanparvarligiga, yetti yoshdan yetmish yoshgacha aholi milliy bayroqni muqaddas deb bilishiga havas qilamiz. Buning sababi shuki, qardoshlarimiz millat va davlat taqdiri hal bo‘layotgan 1914 yilgi Chanoqqal’a urushida zafar qozona bildi. Qolaversa, Turkiya bizdan farqli o‘laroq o‘z farzandlarini o‘zi tarbiyaladi.

Yana bir muhim jihatni eslab o‘tish lozim. Yarim asrdan ziyod davom etgan chor mustamlakasi davrida Turkiston xalqlarida milliy hurriyat yaxlit g‘oya darajasiga ko‘tarilmadi. Ozodlik, istiqlol faqat oydinlarning qayg‘usi, orzu-umidlari edi, xolos. Turkistonga bosqinchi qadami yetib, uch o‘zbek davlati to‘liq qaram etilgan 1851 – 75 yillardagi avlodning yovqurligi XX asr boshidagi aholiga begona edi. Bu avlod oqpodshoni hukmdor deb tanir, unga qarshi chiqishni tasavvuriga ham sig‘dira olmas edi.

Ellik yilda el o‘zgaradi, degan gap bor. Millatimiz 1920-yillarga o‘zga tasavvur, boshqa zehniyatda yetib keldi. Milliy istiqlolchilik harakati boshlangan kezlarda jadidlar va qo‘rboshilar hurriyat g‘oyasini bayroq qilib chiqdi. Ular yo‘q qilingach esa bu g‘oya xalq ongidan o‘chirib tashlandi. Bir mustamlakachidan qutulgan millat boshqasiga tutildi. Birinchisida hartugul erkinliklar bor edi, masalan, din-diyonat borasida. Pravoslav nasroniylikning etagidan tutgan podshoh Rusiyasi islom dinini taqiqlash yo‘lidan bormadi. Sho‘ro Rossiyasi esa dahriylik siyosatini kuch bilan singdirishga urindi. Xalqning asosiy erk-huquqlari bilan birga uning e’tiqodi ham tortib olindi. Aynan bolsheviklar davrida asrlar mobaynida bashariyatning go‘zal qadriyatlarini yaratgan millat ma’naviy-ruhiy jihatdan «sterilizatsiya» qilina boshladi. Dahshatli qatag‘onlar avj oldi. O‘ylab qolaman, dunyoning qay bir mustamlakachi davlati millionlab insonlarni ham ma’nan, ham jismonan qatag‘on qilgan ekan?..

Jahon xaritasida mustaqil O‘zbekiston davlati paydo bo‘lganiga o‘ttiz uch yil bo‘lyapti. Lekin hanuz mash’um mustamlaka asoratlaridan o‘zimizga kelolmayapmiz. Ojiz fikrim shuki, chinakam millat o‘laroq shakllanmoq uchun, xohlaymizmi-yo‘qmi, yangi avlodni kutishga majburmiz. Men yigirma-o‘ttiz yoshlilardan ko‘p narsa kutaman. Chunki bu avlod mustamlaka siyosatidan xoli ravishda tarbiyalandi, zamonaviy dunyoning talabu shiddatini ko‘rib ulg‘aydi.

«Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi»

– Fotimiylar davlati hukmdori Muiz davrida Misr zaminida zilzila ro‘y beribdi. «Bu – Ollohning g‘azabi» deb irshod qilibdi ahli ulamo. Saroy shoiri esa «Yer gunohu ma’siyat sabab silkinmadi, bil’aks, shohimizning adolatidan shod bo‘lib raqsga tushdi» deya bayt bitibdi. Ha, eskilar yetti boshli ajdardan emas, balki xushomadgo‘y kimsadan qo‘rq, deb bejiz aytmagan. Maddohlik, ofarinchilik, labbaygo‘ylik barcha davrlarda mamlakat ravnaqi yo‘lida ulkan g‘ov bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari ham ziyoli ahlini bu illatdan uzoq bo‘lishga da’vat etayotgani bejiz emas. Ammo oshkora maddohlik, tiyiqsiz xushomadgo‘ylikdan hech qutula olmayapmiz. Bu ahvolda qachon taraqqiyot karvoni peshqadamlari safiga qo‘shilamiz? «Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi» ekanini qachon anglab yetamiz? Ayrim zamondoshlarimiz xushomadgo‘ylikni qonunan taqiqlashni taklif qilmoqda. Boshqalari maddohlarni minbarga yaqinlashtirmaslik kerak degan fikrda. Bu borada sizning ham mulohazalaringizni bilgimiz keldi. Hujayralarimizga qadar in qurgan illatga qarshi qanday muolaja usulini tavsiya etasiz?

– Qonun ustuvor va sog‘lom bozor iqtisodiyoti poydor bo‘lgan jamiyatlar, davlatlar taraqqiy etadi. Bunga tarix shohid, birinchi dunyo mamlakatlari bosib o‘tgan yo‘l isbot. Shu ikki jihat jamiyatda siz aytgan qusurning avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Fikrimni batafsil tushuntirsam.

Barcha fuqarolar – amaldoru avom qonunga itoat qiladigan, jazodan hech bir jinoyatchi qochib qutula olmaydigan jamiyatda talon-toroj, o‘g‘rilik, ko‘zbo‘yamachilik, korrupsiya keskin kamayadi. Bunday jamiyatda aqlli va bilimli mutaxassislarning qadr-qimmati oshadi. Keskin va shiddatli raqobat malakali kadrlarni talab etadi-da. Bunday jamiyatda davlat idoralari ham, xususiy kompaniyalar ham zamonaviy ilm va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni boshga ko‘taradi. Birinchi dunyo mamlakatlari aql egalariga ko‘rsatilgan rag‘bat tufayli taraqqiyot cho‘qqisiga chiqdi. E’tibor bering, ular texnologiyalarga emas, aqllarga xaridor bo‘ladi. Xo‘sh, biz aqlni sotib olamizmi yoki texnologiya, mahsulotlarni?..

Ilm-fan va bilim qadrlangan jamiyatlarda oqillarning gapiga quloq tutiladi, minbarlar ilmlilarniki bo‘ladi. Ilg‘or g‘oya va fikr munosib rag‘batlantiriladi.

Qonun ustuvor bo‘lmagan, bilim qadrlanmagan jamiyatlarda esa ilmsiz, lekin xushomadu laganbardorlikni qotiradiganlarning kuni tug‘adi.

Men bir necha yil xorijda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, jamiyatda asosiy mezon bilim ekaniga guvoh bo‘ldim. Shuning uchun ham ularning iqtisodiyoti tasavvurimizga sig‘mas darajada yuksalgan.

Jamiyat bozor talablari asosida rivojlanmas ekan, har qancha qonun-qaror qabul qilmang, cheklamang, foydasi yo‘q, baribir chalasavodlar, o‘rtamiyonalar o‘zini minbarga uraveradi. Bir kunmas bir kun bizning jamiyat ham shu yo‘lga o‘tadi, qonunlar va sog‘lom bozor talablariga to‘la-to‘kis amal qilinadi. Ana shunda aql sohiblariga ehtiyoj ortadi, maddohu xushomadgo‘ylarning esa bozori kasod bo‘ladi.

Maqsad – jamiyatni parokanda etish

– Azal-azaldan axloq, e’tiqod insoniyatga mehvar vazifasini o‘tagan. Mehvaridan chiqqan sayyora halokatga uchraganidek, axloq va e’tiqodga ters borgan qavm ham tubanlikka yuz tutishi shubhasizdir. Bugun Iblis va uning gumashtalari Odam farzandlarini o‘z nog‘orasiga o‘ynatish uchun ming bir fitna usullarini o‘ylab topyapti. Ilgari hatto tilga olmoq ayb sanalgan illatlarga fazilat to‘ni kiydirilayotgani, «nokasu nojins» toifa safi tobora kengayayotgani, to‘qlikka sho‘xlik qabilida har turfa da’volar yangrayotgani sog‘lom aql egalarini xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Ilm-fan, jumladan, biologiya sohasida olamshumul yutuqlarga erishilayotgani qanday soz, ammo erkinlik havosidan mast bo‘lgan ayrim olimlar axloq chegaralarini buzayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Odam jinsining o‘zgartirilishi, sun’iy urug‘lantirish, genlarni «tahrir» qilish, klonlash kabi tadqiqotlarda axloq talablariga rioya etilishi kerak emasmi? Umuman, fan va axloq munosabatiga doir xulosalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Dunyoda umumbashariy qadriyatlarni yo‘q qilishga urinish kuchayib boryapti. Holbuki, insoniyatning bugungacha bo‘lgan ma’naviy qiyofasi ana shu qadriyatlarga ko‘ra shakllangan edi. Nimaiki insonga manfaatli bo‘lsa, u qadriyat darajasiga ko‘tarilgan edi: kattaga hurmat, kichikka izzat, farzand tarbiyasi, halol luqma, haromdan hazar, gunoh va ma’siyatdan tiyilish, erkak va ayol o‘rtasidagi chegara, insoniylik... sanayversangiz adog‘i yo‘q. Endi, mana shu qadriyatlar oyoqosti etilgan jamiyatni tasavvur qiling-chi! Buning oxiri voy bo‘ladi, hayvonot dunyosiga xos «Faqat kuchlilargina yashashga haqli!» degan yovvoyi qonuniyat jamiyatga ko‘chadi. Bir vaqtlar ingliz olimi Tomas Maltus ijtimoiy darvinizm g‘oya­sini jamiyatga tatbiq etishni taklif qilmaganmidi?..

Mushohada qilib ko‘raylik, nima uchun keyingi yillarda an’anaviy oila tuzilmasiga xuruj keskin ortib ketdi? Chunki inson uchun oila ma’naviy himoya qo‘rg‘onidir. Boya sanab o‘tilgan axloqiy fazilatlar, halol va harom mezonlari ham aynan oilada shakllanadi.

Otaga eng katta dalda, motivatsiya nima? Albatta, farzandlari kamoloti. Ayniqsa, bizning musulmon jamiyatlarda erkaklar o‘ziga xos mas’uliyat bilan ulg‘ayadi. An’anaviy oila tuzilmasiga qarshi ish olib borayotganlar avvalo ana shu ma’naviy zanjirni uzish payida.

Maqsad – jamiyatni parokanda etish, insonlarni (biologik tilda aytilsa – individni) yolg‘izlatish, jamiyatda tushkunlik va yovvoyi bir kayfiyat tug‘dirish. Oila qo‘rg‘onini buzish orqali jinslarni o‘zgartirish, bir jinsli nikohni targ‘ib qilish, pirovardida insonni biologik tur sifatida yo‘q qilish ham ko‘zlangan.

An’anaviy oila talablari klassik genetika qonuniyatlariga tayanishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Islom dini ham shu shartni qo‘yadi. Genetikada sog‘lom, chidamli, irsiy nuqsonlardan xoli nasl olish uchun «ota-ona» shakllarga (formalarga) asosiy e’tibor qaratiladi. Odamlarda ham shu: ota-ona jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lsa, farzandlar-da shunday kamolga yetadi. Yetti pushtning surishtirilishi zamirida ham klassik genetika qonuniyati yotadi. Fe’l-atvor, xulq, tarbiya, jismoniy barkamollik kabi tashqi belgilar irsiyat ilmida fenotip deb ataladi. Ular asosida odamlarning irsiy xususiyatlari (genotip) tadqiq etiladi. Ajdodlarimiz ana shu ikki jihatni tanlash, surishtirish orqali jismonan va ruhan barkamol avlodlar dunyoga kelishiga zamin hozirlagan. Shuning uchun ham Islom tamadduni gullagan davrlarda har jihatdan mukammal insonlar yetishib chiqqan. Ya’ni an’anaviy oila shartlari avlodlar genofondi boyishiga xizmat qiladi. Genofondi boy millatlar esa har sohada yutuqlarga erishadi.

Keyingi vaqtlarda ana shu silsilani uzish, an’anaviy jamiyatlarni yo‘ldan adashtirish harakati avj oldi. Oila institutining buzilishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelganini G‘arb tamadduni misolida ko‘rmoqdamiz. Amerikalik siyosatshunos Patrik Byukenen «G‘arbning o‘limi» kitobida xavotir bilan yozganidek, ushbu tamaddunga mansub mamlakatlarda aholi shiddat bilan kamaymoqda.

Ilm-fanda ham umuminsoniy qadriyatlarni rad etish yaxshilikka olib bormaydi. O‘zini vijdonli deb bilgan fan xizmatchisi ilm etikasiga, olimlik axloqiga rioya etmog‘i shart. Lekin, ming afsuski, barcha olimlar ham axloqiy mezonlarga sodiq emas. Insonning tabiatida boylik orttirishga bo‘lgan tiyiqsiz mayl bor. Ilmni ham mol-davlat to‘plash vositasi deb biladiganlar kam emas. Yana ayrim kuchlar fan yutuqlaridan hukumatlarga bosim o‘tkazish, dunyo xalqlarini boshqarish, bozordagi raqobatchilarini siqib chiqarish, monopoliya o‘rnatish maqsadida foydalanmoqda. Masalan, irsiyatini o‘zgartirish orqali «bepusht» qilingan bug‘doy urug‘ini sotishdan ko‘zlangan muddao nima edi? Albatta, barchani uni yetishtiradigan kompaniyaga qaram qilish! Bunday misollarni yana keltirish mumkin. Qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘simliklarni irsiy o‘zgartirish avj olganidan 2006 yili Norvegiyaning Shpitsbergen arxipelagida «Butunjahon urug‘ ombori» («Oxirzamon omborxonasi») qurildi. Bu yerda biologik jihatdan sof urug‘ namunalari saqlanadi. Muammoning ko‘lamini shundan ham bilsa bo‘ladi.

Nazarimda, dunyo jar yoqasiga kelib qolgan: birgina qadam yo najotga, yo halokatga yetaklaydi. Nega bu holga tushdi insoniyat? Axloq-odob mezonlari, umumbashariy qadriyatlarga mislsiz xuruj ro‘y bermaganida edi, olimlar ham bu qadar adashib ketmagan bo‘lardi.

Mushtariylarda biolog olimimiz ilm-fan taraqqiyotiga qarshi ekan-ku, degan yanglish fikr tug‘ilmasin. Aslo unday emas. Ta’kidlashni istardimki, chinakam olim o‘z tadqiqotining salbiy oqibatlarini ham ko‘ra oladi, «qizil chiziqlar»ni teran anglaydi. Zero, ilm-fan faqat ezgulikka xizmat qilmog‘i lozimligi o‘zgarmas haqiqatdar.

Yangi g‘oyalarni qo‘shqo‘llab begonalarga topshiryapmiz

– Katta mablag‘, ilg‘or asbob-uskuna va zamonaviy laboratoriyalarsiz zamonaviy fanni ravnaq toptirib bo‘lmasligi kundek ravshan. Bir necha yil avvalgi suhbatda yurtimizda salohiyatli olimlar ko‘pligi, lekin ularning aksari ilmiy tadqiqot uchun moddiy-texnik baza yo‘qligi sabab xorijga ravona bo‘layotgani haqida gapirgan edingiz. Vaqt o‘tib, vaziyat o‘zgardimi? Talay yil Xitoyda ilmiy faoliyat yuritib, 2018 yilda Vatanga qaytdingiz. O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida ishlab kelmoqdasiz. Ko‘ngilda xorijdan qaytganingizga pushaymonlik yo‘qmi?

– Mamlakatimiz ilm-fani haqida ko‘p gapirdim, ijtimoiy tarmoqlar, yetakchi saytlarda maqolalar e’lon qildim. Masalan, «Kun.uz» nashri menga bir necha marta minbar berdi. Suhbatlarimizdan biri «yuqori»gacha yetib boribdi. Holatni o‘rgangani institutga kelgan mas’ul xodimlar bino va laboratoriyalarni ko‘rib... hangu mang bo‘lib qolishdi: shunday sharoitda ham olimlar ishlamoqdami?! O‘zbekiston Prezidentining 2017 yildagi qarorida biologiya yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan institutlar ta’mirlanishi, moddiy-texnik bazasi yaxshilanishi ko‘zda tutilgan, jumladan, institutimizning ikki binosi ta’miriga 5 milliard so‘m ajratilgan, bizga noma’lum sabablarga ko‘ra bu mablag‘ yetib kelmayotgan edi. Nega qaror ijro etilmayapti, degan masala ko‘tarildi, «yo‘l xaritalari» tuzildi. Hisoblab chiqilsa, inflyasiya sababli 2017 yilda ajratilgan mablag‘ faqat bitta bino ta’miriga yetarkan, xolos. Oradan uch-to‘rt yil o‘tib ketgan edi-da. Shu tariqa institutning bitta binosi ta’mirlandi-yu, ikkinchisi qolib ketdi. Davlatimiz rahbari astoydil yordam bermoqchi, lekin ayrim mas’ullar sabab ijro o‘lda-jo‘lda...

Ilmiy loyihalarning ekspertizasi va moliyalanishi jarayonini ham bir qur ko‘rib chiqish kerak. Chunki fanda monopoliyaning kuchayishi depsinishga olib keladi. Boshimdan o‘tganini aytib beray.

2021 yili vazirlik e’lon qilgan fundamental loyihalar tanloviga (54-tur) hujjat topshirdim. U nanobiotexnologiya bo‘yicha O‘zbekistondagi ilk fundamental loyiha bo‘lishi lozim edi. Ekspertlar tashabbusimizni ijobiy baholab, vazirlik qoshidagi ilmiy-texnik kengash muhokamasiga tavsiya etdi. Qizig‘i, nanobiotexnologiyaga doir loyiha o‘rmonchilik (!) bo‘yicha ilmiy-texnik kengash muhokamasiga yuborildi. Kengash raisi loyiha bizga to‘g‘ri kelmaydi, lekin baribir eshitib ko‘rishimiz, bayonnoma tuzishimiz kerak, dedi bosh qashib. Mayli, deb o‘rmonchilik bo‘yicha ilmiy-texnik kengashda loyihani «himoya» qildim. So‘ng vazirlikdagilar biologiya ilmiy-texnik kengashiga yo‘lladi. Loyiha qayta muhokama bo‘lib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Qarangki, o‘sha loyiha haligacha vazirlik hay’atiga yetib bormadi...

Xorijdagi hamkasblarning shart-sharoitiga havas qilaman. Zamonaviy aniq fanlarda tajriba orqaligina biror natijaga erishish mumkin. Tajriba uchun esa o‘ta yuqori aniqlikda ishlaydigan asbob-uskunalar talab etiladi. Afsuski, ularning aksari bizda yo‘q. Shu vajdan xorijdagi hamkasblarimizni hamkorlikka taklif etishga majbur bo‘lamiz. Ochiq aytganda, ularni g‘oyalarimizga sherik qilamiz. Holbuki, ilmda yangi g‘oyalar begona ko‘zlardan yashiriladi. Biz esa ularni qo‘shqo‘llab birovlarga topshiryapmiz.

Xulosam pessimistik ruhda bo‘lsa ham aytay, yaqin kelajakda ilm-fan rivoji borasida zehniyatimiz o‘zgarishiga, ayniqsa, biz tengi avlod tog‘ni talqon qilishiga ishonmayman. Biz ko‘p imkonlarni boy bergan olimlar avlodimiz. Shoyad, bizdan keyingilar ijobiy o‘zgarishlar qilsa...

Inson o‘z vijdonidan hayo qilmay qo‘ysa...

– Matbuotda chop etilayotgan ayrim xabarlarni o‘qib yuragingiz orqaga tortib ketadi. O‘z pushtikamaridan bo‘lgan zurriyotini o‘ldirayotgan otalar, volidasiga tig‘ ko‘tarayotgan farzandlar... nahotki shular bizning millatdoshimiz bo‘lsa deya o‘yga tolasiz. Dunyoning ham holi havas qilgulik emas: yetti iqlimda kechayotgan urushlarda har kuni minglab-o‘n minglab insonning qoni to‘kilmoqda. Ciz olim o‘laroq odamning suratini, adib o‘laroq siyratini tadqiq etasiz. Ayting-chi, odamzod nega bunchalik yovuzlashib ketdi? Axir, aql-zakovat yuksalgani sari zulm-zo‘ravonlik ortga chekinishi kerak emasmi?..

– Masalaga kengroq qarab, inson, jamiyat va iqtisodiyot omillari uyg‘unligida baho bergan ma’qul. O‘tish davrida ilm va tarbiyadan uzilgan bir avlod voyaga yetdi. Odamdan go‘zal xulq, farosat, diyonat olib qo‘yilsa nima bo‘ladi, hayvon kepatasi g‘olib keladi-da!..

Qadriyatu mezonlar ham o‘zgarib ketdi. Ilgari yoshlardan kelgusida kim bo‘lishni xohlaysan deb so‘ralsa, yaxshi o‘qish, yaxshi kasb-kor egasi bo‘lish istagini aytar edi. Mol-davlat va maqom-martabaga erishish uchun bilim va hunar egallash kerak, degan fikr zehniyatda sobit edi. Hozir esa qanday yo‘l bilan bo‘lmasin tezroq boyish asosiy maqsad-muddaoga aylandi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz xorijda ishlab pul jamg‘aradi, qaytib kelib mashina oladi, uy-joy quradi. Lekin bilim olaman, bolamni tarbiyalayman deganlar kam!

Yaqin-yaqingacha odamlar o‘rtasida ishonch kuchli edi. Endi-chi? Bir-birimizdan shubhalanib, hayiqib qolganmiz.

Ilgari bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deyilardi. Hozir qo‘shni bolaga tanbeh berib ko‘ring – ota-onasi, qavmu qarindoshi yeng shimarib yetib keladi.

Maktabda o‘qituvchining hurmat-izzatini poymol qildik. Avvallari o‘quvchi tugul ota-onalar ham o‘qituvchi qarshisida qo‘l qovushtirib turar, ustozlik hurmati joyiga qo‘yilar edi. Hozir esa bolalariga «Sen doim haqsan!» deb o‘rgatadigan ota-onalar ko‘paygan. Tabiiyki, bunday «o‘git»ni eshitib voyaga yetgan bola ustozini sariq chaqaga olmaydi.

Oilada bilimga, ma’naviyatga rag‘batu ishtiyoq susaydi. «Ma’naviyat» degan so‘zning siyqasini chiqarib yubordik, boz ustiga, bu mo‘’tabar tushunchani oshkora kalaka qiladigan bo‘ldik. Boylik havasi qalbimizdan din-diyonatni siqib chiqardi.

Jamiyat ham insonga o‘xshaydi. Insonda ruh va nafs bor, qay biri g‘olib kelishiga ko‘ra u olqish yoki qarg‘ish oladi. Nafs g‘olib kelgan jamiyatlarga esa aslo havas qilib bo‘lmaydi.

Bugun biz hamma o‘z fikri, g‘oyasini mutlaq haqiqat deb bilgan zamonda yashamoqdamiz. Aksar yoshlar nimani o‘ylasa – shuni haq deydi, nimani mahkam ushlasa – shuni to‘g‘ri deb biladi. An’analar, qadriyatlar va e’tiqodga qarshi bo‘lganlar ham talaygina. Shunday davr keldiki, inson o‘z vijdonidan hayo qilmay qo‘ydi.

Bir dahriy hamma o‘zidek dahriy bo‘lishi tarafdori, dindor esa hammani o‘zi kabi dindor bo‘lishini xohlaydi. Liberalman degan boshqa toifa din-diyonatlilar ustidan kuladi, radikal dindorlar o‘zidan boshqa hech kimni tan olmaydi. Jamiyatda murosa, bag‘rikenglik yo‘qoldi. Sirasi, biz «qadriyatlar transformatsiyasi» davridan talafotsiz o‘tolmadik.

Xo‘sh, bu ma’naviy xastaliklarning davosi bormi? Albatta, bor. Oilada go‘zal an’ana va qadriyatlar hukm surishi, milliy adabiyot va tarix keng targ‘ib-tashviq qilinishi lozim. O‘zbek millatining ko‘rkam bo‘y-basti uning tarixi va adabiyotida namoyon deb bilaman.

«Roman yaxshi yozilibdi, lekin mavzu qaltis, bosib bo‘lmaydi»

– «Tibbiyot mening rafiqam, adabiyot esa ma’shuqam», degan ekan umri mobaynida ikki sohani baqamti tutgan hassos adib Anton Chexov. Ciz fanning murakkab yo‘nalishlari sanalgan mikrobiologiya va virusologiya sohasidagi tadqiqotlardan ortib, nasrda ham qalam tebratib kelyapsiz. «Madaminbek. Qonli gullar vodiysi», «Sulton Jaloliddin Manguberdi», «Uzbechka» romanlari, yana talay hikoyalar... bari ko‘p yillik zahmatlar, bedor tunlar mahsuli. «Ilgari qalamhaqi ko‘pligidan odamlarning hasadini keltirmaslik uchun undan gap ochmas edim, hozir esa qalamhaqi kamligidan odamlarning rahmini keltirmaslik uchun bu savoldan qochaman», degan edi rahmatli Sharof Boshbekov bir gurungda. Yashirib nima qildik, hozir yozuvchilik ortidan uch-to‘rt tanga topish amrimahol bo‘lib qoldi. Qaytaga, kitob chiqarish uchun tish kovagida asraganingizni ham xarjlamoqqa majbursiz. Sizni sertashvish adabiyot olamiga qaysi shamollar uchirdi? Darvoqe, olimlik va adiblik bir-biriga «kundoshlik» qilmayaptimi?

– Badiiy ijod ham mashaqqatli, ham huzurbaxsh mashg‘ulot. Men, avvalo, yaxshi olim emas, yaxshi yozuvchi deb tanishlarini istayman. Shu maqsadda mehnat qilyapman, izlanyapman. Yoshim qirqdan oshganda mening bosh yo‘lim badiiy ijod degan xulosaga keldim. Shuning uchun ijodni ilmdan ustun ko‘raman. Bu kayfiyat qalam ahliga tanish: ichingizda bir dard paydo bo‘lib tinchlik bermaydi. Kechinmalarni qog‘ozga tushirganingizdan keyingina yengil tortasiz, erkin nafas olasiz.

Adabiyotga hali tuzuk bir hikoya yozmay, «Madaminbek. Qonli gullar vodiysi» romani bilan kirib kelganman. Qo‘rboshilar mavzusi o‘y-xayolimni band etgan, ammo hali yozish ko‘nikmam yo‘q edi. 2003 yil yanvarda romanning dastlabki boblarini yozmoqqa tutindim. O‘sha ilk satrlarni yoddan aytib bera olaman: «Qorga burkangan qabriston sirli, hazin sukutga tolgan. Qo‘qon xonlari va mo‘’tabar zotlar xilxonasi Dahmai shohon ustida g‘ujg‘on o‘ynayotgan qarg‘alar goh-gohida xunuk qag‘qag‘lab, og‘ir sukunatni buzadi. Ikki haftadirki quyosh yuzini ko‘rsatmaydi. Izg‘irin zo‘rayib zabtiga oladi, yuz-ko‘zlarni achishtiradi...»

Romanning ilk variantini yozishga yetti yil ketdi. O‘qib ko‘rsam binoyidek. «Sharq» nashriyotiga olib bordim. «Yaxshi yozilibdi, lekin mavzu qaltis, bosib bo‘lmaydi», deyishdi. Yana ikki nashriyot eshigini qoqdim. O‘sha gap. Ozodlik uchun kurashgan insonlar haqidagi kitobni chiqarib bo‘lmas emish! Ishonasizmi, roman to‘qqiz yil bosilmadi. Lekin bari vaqtincha ekani, fursat kelib u dunyo yuzini ko‘rishiga ishonchim komil edi. Ijodiy izlanishni to‘xtatmadim. Siz sanagan romanlar bilan birga bolalar va o‘smirlar uchun «Olamlar kurashi», «Alkimyogarlar jangi» qissalarini yozdim.

2018 yilga kelib, «Akademnashr» nashriyoti rahbari Sanjar Nazarning jasorati bilan «Madaminbek...» romani chop etildi. Keyin to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashr dunyo yuzini ko‘rdi. So‘ng uchinchisi... Shundan keyin o‘zimni adabiyot olamining odami deb his eta boshladim.

Yozuv stoliga o‘tirgan kezlarim hali g‘o‘r, tajribasiz edim, ko‘ng­limda ijodga bo‘lgan zo‘r havas bor edi, xolos. Qodiriy domla aytganidek, «havasimda jasorat» etdim, qolganini Ollohning o‘zi yetkazdi.

Hozir adabiyot bobida fikr-qarashlarim o‘zgargan. So‘z san’atida nimani yozishdan ko‘ra nimani yozmaslikni bilish muhimroq. Bir necha asar, jumladan, «Jazirama» degan roman boshlab qo‘yganman. To‘rt mustaqil qissadan iborat asar voqealari Bobil minorasi davri, Ikkinchi jahon urushi, hozirgi kun va kelajakda sodir bo‘ladi. E’tiqod, sun’iy ong va biologiya mavzulari bahs etilgan yana bir asarni tugatish arafasidaman. Nasib etsa, «Amirilashkar» degan roman ham o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi. Xullas, orzu-niyatlar katta. Yangi asarlar yozib milliy adabiyot, badiiy tafakkur va ijtimoiy fikr ravnaqiga hissa qo‘shsam deyman.

Sobirjon Yoqubov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring