Boshlangan haftada biroz salqin ob-havo kuzatiladi – O‘zgidromet

O‘zgidromet 19-23-iyun kunlari uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Markaz xabariga ko‘ra, joriy haftada issiq biroz pasayishi kutilmoqda.
Bugun kunduzi respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Bugun havo harorati 36-41 daraja, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda 42-45 daraja atrofida bo‘ladi.
Kavkaz hududlaridan nisbatan biroz salqin havo kirib kelishi hisobiga ertangi kundan issiq biroz pasayadi. Havo harorati ish haftasining oxirigacha 33-38 daraja atrofida bo‘ladi.
Poytaxtda bugun 38-40 daraja, keyinchalik ish haftasining oxirigacha 35-37 daraja bo‘ladi.
Respublikaning eng chekka janubida issiq havo massasining ta’siri saqlanib turadi. Harorat asosan 39-41 daraja, Surxondaryo viloyatida hafta o‘rtasiga kelib, ba’zi joylarda 42-44 darajagacha bo‘ladi.
20-iyunda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek kechasi va ertalab Toshkent viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Haftaning birinchi yarmida ob-havoning beqarorligi respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida saqlanib turadi – ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi. Bugun kunning ikkinchi yarmida va ertaga ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli va do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.
Bugun va ertaga respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, 23-iyunda janubda va cho‘l hududlarda shamolning kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter