Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir o‘rinbosari mardikor ayollar muammosini hal etishga bel bog‘ladi

Bosh vazir o‘rinbosari mardikor ayollar muammosini hal etishga bel bog‘ladi

Foto: «Facebook» / Tanzila Narbaeva

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Qo‘yliq bozori atrofida yollanma ish bilan shug‘ullanayotgan ayollar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda uning o‘zi «Facebook»dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Har bir ayolning ortida — uning oilasi, farzandlari turadi. Shunday ekan, har bir ayol baxtli bo‘lishga haqli. Biz mustaqil, demokratik davlatda yashayotgan ekanmiz, har birimiz uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda jamiyatga, davlatga foydamiz tegishi uchun xizmat qilishimiz zarur.

Ayollarning o‘z oilasini, shirindan-shakar farzandlarini tashlab, uzoqlarda pul topish maqsadida tayinli uy-joysiz, mehnat daftarchasisiz, birovlarning qo‘liga karab ishlashi — bu albatta, har birimizning og‘riqli nuqtamizdir.

Sababi, Ona uzoqda bo‘lgach, o‘z farzandlariga beradigan mehrni yana kim bera oladi? Axir hozirgi kunda barcha hududlarimizda ishsizlik muammosi hal etilmoqdaku, aholiga juda qulay sharoitlar yaratilmoqda-ku!», — deb yozadi Tanzila Norboyeva.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, birgina shu yilning 5 oyida 131 ming xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida kecha Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan poytaxtimizning Kuylik bozori atrofiga norasmiy yollanma ish izlab kelgan ayollar sayyor qabuli o‘tkazildi.

Qabulda ishtirok etish uchun hududlardan xotin-qizlar qo‘mitalari vakillarini, bandlik markazlari, ichki ishlar idoralari xodimlari ham taklif etildi.

Sayyor qabulda Toshkent shahriga respublikamizning turli hududlaridan kelgan 112 nafar ayol bilan suhbat o‘tkazilgan.

Ayollarning aksariyati Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan bo‘lib, ularning ayrimlarida fukarolik pasportlarining yuqligi, ayrimlari hatto homilador ekanliklari, uyi bulmaganligi uchun Toshkentga kelganligi, yana ayrimlari turmush o‘rtoqlarining qiynoqlariga chiday olmay, arazlashib kelganliklari aniqlandi.

Shu yerning o‘zida 67 nafar ayolning muammosiga yechim topilgan. Ko‘pchilik ayollar hududiy xotin-qizlar qo‘mitalari xodimlari bilan o‘z uylariga qaytarildi. Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ularning barcha muammolari hal etiladi, eng asosiysi — bandligini taminlash choralari albatta ko‘riladi.

«Sayyor qabulimiz jarayonida qo‘lida hunari bo‘lmagan yosh ayollarni kasbga o‘rgatish va o‘z ishini boshlashlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida ularni zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash ham rejalashtirildi.

Endi bunday ishlarni barcha hududlarda olib borilishini yo‘lga qo‘yamiz, chunki jamiyatimizda o‘z yo‘lini hali topa olmayotgan, qiynalib yashayotgan opa-singillarimiz ko‘p. Ularni rozi qilish esa — bizning asosiy maqsadimiz».

Tanzila Norboyeva,

Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring