Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya: avtobus bekatidan mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari topildi

Britaniya: avtobus bekatidan mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari topildi

Yo‘qolgan maxfiy hujjatlarning bir qismi Afg‘onistondagi ingliz harbiylariga doir bo‘lgan. Foto: “MOD”

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeremi Kuin maxfiy hujjatlarni saqlashga doir tartib buzilgani yuzasidan parlament deputatlari qarshisida hisobot berdi.

BBC nashri 27-iyun kuni bir yo‘lovchi Kent grafligidagi avtobus bekatidan qirollik mudofaa vazirligiga tegishli maxfiy hujjatlarni topib olgani haqida xabar bergan edi. Ushbu mojaro ortidan vazirlik tanqidlarga duchor bo‘ldi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari holat bo‘yicha uzrxohlik bildirar ekan, jiddiy taftish va tekshiruv boshlanganini qayd etdi.

“O‘tgan hafta mudofaa vazirligining yuqori martabali xodimi maxfiy hujjatlarni yo‘qotib qo‘ygan. Bu haqda uning o‘zi xabar berdi. Men tekshiruv yakunlanmasdan turib hukm chiqarmoqchi emasman, ammo bu o‘sha shaxs tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato tufayli ro‘y berganga o‘xshaydi”, – dedi mudofaa vaziri o‘rinbosari parlamentdagi hisobotida.

Mudofaa vazirligi rasmiysi bu o‘rinda josuslik omili mavjud emasligini qayd etgan.

Bekatdan yomg‘irda ho‘l bo‘lgan hujjatlarni topib olgan fuqaro bu haqda BBC’ga xabar bergan. Axborot shirkati maxfiy hujjatlar mazmun-mohiyatiga doir umumiy ma’lumot bergan, ammo yashirin tafsilotlarni ochiqlamagan.

Карикатурачи Сергей Ёлкин ҳодисага ушбу юмористик расм орқали муносабат билдирди.

Karikaturachi Sergey Yolkin hodisaga ushbu yumoristik rasm orqali munosabat bildirdi.

Deputatlar mudofaa vaziri o‘rinbosaridan BBC tomonidan maxfiy hujjatlarga doir ma’lumotlar oshkor etilishi holati ham taftish etiladimi, deb so‘ragan. Vazirlik rasmiysi hujjatlar ommaviy axborot vositalari ixtiyoriga tushmasligi kerakligi, agar tushgan bo‘lsa, demak, xato uni saqlashga mas’ullar gardanida ekaniga ishora qilgan.

“BBC ushbu hujjatlarni qo‘lga kiritgach, u haqda xabar bermay, bizga yetkazganida nur ustiga nur bo‘lar edi. Ammo ularning ham o‘z vazifalari bor. Men ular mas’uliyat bilan yondashib hujjatlarni vazirlikka qaytarganlari uchun minnatdorlik bildiraman”, – degan Jeremi Kuin.

Bekatdan topilgan maxfiy hujjatlarda Afg‘onistonda NATO missiyasi yakunlanganidan keyin Britaniya harbiylari qay tariqa faoliyat yuritishiga doir qimmatli ma’lumotlar aks etgan. Shuningdek, qirollikning “Defender” harbiy kemasining Qora dengizda – Qrim sohili bo‘ylab harakatlanishi va bu holatga Rossiyaning ehtimoliy reaksiyasi muhokama etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ingliz harbiy kemasi Rossiya tomonidan 2014-yilda anneksiya qilingan Qrim sohili bo‘ylab Ukrainaga xayrixohlik ramzi o‘laroq harakatlangan. Ammo bu holat rasmiy Moskva tomonidan provokatsiya deb baholangan.

Britaniyalik tahlilchilar mamlakat xavfsizligiga doir maxfiy ma’lumotlarning bu tariqa yo‘qolishini misli ko‘rilmagan holat deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring