«Bu – inson qo‘li bilan sodir etilayotgan fojia!..»

So‘nggi bombardimonlarda kamida 60 nafar g‘azolik halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi G‘azo sektorida sodir etayotgan harakatlar genotsid va etnik tozalashga aylandi, deb bayonot berdi Yevropa kengashi Parlament assambleyasi maxsus ma’ruzachisi Saskiya Klyuyt.
Ma’ruzachi G‘azo sektorida tinch aholi vakillari o‘ldirilayotganini inson qo‘li bilan sodir etilayotgan fojia deb atagan.
«G‘azo sektoridagi falastinliklar tobora torayib borayotgan hududda qamalib qolgan. Ular bombardimon va hujumlardan yashirinish imkonidan mahrum. «Xavfsiz» deb atalgan hududlar ham aslida xavfsiz emas. Bularning bari hamda Isroil hukumati a’zolari G‘azo aholisi taqdiri haqida berayotgan bayonotlar ushbu harakatlar etnik tozalash va genotsidga aylanganidan dalolat beradi», – degan Yevropa kengashi Parlament assambleyasi maxsus ma’ruzachisi.
G‘azoni muttasil bombalayotgan Isroil armiyasi joriy yil 2-martdan buyon hududga insonparvarlik ko‘magi kirishini ham taqiqlagan.
«Zo‘ravonlikning ilk qurbonlari bolalar bo‘lmoqda. Ular oziq-ovqat, suv, tibbiy xizmat va boshpanadan mosuvo etilgan. Bolalarning yashash huquqi buzilmoqda», – degan Saskiya Klyuyt.
Yevropa kengashi Parlament assambleyasi maxsus ma’ruzachisi Isroil hukumatidan tinch aholini o‘ldirishni to‘xtatish, hududga insonparvarlik ko‘magi kirishiga ruxsat berish, xalqaro hamjamiyatdan esa G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va xalqaro konvensiyalarga rioya etilishini ta’minlashni talab qilgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham juma kuni Nyu-York shahrida jurnalistlar bilan uchrashuvda G‘azo aholisi ixtilofning eng mashaqqatli davrini boshdan kechirayotgani haqida gapirgan.
Isroil 80 kundan buyon G‘azoga insonparvarlik ko‘magi kirishiga to‘sqinlik qilayotganini tanqid qilgan Antoniu Guterrish butun aholi ochlik tahdidi ostida qolgani haqida bong urgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Isroil 400 ta yuk mashinasida insonparvarlik ko‘magi olib o‘tishga ruxsat bergan, ammo shundan ham 115 tasi yetib borgan, xolos.
BMT bosh kotibi ruxsat berilgan yuk ko‘lamini mavjud talab-ehtiyoj qarshisida «dengizdan bir tomchi» deb baholagan.
G‘azo sektoriga suv, oziq-ovqat va dori-darmon kirishi butkul to‘xtatilgani gumanitar bo‘hronni yanada og‘irlashtirgan. Xalqaro tashkilotlar 2,3 mln aholi ochlik, tashnalik va turli xastaliklardan aziyat chekayotgani haqida bong urmoqda. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Adhanom Gebreyesus oziq-ovqat va dori-darmon G‘azo sektoridan bir necha daqiqalik masofada ushlab turilgani holda, o‘lim soni oshib borayotgani haqida bayonot bergan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham G‘azo sektorida gumanitar inqiroz chidab bo‘lmas darajaga yetgan, deb hisoblaydi.
Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 53 822 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning asosiy qismi bolalar va ayollardir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter