Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga hujjatlar qabul qilinmoqda

Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga hujjatlar qabul qilinmoqda

Foto:«Xalq so‘zi»

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga abituriyentlar qabul qilinadi. Bu haqda «Xalq so‘zi» nashrida xabar berildi. 

Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘qitishning amaliy xususiyatiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.

Akademiya magistraturasiga abituriyentlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Magistraturaga tanlov «yurisprudensiya»  mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasida o‘tkaziladi. Shuningdek, prokuratura organlari xodimlari, shu jumladan amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlar tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Akademiya magistraturasining «korrupsiyaga qarshi kurashish», «prokurorlik faoliyati» va «tergov faoliyati» yo‘nalishlari bo‘yicha 2019-2020 o‘quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to‘lov kontrakti asosida qabul kvotasi tasdiqlangan bo‘lib, shundan:

– prokuratura organlari xodimlari uchun – 15 ta (har bir yo‘nalish bo‘yicha 5 tadan);

– ochiq tanlov bo‘yicha – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo‘nalishda 1 tadan) va to‘lov kontrakti asosida 12 ta.

Ochiq tanlov bo‘yicha davlat granti asosida qabul qilingan nomzodlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to‘lanadi.

Kirish imtihonlari 20-avgust – 10-sentyabr oralig‘ida mutaxassislik fanlari va chet tili fanidan yozma imtihon, shuningdek suhbat tarzida o‘tkaziladi.

Mutaxassislik fanlari bo‘yicha yozma imtihon va suhbat jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquqi, konstitutsiyaviy huquq, davlat va huquq nazariyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fanlaridan kazuslar va savollar hamda huquq fanlaridan essedan iborat bo‘ladi.

Chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlardan CEFR (Common European Framework of Reference) bo‘yicha V2, IELTS (International English Language Testing System) bo‘yicha 5.5 ball, TOEFL (Test of English as a Foreign Language) bo‘yicha 72 balldan kam bo‘lmagan ballga ega nomzodlar chet tili fani bo‘yicha imtihonni topshirishdan ozod qilinadilar. Ularga eng yuqori ball (50 ball) qo‘shiladi.

Akademiya magistraturasida o‘qish davomiyligi – 1 yil.

O‘qish jarayonida ijobiy natijalarga erishgan Akademiya magistraturasi bitiruvchilari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishga tavsiya qilinadilar.

Akademiya magistrlari Akademiya doktoranturasida yoki mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanib, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim jarayoni o‘qitishning samarali zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan tarzda amalga oshiriladi.

Ta’lim jarayonini yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari amaliyotida o‘zini oqlagan qulay va samarali usul – akademik kredit tizimi asosida tashkil etish rejalashtirilgan.

Akademiyada ta’lim jarayonining asosini o‘qitishning zamonaviy interfaol shakl va usullarini qo‘llagan holda amaliyotga yo‘naltirilgan, kompetensiyaviy yondashuv tashkil etadi. Ta’lim sifatini baholash maqsadida doimiy monitoring joriy etiladi.

Akademiyada sud jarayoni imitatsiyasi, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish hamda boshqa amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish imkonini beruvchi maxsus o‘quv xonalari jihozlangan.

Tinglovchilarda tergov hamda tezkor-qidiruv faoliyatini o‘tkazish bo‘yicha maxsus ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tizimli ravishda vaziyatli o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Akademiya til o‘rgatish kafedrasi tomonidan ingliz tilini yuridik maqsadlarda chuqur o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda o‘tkaziladi. Shuningdek, Akademiyadagi «Discussion club»  doirasida jamiyatdagi huquqiy muammolarni ona tilisi ingliz tili bo‘lgan xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilish orqali tinglovchilarda yuridik ingliz tilini qo‘llash ko‘nikmalari mustahkamlab kelinmoqda. Bosh prokuratura Akademiyasi dunyoning 30 ga yaqin yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lib, tinglovchilar o‘zaro almashinuvi dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Unga ko‘ra, magistratura tinglovchilari xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tish va tajriba almashish imkoniyatiga ega. Shuningdek, o‘quv jarayoniga Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari ekspertlari hamda professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Magistraturaga nomzodlar joriy yil 10-iyun – 10-avgust kunlari davomida doimiy yoki vaqtincha yashash manzili bo‘yicha Akademiya qabul komissiyasi a’zolari – prokuratura organlarining kadrlar tarmoqlariga hujjat topshirishlari mumkin.

Qo‘shmcha ma’lumotlarni (71) 202-04-96 (1775) raqami orqali bog‘langan holda olishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring