Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu yerlarda vaqt to‘xtaydi — Bobur qo‘rg‘onidan qanday pul ishlash mumkin?

Bu yerlarda vaqt to‘xtaydi — Bobur qo‘rg‘onidan qanday pul ishlash mumkin?

Foto: Xabar.uz

Toshkent-Termiz yo‘lining Dehqonobod tumani, Oqrabod qishlog‘idan o‘tgan qismidan o‘ngga burilsangiz, tog‘-toshlar aro ajib manzaraga ko‘zingiz tushadi. Dara ichkarilab qancha yurganingiz sari manzara ham go‘zallashib boradi. Eng muhimi — kundalik, tashvishli hayot belgilari kamayib, osoyishtalik his qilaverasiz. Mana, Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining ulkan ko‘prigi ostidan o‘tib ketdingiz. Bu yog‘iga faqat loysuvoq uylarning tomidagi shifer yoki cherepitsalar XXI asrdan darak beradi, xolos. Bora-bora ular ham tugaydi. Yozda tog‘larga chiqib ketadigan cho‘ponlarning qo‘nalg‘alariga yetgach esa, o‘zingizni rosmana o‘rta asrlarda his qilasiz.

Bu yerlarda vaqt to‘xtagandek bo‘ladi...

O‘rta asrlarni eslatadigan mana shu tinch, osoyishta va so‘lim joyda «Boburtepa» deb nomlanadigan tarixiy manzilgoh bor. Mahalliy aholi aynan shu yerda Afg‘onistonga o‘tib ketish oldidan Zahiriddin Muhammad Bobur yashaganiga ishonadi. Haligacha u haqida rivoyatlar avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Va bu rivoyatlar albatta «Bobolarning aytishicha», deb boshlanadi.

Menga otamning aytishicha, unga esa bobomdan yetgan ekan, mana shu yerda Boburning qo‘rg‘oni bo‘lgan, — deydi Oqrabod mahallasi raisi Chori Qoziyev. U bolalik vaqtlarida poda haydab o‘tgan bu yerlarni shunchalik yaxshi biladiki, Bobur qaysi tosh ustida yashaganiyu, zindoni qayerda bo‘lganigacha aniq-tiniq, yuqori ishonch bilan ko‘rsatadi. — Mana bu yerda soqchi minora bo‘lgan, qalangan toshlarni ko‘ryapsizmi? Shu tepaning kun botish tomonida askarlar yashagan. Kun chiqish tomonida esa Bobur va boshqa amirlarning uylari bo‘lgan. Zindon esa bu tomonda edi. Yoshligimizda mol-qo‘y tushib ketavergandan keyin tosh bilan to‘ldirib tashlaganmiz.

Oqsoqolning gaplarini jurnalist Safar Olloyor ham tasdiqlaydi. Hozirda Toshkentda yashab, ijod qilayotgan hamkasbimiz ham asli Oqraboddan, bolaligi shu tog‘larda o‘tgan.

— Bobur tanlagan bu joy strategik jihatdan muhim bo‘lib, uning dushmani — Shayboniyxon faqat bir tomondan, Shamolikam qishlog‘i joylashgan hududlardan kelishi mumkin edi. Qadimda yo‘l shu qishloq orqali o‘tgan. O‘sha yerda Abdullaxon II qurdirgan qal’a qoldiqlari hozir ham bor. Boburning askarlari dushman keladigan yo‘lni bemalol kuzatib turishi mumkin edi. Boz ustiga, Shayboniyxon qo‘shini ko‘ringandan keyin ham Boburtepaga kelgunga qadar kamida yana bir kun vaqt o‘tadi. Daraning tor yo‘li esa otlar yurishi uchun noo‘ng‘ay, bir necha ming kishilik qo‘shin ikki-uch kilometrgacha cho‘zilib ketishi mumkin. Demakki, bu yer mudofaa tashkil etishga ham qulay. Bobur juda aqlli sarkarda edi. U oldindan chekinish yo‘lini ham tayyorlab qo‘ygan. Bobolarimizdan qolgan rivoyatga ko‘ra daraning qun chiqish tomonida Darband yo‘liga o‘tib ketsa bo‘ladigan so‘qmoq tayyorlanadi. Bu ishlarga Boburning Muhiddin ismli amaldori mas’ul bo‘lgan. O‘sha so‘qmoq haligicha bor va xalqimiz uni mahalliy lahjada «Muhiddin kami» deb ataydi, — deydi Safar Olloyor.

Hozir bu yerlar e’tibordan uzoqda. Mahalliy aholining tirikchiligi esa ikki-uch asr avvalgisidan ko‘p ham farq qilmaydi. Qishda pastga tushib, xonadonlarda sovuq kunlarni o‘tkazishadi. Yozda esa yana ko‘ch-ko‘ronini ortib, toqqa ko‘tariladi. Bu an’ana shu qadar chuqur ildiz otganki, hatto pandemiya ham unga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi.

Tog‘ xalqi bir yillik ro‘zg‘orini oldindan taxt qilib qo‘yadi, — deydi Dehqonobod tuman hokim o‘rinbosari Nodir Ismoilov. U tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, karantin vaqtida «Sahovat va ko‘mak» doirasida aholining muhtoj qatlamiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatgan. — Asosiy daromad esa chorvadan, hammada mol-qo‘y bor. Demakki sut-qatiq va go‘shtdan muammo yo‘q. Shuning uchun karantin vaqtida tog‘liklar orasida yordam so‘raganlar ko‘p bo‘lmadi, asosan tuman markaziga oziq-ovqat yetkazib turdik. Tog‘da esa hamma narsa avvaldan hozirlab qo‘yiladi.

Ha, bu yerlarda turmush tarzi asrlarki o‘zgarmagan. Dara yo‘lidan qancha ilgarilasangiz, shuncha yayraysiz. Tabiat yuz yillar oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Temir-beton uylaru, asfaltning issig‘idan ko‘tarilgan hovurdan nafas olishga o‘rgangan dimog‘ingiz bu yerda yayraydi. Soy bo‘yiga tushib, buloq suvidan ichasizda, tosh ustidan turgingiz kelmaydi.

Shunday joylarimiz bor ekan, nimaga uni boshqalarga ko‘rsatmaymiz? Axir turizmni rivojlantirish uchun Boburtepaga o‘xshash joylar kerak emasmi? Bu yerda turizmning deyarli barcha sohasini jamlash mumkin — etnik, madaniy, tarixiy, ekologik, gastronomik sayyohlikning barchasini Dehqonobod ko‘rsatib bera oladi. Hatto mahalliy tabobatni ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi — bizga hamroxlik qilgan Chori oqsoqol o‘nlab giyohlar qaysi kasalga davo bo‘lishini sanab chiqdiki, eslab qolish ham oson emas.

Eng muhimi — turizmni yo‘lga qo‘yish uchun katta investitsiya ham shart emas. Dara xalqaro yo‘lning shunday yoqasida joylashgan. Ichkari yo‘lni asfalt qilish ham shart emas, aksincha, Oqrabodning asliyatini saqlab qolish uchun taqiqlab qo‘yish ham kerak. Bu yo‘lga shu tog‘larning o‘zidan olinadigan tosh qalab chiqilsa kifoya. Boburtepaga yetmasdan, bir kilometr qolganda yo‘l ham tugaydi. Sayyohlar shundan nariga ot yoki eshak aravalarda olib chiqilsa, ularga mahalliy laparlardan aytib berilsa, o‘tovda bir yoki ikki kecha qolinsa, milliy, ekologik toza taomlarimizdan tayyorlab berilsa — shuning o‘zi bir umrlik esdalik uchun kifoya emasmi? Yevropadan keladigan turistlarni qo‘ying, o‘zimizning shaharlarda ham bir umr soyda oqayotgan suvni hovuchlab ichib ko‘rmagan odamlar bor. Urbanizatsiya — yaxshi narsa, ammo odam har doim tabiatga intilib yashaydi. Oqrabod tog‘lariga bir marta kelsangiz, buni o‘zingiz ham his qilasiz.

Dehqonobodda hozir «Temir daftar»ga kiritilgan 2388 ta oila bor. Bu oilalarda 9685 kishi istiqomat qiladi. Shundan 2279 nafari mehnatga layoqatli hisoblanadi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, turizmni rivojlantirish bo‘yicha oddiygina mana shu loyiha qancha oilani muhtojlikdan olib chiqib ketgan bo‘lardi.

Boya aytganimizdek buning uchun juda katta pul ham shart emas...

Birinchidan, sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan kamida ikkita tarixiy joy mavjud. Ikkinchidan, alohida infratuzilma yaratish shart emas, Oqrabod shunday katta yo‘l yoqasida joylashgan. Uchinchidan esa, katta sarmoyaga ehtiyoj ham yo‘q. Aksincha, hududning o‘ziga hosligini saqlab qolish va tabiatga ortiqcha zarar yetkazmaslik uchun buzish-qurish ishlaridan saqlanish kerak. Shunchaki, o‘tov o‘rnatib, sharoitni hozirlab, yaxshigina targ‘ib qilinsa, sayyohlar nazaridan chetda qolmaydi, nasib...

Zafar QOSIMOV
Foto: Otabek QO‘LDOShEV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring