Boylarning g‘aroyib mashg‘ulotlari
Ko‘pchilikning o‘ylashicha, millioner va milliarderlar alohida aqliy salohiyatga ega bo‘lib (aks holda qanday qilib pul topishardi), arzimagan mashg‘ulotlar uchun vaqt sarflab o‘tirishmaydi. Ammo bu yanglish fikr. Boylar ham boshqalardek odam, ularning ham ermaklari bor. Xo‘sh, badavlat kishilar qanday xobbilarni xush ko‘radi?..
Afsonaviy Jon Rokfeller golf bilan shug‘ullana boshlaganida 60 yoshda bo‘lgan. U o‘zining har bir mulki joylashgan joyda golf maydoni qurib, bir necha soatni shu yerda o‘tkazgan. Hatto qor yog‘ayotganida ham, Rokfeller otlari va qor tozalagich yordamida maydonni tozalashni buyurar, hamkorlarini qiziqtirish uchun o‘yin nimchalarini tarqatar, bellashuvni aslo bekor qilmasdi.
Milliarderning ikkinchi ishqibozligi ko‘chat o‘tqazish bo‘lgan. Rokfeller Pokantikodagi qo‘rg‘oniga ulkan daraxtlarni ko‘chirib keltirgan (ularning balandligi 30 metrgacha bo‘lardi). Bundan tashqari, milliarder yollagan brigadalar birvarakayiga 10 mingta ko‘chat ekar, keyinchalik janob Rokfeller ularni sotib foyda ham ko‘rardi. Rokfellerlarning bir qarindoshi Devid esa qo‘ng‘izlarni kolleksiya qiladi.
«Maykrosoft» rahnamosi Bill Geyts Enn Vinbladning ko‘nglini ovlash chog‘ida unga fizika kitobini o‘qib bergan va tinglashi uchun mashhur Richard Feynman ma’ruzalarini topshirgan. Bu mahbubasiga manzur bo‘lgan edi.
Geyts turli o‘yinlar va boshqotirmalarga ham qiziqqan. Bir gal uycha va qo‘rg‘onlar yasash uchun olti tonna qum keltirgan. Bu o‘yinda o‘zi ham ishtirok etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Keyingi vaqtlarda Geytsning mashg‘uloti o‘zgardi. U suv tubidan baliq tutish va avtomobilni ekstremal boshqarishga berilib ketdi.
Yana bir milliarder — amerikalik sanoatchi Jan Pol Getti san’at asarlarini yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lgan. U bu xobbisiga juda ko‘p vaqt ajratgan. Getti muzey va osori-atiqalar do‘koniga haftalab tashrif buyurar, eksponatlar tarixini sinchiklab o‘rganar, oqshomlari esa tadqiqotchilar bilan gaplashardi.
Britaniyalik tadbirkor va «Virgin» korporatsiyasi asoschisi Richard Brenson xatarli tryuklarni yaxshi ko‘radi. U La-Mansh uzra suzib o‘tish va Tinch okeani bo‘ylab havo sharida parvoz qilish kabi o‘ta xavfli sarguzashtlari tufayli Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan.
«Bank of Amerika» korxonasi yirik aksiyadorlaridan biri Klemmi Daykson Spengler qadimiy soatlarni tuzatish bilan mashg‘ul. Hammasi bundan 45 yil muqaddam, onasi sovg‘a qilgan XVII asrga tegishli soatni ta’mirlashga qaror qilgan kundan boshlangan. Uydagi barcha buzuq soatlarni tuzatgan Spengler o‘zining xususiy ustaxonasini ochish harakatiga tushdi.
Fil Anshuts har kuni tongga soat beshda uyqudan turadi va 10 mil masofaga yuguradi. Geri Meygnes esa kimsasiz yo‘l bo‘ylab yuk mashinasini haydashni yaxshi ko‘radi.
Yana bir magnat, futbol klubi xo‘jayini Jeyms Aysri musiqiy asboblarni kolleksiya qiladi. Uning to‘plamida mashhur insonlar Jorj Xarrison va Jerri Garsiaga tegishli gitaralar bor. Aysri ushbu xobbisi uchun mablag‘ini ayamaydi.
Ijod bilan shug‘ullanadigan millionerlar ham kam emas. Masalan, neft magnati Garold Lafayet Xant utopik va avtobiografik romani hisoblangan «Alpaka» ustida ishlagan. Jan Pol Gettining o‘g‘li sarmoyador Gordon Getti esa opera yozish uchun neft biznesini tark etdi. U asarlaridan birini Shekspir qahramoni nomi bilan «Falstaf» deb e’lon qildi.
Tadqiqotchi Fridson fikriga ko‘ra, agar siz boy bo‘lishni xohlasangiz, badavlat odamlarga o‘xshashga intiling. Bu degani – sarguzashtlardan iborat har bir kuningizdan quvonish, qat’iyatli bo‘lish va har qanday holatda ham g‘alab qozonish ko‘nikmangizni o‘stirishni hoziroq boshlang. Aftidan, olim ishlash va biznes bilan shug‘ullanish kerakligi, aks holda odat va xobbilarning o‘zi qoplab pul olib kelmasligini unutgan ko‘rinadi.
Akbar FATHULLAYeV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter