Braziliya changalzorida taniqli britan jurnalisti izsiz yo‘qoldi
Buyuk Britaniya jurnalistikasi faxriylaridan biri Dom Fillips Braziliya hududidagi Amazoniya changalzorida dom-daraksiz yo‘qoldi. Unga braziliyalik hamkasbi Bruno Pereyra hamrohlik qilgan.
Ikkovlon tamaddundan uzilib qolgan ovloq makonda yashayotgan qabilalar haqidagi kitob uchun material yig‘ayotgan edi.
Yaqinlari ikki tadqiqotchi adashib qolganiga ishonmayotir, chunki ular hudud jug‘rofiyasini besh qo‘ldek bilgan. Braziliyada 10 yildan ziyod hayot kechirgan Dom Fillips Amazoniya changalzorlari va tub aholisi haqida Guardian, Financial Times, Washington Post kabi nufuzli nashrlarga maqolalar yozgan.
Braziliyada tug‘ilib o‘sgan Bruno Pereyra ham tamaddundan ortda qolgan qabilalar bo‘yicha ekspert sifatida tilga tushgan.
Ayni paytda g‘oyib bo‘lgan jurnalist hamda uning hamrohini mahalliy politsiya va harbiy flot xizmatchilari qidirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha gumondor sifatida ikki baliqchi qo‘lga olingan, ammo ular ayblov e’lon qilinmasdan qo‘yib yuborilgan.
Ingliz jurnalistining rafiqasi Alessandra Sampayo mahalliy ma’muriyatdan turmush o‘rtog‘ini tezroq topishda ko‘mak so‘ragan.
«Changalzorda har bir soniya qadrli. Chunki ko‘z ochib yumguncha hayot-mamot masalasi hal bo‘lishi hech gap emas», ؘ– deb yozgan A.Sampayo ijtimoiy tarmoqda.
So‘nggi yillarda Javari daryosi havzasi, xususan, Amazonas shtatidagi ovloq hududlarda ziddiyatlar kuchaygan. Tub aholi vakillari hududda noqonuniy ravishda tabiiy boylik qazib olayotgan shaxslar va brakonerlar bilan to‘qnashuvlarga bormoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, prezident Jair Bolsonaru ma’muriyati tomonidan qo‘riqxona maqomiga ega hududlarda foydali qazilmalar qazish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilayotgani tub aholi vakillarining keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter