Bo‘riboy akaning vasiyati
Volfgang Shrayberni eslab...
Sovet davrida yosh ijodkorlar – me’morlar, kompozitorlar, jurnalistlar, shoir va san’atkorlar – guruhi tarkibida Polsha va Germaniyaga safarga borganman. Toshkentdan poyezdga chiqib, Qozog‘iston orqali Rossiyadan ham o‘tib, uch kunda Belorussiyaning Brestigacha borganmiz. Keyin u yerda bir avtobusga chiqdik va uning bizni tinimsiz «yo‘lga solib» yurgan o‘ris haydovchisi bilan ikki mamlakatda yurdik.
Germaniyada bo‘lganimizda harbiy qismlarga borib, sovet askarlariga konsert berdik va chiqishlar qildik. O‘ris haydovchi bizga ehtiyot bo‘lishni, nemislar sovet odamlarini yaxshi ko‘rmasligini, urushda yengilgani alamidan chiqmaganligini, ular bilan juda yaqinlashmaslikni uqtirardi. Sovet askari haykalini ziyorat qildik, bizdan boshqa birov borib ziyorat qilganini ko‘rmadik. Naumburg shahridagi harbiy qismda chiqish qildik va ziyofat payti qism komandiri: «Shahar aylanganda ehtiyot bo‘linglar, yo‘l chetidan, balkonlar tagidan yurmanglar. Bu shaharda Gitlerning yoshlik yillari o‘tgan. O‘sha zamonga shod kampirlar, chollar bor. Tepadan bir tomchi kislota tomizadi, agar miyaga tushsa, oyoqqacha teshib tushadi. Bular bizni, harbiy qismlarni ham bosqinchi qo‘shin deb biladi. Faqat oziq-ovqat uchun hududdan chiqamiz, xolos», – dedi. Shu gaplar ta’sirida safar qilib keldik.
Yana bir o‘sha safardan yodda qolgani – olmonlarning tartibliligi edi. Biror yerga, hatto bizga ovqat tayin qilingan yemakxonaga-da, kechikib ham, vaqtidan oldin ham bormaslik kerak edi. Ovqatxonada taomlarni olib kelib qo‘yishdi-yu, lekin non qo‘yishmadi. Maktabda ham, men o‘qigan ikkita universitetda ham chet tili sifatida ingliz tilini o‘qiganman. Nemischa bilmasdim. Qarasam, hamma taom tashiydigan juvonga «bitte-bitte» deb murojaat qilyapti. «Iltimos» yoki «marhamat qiling» yoxud «tashakkur» degani bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Ko‘rgan kinolarimdagi «axtung!», «svayn-drayn»larni esladim. So‘ng inglizcha «buterbrod» (yog‘u non) esimga tushdi. Olmonchada ham non shunga monand «brot» ekan. Juvonga «bitte» devdim, oldimga keldi. «Bitte, svayn brot...» – degandim, yugurib borib ikki bo‘lak non keltirdi. Nemischani ham bilib oldim, deb ilk bor quvonganman.
Sovet tuzumi quladi. Mustaqil davlat bo‘ldik. Dunyo bilan yuzma-yuz keldik. Turli davlatlarda safarda bo‘ldik. Yurtimizga ham dunyodan odamlar keldi. Xalqaro tashkilotlar keldi. Shular qatorida Germaniya bilan do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
Va taqdir O‘zbekiston davlati va xalqiga ko‘plab xayrixoh insonlarni yo‘lladi. Shu davrda biz, ziyolilarga ajoyib bir olmon do‘st – chin ofitser, mohir siyosatchi va zukko tashkilotchi Volfgang Shrayberni hadya qildi. U mening nemis xalqi haqidagi tasavvurlarimni batamom isloh qildi.
1938 yil iyulida Germaniyada – Tyuringiyada tug‘ilgan Volfgang Shrayberning bolaligi va o‘smirligi Xitoyda hamda Turkiyada o‘tgan, Osiyo va Sharq uning qalbida bir umr qoldi. Bu mehru muhabbat uning hayotiy qadamlarida va so‘nggi qarorida ham aks etdi.
Harbiy uchuvchi bo‘lgan, NATO qo‘shinlarida xizmat qilgan Volfgang Shrayber kasbiy faoliyatini tugatganidan so‘ng, bolalik orzusi bo‘lgan Sharqqa talpindi va uni Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi bo‘linmasiga rahbar qilib tayinlashdi. Shrayber rahbarligida mazkur jamg‘arma mintaqamizda juda ko‘plab foydali loyihalar – siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ekologiya, ma’naviyat, diniy bag‘rikenglik, so‘z erkinligi singari global muammolar bilan birga olis hududlarni suv bilan ta’minlash, muqobil energiya manbalari singari hayotiy ehtiyojlarni o‘z ichiga olgan turli-tuman dasturlarni amalga oshirdi.
Men dastlab mazkur jamg‘armaning ayrim seminar va treninglarida qatnashgandim. Ayniqsa, Abu Rayhon Beruniy, Bahovaddin Naqshband singari ajdodlarimiz merosini mustaqillikka bog‘lab tadqiq etilishiga, milliy o‘zlikni tiklash, jadidlar merosini o‘rganishga (Shrayber jadidlarning ijodi va faoliyatiga mehrli edi) so‘z erkinligi qaror topishiga xizmatlari ko‘nglimga juda maqbul edi. Fondning va Shrayberning ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida yozilgan va yozilmoqda. Men o‘z shaxsiy taassurotlarimni aytaman.
Volfgang aka bilan ilk uchrashuvimiz O‘zbekistonda «Hurriyat» mustaqil gazetasining shov-shuvli besh soniga bosh muharrirlik qilganim va senzuraga isyon sifatida uni tark qilganimdan keyin bo‘ldi. Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mintaqadagi Volfgang Shrayber bilan o‘sha uchrashuvimni hanuz eslayman. U gazetaning va mening taqdirimdan xavotirda edi. Mendan so‘z erkinligini qaror toptirish uchun bu mamlakatda yana nimalar qilish lozimligini so‘radi. Men, albatta, muammolarni qatorlashtirib ko‘ndalang qo‘ydim va u miyig‘ida jilmaydi: «O‘rtoq yangi jadid, sal toliqibsiz, charchabsiz. Bilasizmi, biz, xorijliklar bu ishlarga yordam qilamiz deb harakat qilsak ham, sizning hukumatingiz «mamlakatning ichki ishlariga aralashyapsizlar», – deb ayblaydi. Keling, siz biz bilan Germaniyani bir aylanib, dam olib keling», – deb taklif qildi.
Angladimki, u mamlakatda asta-sekin bosh ko‘tara boshlagan avtoritarizmdan hayronalikda bo‘lib, mening dunyo ko‘rishimni, yetakchi davlatlarda hukumat va matbuot qanday ishlashini o‘rganishim va yaxshi kunlarni kutishimni istardi. «Men ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman va turli tuzumlardagi turli xalqlarni ko‘rganman, – dedi u. – Hamma yerda bir narsa bor – bir foiz odam mudom aldam-qaldam va yolg‘on bilan yashaydi, bir foiz odam har qanday tuzumda ham faqat rost gapiradi, to‘qson sakkiz foiz odam hukumatning fe’liga qarab turadi, imkon berishsagina rost gapiradi. Mana, oshkoralik va qayta qurish davrida, mustaqillikning dastlabki yillarida qancha gaplar aytildi. Lekin yana so‘z erkinligiga bosim boshlanganda, hamma jimib qoldi. Siz esa o‘sha rost gapiruvchi jadidlardansiz. Mening vazifam o‘sha har qanday holda ham rost gapiradigan bir foizni asrab qolishda yordam berishda, deb bilaman».
Biz Germaniyaga yo‘l oldik. Safimizda Inson huquqlari bo‘yicha parlament vakili – Ombudsman Sayyora Rashidova, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi Bahodir Eshonov, Tashqi ishlar vazirligi «Jahon» axborot agentligi rahbari Abror G‘ulomov, sud va prokuraturaning ba’zi mintaqaviy rahbarlari bor edi. Hammasi kazo-kazo, men esa o‘sha payti gazetadan ketib, ishsiz yurgan odam edim.
Mazkur safar mening dunyoqarashimga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu men sovet davrida borgan mamlakat emas, birlashgan Germaniya edi. Ko‘plab narsalardan hayratlanganman. Ayrimlarini sanab o‘taman. Ikkkinchi jahon urushini boshlagan, butun dunyoga va nemis xalqining o‘ziga qahshatqich zulm va azob keltirgan fashistik tuzumdan xulosa chiqargan Konrad Adenauer bu zulmning manbai hokimiyatning bir qo‘lda to‘planishi, avtoritarizm ekanini yaqqol tasavvur qildi va yuqoridagi kuchlarni taqsimlash va markazdan chetlatishga qaror qildi. Yani hokimiyatning turli tarmoqlari nafaqat siyosiy va qonuniy bir-biridan mustaqil bo‘ldi, balkim jug‘rofiy jihatdan ham ajratildi. Hukumat rahbari Bonnda bo‘lsa, Oliy Sud mamlakatning bir chetiga, Prokuratura boshqa chekkasiga, Xavfsizlik va razvedka idorasi Kyolnga, Ishchi ishlar vazirligi shimoliy yerlarga jo‘natildi. Buni o‘zbekona aytsak, Oliy sud – Surxondaryoda, parlament – Samarqandda, prokuratura Farg‘onada, ichki ishlar vazirligi Xorazmda joylashgan bo‘lardi. Men 20 yildan beri ishlayotgan Oliy sud raisidan so‘radim: «Sizga Bonndan hukumat rahbari kimnidir qamashni yoki ozod qilishni buyurishi mumkinmi?». U shunday javob berdi: «Yigirma yildan beri buyurish u yoqda tursin, Bonndan bir marta telefon qo‘ng‘irog‘i ham bo‘lmagan». Albatta, bir odamning qo‘lida sud ham, politsiya ham, ommaviy axborot vositalari ham to‘planishi avtoritar, fashistik tuzumni olib keladi el boshiga...
Men Germaniyada matbuotning qudratini ham ko‘rdim. Bunday esdaliklarim ko‘p va, albatta, Volfgang Shrayberning missiyasi o‘zbek va nemis xalqini do‘st qilish bo‘lsa, u meni nemislarga do‘st qilgan. U erkin matbuot nima ekani va qanday ishlashini menga o‘rgatishni niyat qilgan bo‘lsa, menga o‘rgata oldi.
Volfgang Shrayberda bu yurtda ishlagan davrida, odamlarni, tarixni, ma’naviyatni o‘rganish mobaynida O‘zbekistonni va o‘zbek xalqini astoydil sevib qoldi, uning tashvishidan qo‘shilib kuyinadigan, uning quvonchiga qo‘shilib shodlanadigan bo‘ldi. Bu namoyishkorona muhabbat emasdi, chin dildan keladigan va harakatlar bilan quvvatlangan muhabbat edi.
Bu muhabbatning birinchi isboti – u xizmat vakolati tugaganidan so‘ng ham O‘zbekistonda yashab qoldi, nafaqaxo‘r paytida ham tog‘li qishloqlarda muqobil energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi islohoti, san’at bo‘yicha xalqaro loyihalarning tashabbuskori va ijrochisi bo‘ldi. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Xumsonda yer olib, uy tikladi va har yili tog‘dagi yarim yilini qishloq odamlari ichida yashadi, kuz va qishda Toshkentda istiqomat qildi.
Shrayber Alisher Navoiyni, Beruniy va Naqshbandni yaxshi bilar va yaxshi ko‘rardi. U o‘z atrofiga hamfikr, hammaslak hamda hurfikrli insonlarni to‘pladi va bu davrani «Chig‘atoy gurungi» deb atadi. Har oyda bir marta do‘stlarni Toshkentdagi uyida yoki Xumsondagi dala uyida jamlar, mamlakat taqdiri, demokratiya, diniy tolerantlik, san’at singari mavzularda suhbat tashkillashtirardi. Bu davralarning asosiy tashkilotchilik ishlari uning zimmasida bo‘ldi. Bu yigirma yil davomida deyarli har oy muntazam yig‘ilib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ma’naviy muammolarni muhokama, munozara qilgan davrada «Tashkentskaya pravda» gazetasining mashhur muharriri va ajoyib jurnalist A’lo Xo‘jayev, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro Markazi rahbari Gulnora Bobojonova, «Ijtimoiy fikr» markazining rahbarlaridan biri, sotsiolog Marat Hojimuhamedov, siyosatshunoslik fanlari doktori, palovni qoyillatib damlaydigan Muqimjon aka Qirg‘izboyev, buyuk rassom, Badiiy akademiya Prezidenti Akmal Nur, O‘zbekiston Konservatoriyasining professori, dirijyor Vladimir Neymer, O‘zbek-nemis do‘stlik jamiyatining rahbari Galina Astashova, davlat arbobi Xotam Abduraimov, jurnalist, «Anhor.uz» sayti rahbari Lola Islomova, Milliy universitet jurnalistika fakulteti dotsentlari, filologiya fanlari doktori Yoqutxon Mamatova, filologiya fanlari nomzodi Nargis Qosimova singari qator ziyolilar bor. Hammamizni birlashtirgan inson Volfgang Shrayber edi.
Shrayber O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning Germaniyadagi ilk tashrifida kansler Gelmut Koll bilan uchrashganda ishtirok etgan va mamlakatni demokratlashtirishga yordam qilish da’vatiga ishonib Markaziy Osiyoga kelgandi. Yangi davlatning har bir ijobiy qadamidan quvonardi va har bir salbiy harakatdan qattiq o‘ksinardi. Uning sodda va samimiyligidan hayratlanardim. Biror-bir odam haqso‘zligidan qamalsa yoki biror amaldorning mansabni pora bilan egallaganini bilib qolsa, hayratlanishdan to‘xtamasdi: «Kak je ta», axir Islom aka O‘zbekistonni demokratik huquqiy davlat qilishga qaror qilgandi-ku?!» – derdi. Islom Karimov aqlli, ammo dog‘uli va makkor sharqona hukmdor ekanini, bir narsani gapirib, ikkinchi narsani o‘ylab, uchinchi ishni qiladigan ko‘pyuzli shaxsligini qabul qilolmasdi. Tuzum asta-sekin avtoritarizm va korrupsiya botqog‘iga botayotganidan har gal «Kak je tak, Karim?!» deb hayratlanardi va tuzumni insoniylashtirish harakatlaridan to‘xtamasdi.
Xudoga shukur, u umrining oxirida yangi islohotlar boshlanayotganini ko‘rdi.
Volfgang Shrayber dastlabki kitobidayoq o‘zining ismi-sharifini nemischasiga hamohang qilib, Valijon Sharipov deb qo‘ygandi. Nemischada va inglizchada «Volf» degani «bo‘ri» demakdir. Uni hamma Bo‘riboy aka derdi. Hatto Xumsondagi uyi darvozasida moviy taxtachaga zarhal harflar bilan «VILLA BURIBOY» deb yozib qo‘ygandi.
Nemis Bo‘riboy aka mamlakatda vaqtinchalik kelgan sayyohday yashamadi, mahallaning oddiy a’zosi kabi kirishib ketdi. Shrayber Toshkentdagi O‘rdadagi mahallasida mahalla faoliyatida faol ishtirok etdi va, hatto bir muddat mahalla raisiga o‘rinbosar bo‘lib ishladi. Birinchi qilgan ishi uyining orqasidagi qarovsiz, o‘tgan-qaytgan yerni hokimiyatdan so‘rab, obod qildi, o‘t va gullar ektirdi, Xitoy me’morchiligi uslubida san’atkorona ayvoncha tikladi. Unda Konfutsiy hikmatlarining iyerogliflari bitilgan bezaklarni osib qo‘ydi hamda bog‘ga bir bog‘bon tayinlab, maoshidan haq to‘lab turdi.
Bo‘riboy aka turadigan besh qavatli uyining o‘zi turadigan yo‘lagining besh qavatini o‘z hisobidan ta’mirlatib, devorlariga san’at asarlarini ostirdi, eshiklarga eng zamonaviy elektron qulf o‘rnattirdi (axir, san’at asarlarini ham, mahalla xavfsizligini ham o‘ylardi). O‘zi turadigan ko‘pqavatli uylar qarshisidagi yomg‘irda zanglagan temir garajlarni yo‘qottirmadi, aksincha, rassomlarni olib kelib, strit-art uslubida rasmlar soldirdi, qarshisidagi bolalar maydonchasini obod qildi, barchaga o‘rnak bo‘ldi. Mahallaning katta-kichik muammolari bo‘lsa, mahalla ahli obro‘li odam sifatida unga kelishar va u yurtboshidan olgan «Do‘stlik» ordenini taqib, yuqori idoralarga borardi. Bir mahalladosh shunchalik bo‘ladi-da!
Shrayberning san’atga, xususan, o‘zbek san’atiga muhabbatini uning xonadonidan ko‘rish mumkin edi. Alisher Navoiy nomidagi teatrining devorlaridagi ganch naqqoshligi namunalarini ko‘rib, bu san’at turining bugun yo‘qolib borishidan o‘ksindi va o‘z uy devorlariga ganch o‘ymakorligi ustalarini ishlatdi, bu uyning eshik va derazalari kesakilari, san’at asarlarining bagetlarida yog‘och o‘ymakorligi namunalarini ko‘rish mumkin. Uy jihozlarining har biri – eng mo‘’jaz o‘tirg‘ichlarigacha – san’at asari edi, ya’niki u bir xillikni yoqtirmasdi, har bir narsaning noyobligini ta’kidlardi. Ehtimol, Akmal Nur asarlarining eng noyob kolleksiyalaridan biri unga tegishli edi. Uy devorlarini Akmal Nur singari ko‘plab musavvirlarning ishlari bezab turardi.
Bo‘riboy aka o‘zbek san’atini Yevropa, xususan, Germaniyada targ‘ib qilish, Yevropa musiqasi va san’atini O‘zbekistonga yoyishga harakat qilardi. Bolalar musiqa orkestri va uning mitti dirijyorlarining Yevropaga safarini tashkil qilgan, Toshkent konservatoriyasida va shahrimizdagi katolik cherkovida Shopen, Betxoven, Bax va boshqa kompozitorlar asarlari konsertlariga bizni taklif qilardi.
Volfgang Shrayber katolik edi va katolik cherkovining rohiblari bilan dinini quvvatlash uchun beg‘araz madad berardi. Uyining ayvonida ota-bobolari dinining ramzlaridan burchak tashkil etgan va, ehtimol, yolg‘izligida shu burchakda ibodatini qilardi. Shu bilan birga islom allomalarining merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda katta ishlar qildi. Diniy bag‘rikenglikka oid o‘nlab anjumanlar, Bahovaddin Naqshband merosiga oid konferensiya o‘tkazdi, olmon jamg‘armalari Imom Moturidiyning asarlari va uning botil mazhablarga doir klassifikatsiyani tadqiq etgan kitoblarni chop etdi. Albatta, dunyo globallashgan zamonda mo‘’tadil islomning qaror topishidan, mutaassiblik va terrorchilikning barham etilishidan butun dunyo manfaatdordir. Shrayberning jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashdagi xizmatlarining ahamiyatini, u behuda xavotirga tushmaganini bugungi Yevropaga ham ko‘chgan terrorchilik harakatlari ko‘rsatmoqda.
Shrayber din dushmanchilikka emas, do‘stlikka xizmat qilishi kerak derdi. Bir kuni menga quvonib: «Bugun yo‘ldan qaytayotsam, ikki dugona ketib bormoqda – biri ro‘molga o‘rangan, muslima qiz va uning dugonasi o‘ris qiz (talabalar bo‘lsa kerak) – shu qadar chaqchaqlashib, bir-birlari bilan shivirlashib ketib borayotgandi. Fotoapparatim bo‘lganda suratga olardim. Bu bag‘rikenglikning namunasi!» – degandi.
Shrayberning ko‘pqavatli uyi yo‘lagiga osilgan suratlardan birini o‘g‘ri urib ketadi. Bundan xabar topgan militsiya uzoq izlab topolmaydi va militsiya mayori kelib unga «Oyatal kursi» bitilgan musulmoncha suratni sovg‘a qiladi. U katolik bo‘lsa ham, bu suratni uyining to‘riga ilib qo‘ygandi.
Shrayber har ramazonda musulmonlarga iftor qilib berardi.
Bir kuni u, «Bizning Germaniyada qabristonga yigirma yil pul to‘lab turiladi. Yigirma yildan so‘ng, qancha pul bersang ham, yangi begona o‘lik ko‘mishadi», – deb qoldi. Ota-onasining qabr toshini va bir hovuch tuprog‘ini Toshkentga keltirdi va o‘zi yaratgan boqqa o‘rnatib, tavob qilib turdi. Farzandlari chorlasa ham, Toshkentda yashab qoldi va o‘zini shu yerga dafn qilishlarini so‘radi. 2019 yili sakson yoshida hayotdan ko‘z yumdi va Botkin qabristonida dafn etildi.
Shrayber bizga yasama bo‘lmagan va har bir qadam bilan o‘lchanadigan yurtga fidoyilik tuyg‘usini vasiyat qildi. Shrayber bizga davlatni demokratiklashtirish va odil fuqarolik jamiyati qurish orzusini vasiyat qildi. Shrayberdan bizga «Chig‘atoy gurungi»ni va do‘stlikka sadoqatni meros qilib qoldirdi. Shrayberdan diniy bag‘rikenglik va mutaassiblikdan yiroq bo‘lgan birodarlik meros qoldi. Shrayber bizga ma’naviy merosga hurmat, san’at va san’atkorga ehtirom meros qoldi. Shrayber bizga bugungi islohotlar uchun zarur halollik va insoniylikni vasiyat qildi. Shrayber bizga so‘z erkinligiga sadoqatni vasiyat qildi.
Biz bu meros va vasiyatni qanchalik istiqbolga tomon olib borishimizni vaqt ko‘rsatadi.
Karim Bahriyevning «Betoqat» kitobidan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter