Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘ri zakot bermagan kishining molini yeydi

Bo‘ri zakot bermagan kishining molini yeydi

Bo‘ri zakot bermagan kishining molini yeydi, degan gap bor xalqimizda. Bolaligimda guvoh bo‘lgan bitta voqea bo‘rining yana bir karomatini ko‘rsatgan edi. Bu voqea ancha yillar oldin Qizilqumning olis yaylovlarining birida yuz bergan.

O‘rozboy ismli cho‘pon bir kuni ertalab yaylovdagi qo‘ylarini olib qaytish uchun otiga minib qo‘ng‘iroqning ovozini mo‘ljallab kelayotgan edi. Uning oti bir nimadan qo‘qqisdan ho‘rkib ketadi. Qarasa, nariroq joyda, toshlarning orasida nimadir qimirlayotgan ekan. Otdan tushib, sekin borib ko‘rsa – 4 ta bo‘ri bolasi. Bittasi inidan chiqib ketgan ekan, uni ko‘tarib olib iniga joylashtiradi. Bo‘ri bolalari och qolgan. Cho‘pon uyidan tushda pishirib yerman, deb olib chiqqan xom go‘shtini tashlab yo‘lini davom ettiradi. Kechda otarni joylashtirib, bo‘rining iniga kelsa, bo‘ri bolalari joyida yo‘q. Inning yonida faqat izlar. Demak, odam kelganini bilib, ota-onasi bolalarini boshqa joyga ko‘chirgan.

Oradan bir oy vaqt o‘tadi. Voqea unut bo‘ladi. Bir kuni O‘rozboy qo‘ylarini sanasa bittasi kam chiqadi. Qayta-qayta sanaydi, lekin bittasi yo‘q. Aniqlasa, ona qora qo‘y yo‘q ekan. Qir-adirlarni qidiradi, qo‘shni yaylovdagi cho‘ponlardan so‘raydi, lekin hech daragi chiqmaydi. Oradan yana bir oy vaqt o‘tadi. Bu voqea ham unut bo‘ladi.

Bir kuni tushda qo‘ylarini yaylovdan quduqqa qaray haydab kelayotgan cho‘pon uzoqdan changni ko‘radi. Serlab qarasa, boyagi yo‘qolgan qora qo‘yga o‘xshaydi. Hayron bo‘lib tursa izidan yana bir qora ko‘rinadi. Bu esa bo‘ri. Ana, xolos! Bo‘ri qora qo‘yni oldiga solib quvib otarga qo‘shadida g‘irra keyiniga yo‘rg‘alab qaytib ketadi. Cho‘pon lol bo‘lib, to‘daga qo‘shilgan qora qo‘yni ko‘zdan kechirsa, avvalgi qo‘y emas, lekin huddi shunga o‘xshash.

Yo‘qolgan qora qo‘yni bo‘rilar oziq qildimi yoki yo‘qmi, noma’lum, lekin, bo‘ri cho‘ponning qilgan yaxshiligini yerda qoldirmagan.

Bo‘ri odatda bolalaydigan paytda cho‘ponlar yashaydigan yaqin hududlardan in quradi va yaqinidagi cho‘ponlarning mollariga tegmaydi. Oto-bobolar agar moliga bo‘ri tegsa, uni yaxshilikka yo‘ygan, mollarimiz soni ko‘payadi, deb ishongan. Bir qizig‘i, bo‘rilar faqat kasal mollarga og‘iz solar ekan.

Ha, bo‘rida karomat ko‘p. Ko‘k bo‘ri turkiy xalqlarning totemi sanalgan. Afsonalarga ko‘ra, turkiy xalqlar ko‘k bo‘ridan tarqalgan. Turkiylarning bayrog‘ida ko‘k bo‘rining rasmi bo‘lgan. Shuning uchun azaldan xalqimiz bu jonzotga alohida hurmat bilan qaragan. Afsuski, tabiat qonuni buzildi. Bunga asosan odamzod sababchi bo‘ldi. Yovvoiy tabiatni o‘zlashtirdi, oqibatida tabiiy tenglik yo‘qoldi, jumladan, bo‘rilarning ozuqalari ham keskin kamaydi. Shu sababli bo‘rilar odamlarning mollariga tega boshladi.

Bo‘ri hech qachon qullikka ko‘nmaydi. U erkinlikni sevadigan hayvon. Yovvoiy hayvonlar orasida faqat bo‘rigina sirkda o‘yin ko‘rsatmaydi. Umuman, qo‘lda o‘rgatilmaydi (o‘rgatib ham bo‘lmaydi). Aslzot jonzotning odam bolasi o‘rnak oladigan jihatlari juda ko‘p. Bo‘rining terisini tiriklayin shilsang ham g‘ing demaydi. Bo‘rining tersini shilib olgandan keyin ham go‘shtiga chivin, hasharot, qurtqumursqa yo‘lamaydi.

Bo‘rining yana bir nomi qashqirdir. Cho‘ponlar «qashqir» deb nomi atalsa, o‘targa tegadi, deb irim qilib «it-qush» deb atashadi.

Bolaligimizda «o‘targa qashqir tegdi», degan xabar chiqsa butun qishloq guv etardi. Ovchilar qurollanib qashqirning iziga tushardi. Bir kuni ovchilar ovulga bitta qashqirni tutib kelishdi. Chala joni bor, lekin hamon havfli edi. Odamlarga nafratli ko‘zlari bilan qarab yotardi. Ovchilar mototsikllarda quvib urib tutgan ekan, bo‘ri mototsiklning ostida yotib ramasini ham chaynagan. Uning tishlari, jag‘lari naqadar kuchli ekanligini shunda ko‘rganman. Shu paytda bo‘rining isini sezib, ovuldagi itlar qayoqlargadir g‘oyib bo‘ldi.

Ovchilar bo‘rining iziga tushganda bir tomondan quvish kerak, deb aytardi. Sababi, bir tomonlab quvsa, uning bo‘yni shu tomonga qarab qotib burilmay qolar ekan. So‘ng ovchilar ikkinchi tomoniga o‘tib oson urib olarkan. Bo‘ri ko‘p yugursa yoki juda och bo‘lsa ham jag‘i qotib qolar ekan.

Bo‘ri boshqa hayvonlardan umuman boshqacha, uning xosiyatlari oldida bosh egmay ilojing yo‘q. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan quyidagi rasmga nazar soling.

Bo‘ri to‘dasi. Eng oldida uchta qari yoki ahvoli nochor kasal bo‘ri kelyapti. Agar oldinda qandaydir favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, avval shular qurbon bo‘ladi. Mabodo, bular oxirida qolib ketsa o‘lib qolishi mumkin. Butun to‘da ularning yurishiga qarab tezlik oladi. Shuningdek, bu uchchalasi keyingilarning kuchini saqlab qolishi uchun ularga yo‘l ochib kelyapti. Undan keyin 5ta kuchli bo‘rilar. O‘rtada esa 11 ta urg‘ochi bo‘ri. Ulardan so‘ng yana 5 ta erkak eng kuchli bo‘rilar va eng oxirida to‘da rahbari kelyapti. U to‘daning yurish yo‘nalishini nazorat qilib, tartibga tushiradi. Shu bois to‘daning ortida yuradi.

Bo‘ri haqiqatan ham aslzoda hayvon.Umri davomida faqat bitta juft tanlaydi. Agar jufti haloli o‘lsa, ikkinchisi umrining oxirigacha yolg‘iz yashaydi yoki qayg‘udan o‘zi ham jon beradi. Bo‘ri juda qasoskor. Agar bittasi qo‘lga tushib ikkinchisi omon qolib qutulib ketsa, albatta u qasos oladi. Bo‘rida or-nomus juda yuqori. Avratini boshqalarga ko‘rsatmaydi.

Qoraqalpog‘istonda Oqcho‘loq degan joy bor. U yerda hozir Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qad rostlagan. Ancha yillar oldin bu yerda yashagan bitta cho‘ponning qopqoniga oq qashqir tushib qoladi. Qopqonidan xabar olishga kelgan cho‘pon qashqirning o‘z oyog‘ini o‘zi chaynab uzib, qochib ketganini ko‘radi.

Keyinchalik ovul atrofida shu cho‘loq qashqir ko‘p vaqtlargacha yashaydi va qishloqqa uning hurmatidan Oqcho‘loq deb nom berishadi.

Bo‘ri bolasini kichik paytidan asrasang ham dumini likillatib erkalamaydi. Uning terisidan to‘n qilib kiygan odamni hech qanday sovuq yoki bo‘ron olmaydi.

Bo‘ri hech qachon o‘laksa yemaydi, faqat go‘sht yeydi, unda ham faqat o‘zi tutgan o‘ljasini tanavvul qiladi. Ulkan och bo‘ri bir yeganda 10 kilogacha go‘sht yeyishi mumkin.

Agar tabiatda muvozanat buzilmasa, bo‘ri odamga eng mehribon hayvondir. Boshqa biron jonzot odam bolasini boqmas, lekin tarixda bo‘rilar to‘dasida ulg‘aygan «maugli»lar ko‘p. Shularning bittasi Qoraqalpog‘iston sahralarida tutilgan Juma Jumayev edi. Bu haqida saytimizda avval ma’lumot berganmiz.

Shunday ekan, bo‘ridan o‘zimizga oladigan jihat juda ko‘p. Axir, bu jonzotni Xudo boshqacha qilib yaratgan. Shuning uchun itning egasi bo‘lsa, bo‘rining Xudosi bor, deyishadi.

Bo‘rilar qiyin vaziyatlarda bir-biriga doimo yordam qo‘lini cho‘zadi. Buni biz yuqoridagi suratda ham ko‘rdik. Bu xosiyatni ular bolaligidan bo‘yiga singdirishadi. Ota-onalari indagi bolalarining ichidan yetakchisini aniqlash uchun, o‘ljani tiriklay olib kelib beradi. Bolalar shu yerda o‘ljaga talashadi va ularning ichida qaysisi kuchli chiqsa, o‘ljaga shu egalik qiladi. Ota-onalari esa bu paytda tashqaridan jim kuzatib turadi. Ana shu eng kuchli chiqqani o‘ljani boshqalarga teng qilib taqsimlay boshlaydi. O‘zi esa eng oxirida ulushini oladi, agar ola olsa, bo‘lmasa boshqa ojizroqlarga qarashadi. Bu xosiyat ularning qoniga singgan.

Bu yerda qancha hikmat bor-a?! Bugungi kunda xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda ana shunday bo‘rining xosiyati bizga juda ham kerak. Mana yurtimiz bo‘ylab «Sahovat va ko‘mak» umumxalq harakati boshlandi. El boshiga kun tushganda bir-birimizga bo‘rilar kabi mehribon, rahmdil bo‘lishimiz darkor. Ikkinchi jahon urushida, qiyin vaziyatlarda butun sobiq ittifoqning bolalarini boqqan emasmidik?!

Ye.Qanoatov, O‘zA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring