Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura «GM Uzbekistan»ni taftish qildi (video)

Bosh prokuratura «GM Uzbekistan»ni taftish qildi (video)

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, uning hududiy bo‘limlari tomonidan 2018-yilning o‘tgan davri davomida avtotransport vositalarini avtosalonlardan noqonuniy ravishda olib chiqib berish, rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi holatlar bo‘yicha jami 45 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlangan ushbu jinoyat ishlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 2 tadan, Andijon va Xorazm viloyatlarida 3 ta, Farg‘onada 4 ta, Toshkent shahrida 11 ta, Buxoro viloyatida 12 ta shunday holatlar ro‘y bergani kuzatiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Raqamlardan anglash mumkinki, bu boradagi qing‘irliklarda buxorolik va poytaxtlik qo‘shtirnoq ichidagi “shovvozlar” yetakchilik qilmoqda. 2018-yil 17-may kuni Departamentning Buxoro shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. Fuqaro Suhrob Barotov tomonidan Umida Bo‘stonovaga Buxoro shahridagi avtosalonlarda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “Kaptiva” rusumli avtomashinani tez orada olib beraman deya va’da beriladi. Xizmat evaziga esa Suhrob Barotov 1500 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.

Ana shunday yana bir firibgarlik xolatiga departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qo‘yildi.

Xonqa tumani Ahillik mahallasida yashovchi fuqaroning qilgan murojaatida ko‘rsatilishicha, Urganch shahrida yashovchi, “Xorazmavtosavdo” MChJda ishlaydigan Azamat ismli shaxs “Damas” rusumli avtomashina sotib olish shartnomasi uchun undan 1100 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaroning arizasi yuzasidan 2018-yil 25-avgust kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro Azamat Yusupov firibgarlik yo‘li bilan 1100 AQSh dollarini olgan vaziyatda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Toshkent shahar Shayxontoxur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Chilonzor tumanida joylashgan AVTOTEXXIZMAT MChJ muxandisi Zoxidov tanishlari orqali fuqaro Asanovaga Yunusobod tumanida joylashgan XUMO avtosalonidan LASETTI JENTRA rusumidagi avto mashinani sotib olib berishni va’da qilib, evaziga 900 AQSh dollarini 17-shahar klinik shifoxonasi oldida olayotgan paytda qo‘lga olindi. Lekin Zoxidov o‘z ko‘rsatmasida bu mablag‘ning 700 AQSh dollarini AVTOTEXXIZMAT ekspeditori Nazarovga berishini ma’lum qildi. Shunga muvofiq o‘tkazilgan tezkor harakatlar davomida Nizomiy Davlat pedagogika Universiteti atrofida Nazarov Zoxidovdan ushbu mablag‘ni olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Yuqorida keltirilgan tovlamachi va firibgarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi sizda mashina sotib olishda korrupsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa 10-07 yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining 233-10-07 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni so‘raydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring