«Bu kurashda mag‘lub bo‘lishga haqqimiz yo‘q!» – Nobel mukofoti sohibi Mariya Ressa «Xabar.uz» muxbiriga qisqa intervyu berdi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda g‘azab va nafratga to‘yingan yolg‘on ma’lumotlar faktlarga qaraganda tezroq tarqalmoqda va jamoatchilik ongini chirmovuqdek o‘rab olmoqda. Bu haqda Nobel mukofoti sohibi, filippinlik taniqli jurnalist Mariya Ressa Germaniyaning Bonn shahrida bo‘lib o‘tayotgan, ommaviy axborot vositalari muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumandagi (Global Media Forum) ma’ruzasida ta’kidladi, deb xabar bermoqda ushbu tadbirni bevosita yoritayotgan «Xabar.uz» muxbiri.
DW tomonidan, Germaniya tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan anjumanda dunyoning 100 dan ortiq mamlakati vakillari qatnashmoqda. Unda urush, inqiroz va tabiiy ofatlar sharoitida jurnalistikaning kelajagi muhokama etilmoqda.
«Agar qo‘lingizda faktlar bo‘lmasa, haqiqat yuzaga chiqmaydi. Agar haqiqat yuzaga chiqmas ekan, demak, jamoatchilik ishonchini ham qozona olmaysiz. Jamoatchilik ishonchisiz esa na demokratiya qaror topadi va na iqlim o‘zgarishi, koronavirus, dezinformatsiya kabi muammolarga qarshi kurashish mumkin», – dedi Mariya Ressa o‘z ma’ruzasida.
Taniqli jurnalistga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda ommaviy axborot vositalari oldida jamoatchilik, keng omma ishonchini qayta qozonishdek mas’uliyatli vazifa turibdi.
M.Ressa o‘z chiqishida ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan xavfli tendensiyalarga ham to‘xtaldi. Qayd etilishicha, yirik ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyati hamda ayrim ommaviy axborot vositalari tahririyatlari foyda, moddiy daromadni ko‘zlab yuksak mezonlardan chekinmoqda. Bu esa virtual olamda radikallashuv, foydalanuvchilarning turli qutblarga bo‘linishiga olib kelmoqda.
Filippinlik jurnalist o‘z chiqishida yolg‘on haqiqatdan ko‘ra bir necha o‘n barobar tezroq tarqalayotganiga e’tibor qaratdi. Bu jihatdan uning xavotirli fikrlari «Haqiqat shippagini kiyguncha yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi» degan naqlni yodga soladi.
Nobel mukofoti sohibi axboriy maydonda kechayotgan kurashlarni atom bombasi portlaganidan keyingi dahshatlarga muqoyasa qildi.
«Bizning axboriy ekotizimimizda go‘yo ko‘rinmas atom bombasi portladi. Endi dunyo ahli Xirosima fojiasidan keyin qanday yo‘l tutgan bo‘lsa, shunday harakat qilishi kerak», – dedi u.
Ta’kidlanishicha, bugungi pallada jurnalistlar axboriy ekomuhitni toza saqlash, boy berilgan ishonchni qaytarish va pirovardida omma nafratini muhabbatga aylantirishdek vazifalarni uddalamog‘i darkor.
M.Ressa hozirgi sharoitda texnologik kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni kuchaytirish lozimligini ta’kidlar ekan, mutaraqqiy davlatlarni mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq moliyaviy ko‘mak ajratishga undadi.
«Xabar.uz» muxbiri anjuman doirasida M.Ressa bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi.
«Bugun butun dunyoda haqiqat va yolg‘on o‘rtasida beayov kurash ketmoqda. Hozirgi mas’uliyatli pallada har bir jurnalist o‘z-o‘ziga haqiqat ro‘yobi yo‘lida nimadir qurbon qilishga tayyormanmi deya savol berib ko‘rishi kerak. Aminmanki, Yer hali o‘z o‘qidan chiqqani yo‘q. Biz – jurnalistlar sharaf va matonat bilan rostgo‘y jurnalistikani davom ettira olamiz degan umiddaman. Zotan, bu kurashda mag‘lub bo‘lishga aslo haqqimiz yo‘q», – deya mulohazalari bilan bo‘lishdi taniqli jurnalist.
Eslatib o‘tamiz, Mariya Ressa 2021 yilda «Novaya gazeta» (Rossiya) bosh muharriri Dmitriy Muratov bilan birgalikda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Bonn shahrida boshlangan xalqaro anjuman doirasida bugun ham «to‘rtinchi hokimiyat» faoliyatini global dunyo talablariga muvofiqlashtirishga doir masalalar muhokamasi davom etadi.
Avval xabar berganimizdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok global mediaforum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida so‘z erkinligi qadriyati yo‘lida jasorat va yuksak e’tiqod namunasini ko‘rsatayotgan jurnalistlarga minnatdorlik bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter