Boylarga ham balo urmoqda: rossiyalik oligarxlar 28 milliard dollardan ayrildi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi xabar geosiyosatni ag‘dar-to‘ntar qilgani ma’lum. Ushbu xatarnok mujda butun dunyo, xususan, Rossiya birjalariga ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. «Forbes» jurnaliga ko‘ra, Ukraina bilan bog‘liq tanglik sabab rossiyalik oligarxlar 2021-yil 20-dekabrdan yanvar oxiriga qadar birjadagi narx qulashi sabab 28 milliard dollardan mosuvo bo‘ldi.
Siyosiy buhron ortidan moliyaviy zarar ko‘rgan boylar orasida yetmishdan ziyod nom qayd etilgan. «Novatek» va «Sibur» kompaniyalari egasi Leonid Mixelson bir oy ichida 2,1 milliard dollarni boy bergan. «Novatek» va «Sibur» kompaniyalari direktorlar kengashi a’zosi Gennadiy Timchenko 1,9 milliard dollarning bahridan o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, «Polyus» oltin shirkatini nazorat qiluvchi Sulaymon Kerimov 1,8 milliard, «Severstal» kompaniyasi egasi Aleksey Mordashov 1,7 milliard, «Arrival» elektromobil shirkati asoschisi Denis Sverdlov 1,6 milliard dollar zarar ko‘rgan.
Ukrainaga ehtimoliy hujum Rossiya fond bozorida narxlarning qulashiga olib keldi, rubl dollar va yevroga nisbatan sezilarli darajada qadrsizlandi. Tahlilchilar yanvar oyi Rossiya fond bozori uchun so‘nggi 2 yildagi eng yomon muddat ekanini aytmoqda.
«RBK» nashriga ko‘ra, 18 yanvar kuni eng jiddiy pasayish kuzatildi: moliya bozori 15 foiz o‘sishni boy berdi. Pasayish tendensiya keyin ham davom etdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, Vashington hamda uning ittifoqchilar Moskvaga nisbatan misli ko‘rilmagan iqtisodiy jazo choralari qo‘llashini ma’lum qilgan.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov ham Ukrainaga ehtimoliy hujum oqibatlarini baholadi.
«Avvalo aytish kerakki, G‘arbni Ukraina va qadriyatlar emas, neft narxi ko‘proq tashvishga solmoqda. Agar hujum amalga oshsa, bir necha kun ichida neft taklifi qisqaradi va kotirovkalar 150 dollargacha yetishi mumkin. Neft narxining keskin ko‘tarilishi tiklanayotgan iqtisodiy o‘sishni yana sekinlashtiradi va hatto manfiy ko‘rsatkichgacha tushiradi. 2021 yildagi inflyasiya rekordlari yangi maksimumlargacha ko‘tariladi», – deb yozadi mutaxassis.
O.Bakirovning ta’kidlashicha, bu jarayon global kapitalning rivojlanayotgan davlatlardan AQShga ko‘chishini ham tezlashtiradi.
«Rossiyaga qarshi qo‘llanadigan sanksiyalar fond bozorlarida misli ko‘rilmagan stresslar yaratadi. Global kapitalning rivojlanayotgan davlatlardan xavfsiz hududga – AQShga ko‘chishi yanada tezlashadi. Uchinchi eshelondagi davlatlarning valyutalari eng ko‘p javr ko‘radi», – deb hisoblaydi u.
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Ukraina bilan chegara hududlarda 100 ming askarni safarbar holga keltirgan. AQSh, Buyuk Britaniya hamda NATO Kreml Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirmoqda deb hisoblaydi. Ukraina ma’muriyati ham shunday fikrda.
Moskva esa hujum haqidagi bayonotlarni rad etmoqda.
AQSh ma’muriyati Ukrainaga hujum Rossiya uchun halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, yirik sarmoyadorlar hozirdanoq urush hidi kelayotgan hududdan yiroqroq bo‘lishni ma’qul ko‘rmoqda.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter