Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu Prezidentimiz siyosatiga mutlaqo zid holat» — Senat raisi

«Bu Prezidentimiz siyosatiga mutlaqo zid holat» — Senat raisi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norbayeva 2021 yil davomida davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 75 ta majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish holati aniqlanganini tanqid qilgan.

Jumladan, xalq ta’limi tizimida 34, sog‘liqni saqlash tarmog‘ida 9, transport sohasida 5, obodonlashtirish korxonalari tizimida 6, tadbirkorlik va qurilish sohasida 5, bank va moliya sohasida 4 holat qayd etilgan. 5 holatda tuman, shahar hokimliklari mutaxassislari aralashuvi bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, ma’lum bo‘lishicha, bir necha kun avval, mahalliy internet-nashrlarida, Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalaridan majburiy mehnatga jalb etilgani yuzasidan axborot e’lon qilingan, bu ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamaga sabab bo‘lgan.

— Jurnalist va blogerlarga muammolarni aniqlash va hal etishda, jamoatchilik nazoratini olib borishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirmoqchiman, — degan T.Norbayeva. — Boshqa tomondan, ayrim mutasaddi rahbarlar hali ham eskicha fikr, eskicha qarashlar bilan yurgani achinarli, albatta. Qachongacha tushuntirish ishlarini olib borish kerak? Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga mutlaqo zid holat bu. Ushbu holat joyiga chiqib o‘rganildi va universitetning mutasaddi xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ham ko‘rildi. Ammo bir narsani yaxshi anglab olishimiz kerak, biz bunday holatlarni qoralaymiz, bitta holat bo‘lsa ham – bu jinoyat. Shuning uchun bu kabi holatlarga to‘liq barham berish, mutasaddi rahbarlar mas’uliyatini yanada oshirishi kerak.

Aytilishicha, davlat mehnat inspektorlari sonining xalqaro talablarga javob bermasligi, ularning rejalashtirilmagan tekshiruvlarni o‘tkazish huquqiga ega emasligi barcha tarmoqlarda ham mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilishini tezkor o‘rganish imkoniyatini bermayapti.

Ushbu muammoni bartaraf etish hamda sohani takomillashtirish yuzasidan prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilgan edi. Hozir farmon loyihasini bugungi kun talabidan kelib chiqqan qayta takomillashtirish hamda belgilangan tartibda hukumatga kiritish aytilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring