Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Bolasini xo‘rlab, eridan o‘ch olmoqchi ayol nima topdiyu, nima yo‘qotdi? Xabar.uz Urgutda

Bolasini xo‘rlab, eridan o‘ch olmoqchi ayol nima topdiyu, nima yo‘qotdi? Xabar.uz Urgutda

Bolaning kaltaklanishiga bor-yo‘qchilik sababmi?

Norasida go‘dagini yuz-betiga ayovsiz urayotgan ayol eriga qasdma-qasd harakatini davom ettiraverar ekan, videoni o‘zi olayotganini ilg‘ay boshlaysiz. Bola yig‘isi ayolning asabiy ovozi bilan qorishib ketadi: «Tomosha qil, kayf qil... Sani kasringga bachalaring yem bo‘layapti... O‘zim tuqqan bo‘lsam, sen h...midan bo‘lgan...» Chinqirab yig‘layotgan bolaning burni zarbdan qonaydi.  So‘ng «Mana boshlandi... mana boshlandi... » deya bolani ko‘rpacha ustiga uloqtirib endi yanada qattiqroq ura boshlaydi «Sani qilgan qiliqlaring uchun boshlandi...»

Ana shu ayol bilan yuzma-yuz gaplashish uchun Urgutda bo‘ldik. Tuman hokimligiga kirib borganimizda ayolning qaynonasi, qaynog‘asi, mahalla xotin-qizlar faoli va psixolog taklif qilingan edi. Kelinning o‘zi o‘sha qizaloq bilan shifoxonada ekan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak S. 1980-yilda tug‘ilgan. Birinchi oilasidan  ajrashgan, birinchi nikohdan 15 yoshli o‘g‘li bor va u otasi oilasida yashaydi. G.1996-yilda tug‘ilgan, u ham birinchi oilasidan baxt topmagan. Bu oilasi to‘qqiz yil muqaddam barpo bo‘lgan. Ularning o‘zlari tanlov qilishgan.  Ayol kundoshining bolasi bilan birgalikda o‘zi dunyoga keltirgan to‘rt farzandini katta qilayapti ekan. Oila qaynona, qayinbo‘yinlardan alohida yashayotganiga ancha bo‘lgan. Dang‘illama uy-joylari bor. Ayolning harakatiga  iqtisodiy holatning aloqasi yo‘q deb ta’rif berishdi.

«Ayol ruhiy sog‘lom, faqat stress holatida»   

Ayol va bolani borib ko‘rib, suhbatda bo‘lgan, tuman xalq ta’limi bo‘limi psixologi Farog‘at Shukurova holatni shunday tasvirlaydi: «Qizcha 3 yoshda, sog‘lom. Qizaloqni onasi erkalab ovqatlantirib turgan vaqtga kirib bordik. Bola boshqalarga bormaydi, onasiga yopishib olgan. Ayol bilan gaplashdik, eri oktyabrda Rossiyaga ishga ketgan ekan, er-xotin janjallashayotgan vaqtda qizcha kelib telefonga yopishavergan. Ayol qizini siltab tashlaganda eri «bolani urma» degan. Ayol esa eriga qasdma-qasd bolani uravergan va tasvirga olib eriga jo‘natgan. «Kelib qara o‘zing» degan ma’noda. Ayol suhbat jarayonida kuchli stress holatida bo‘lgan. Hozir ancha o‘ziga kelgan. Lekin hamon ruhiy zo‘riqish holati mavjud. U qattiq pushaymonda».

Farog‘at Shukurova ayol psixiatr vrach ko‘rigidan o‘tkazilgani va unda ruhiy kasallik aniqlanmaganini ta’kidladi. Zero, videoni ko‘rgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari  orasida ana shu jihatni savol ostiga olganlar bor. 

Farog‘atxon, juftlik yoshlari orasidagi 16 yillik farq ham munosabatlarga ma’lum darajada ta’sir qilgan bo‘lishi ehtimolini ilgari surdi. «Qolaversa, ayol nimalarnidir ayta olmadi, shifoxonada ikki bolasi bilan (to‘qqiz oylik emizikli bolasini ham birga olib kelgan) bo‘lgani, ular biri qo‘yib biri onasiga injilayotgani uchunmi, boshqa sababdanmi, ichida qaysidir gaplari qolgandek...»  dedi psixolog.  

Suhbatlarda janjalga sabablardan biri ayolning rashki ekaniga ishora qilindi.

Buvining iztirobi

Videoni ijtimoiy tarmoqqa tarqalishini so‘ragan  66 yoshli Qarshigul Isroilova suhbat asnosida tobi qochayotgani sezilardi. «Internetga ber deb men aytdim. Milisalar bir qo‘rqitsa, boshqa shunday qilmaydimi deb o‘ylabman. Jinoiy  ish ochilishini bilmasdim» deydi. U kelini qamalishidan, beshta bola sarson bo‘lishidan qattiq xavotirda. Keyin kelini juda ozoda, saranjon-sarishta ekanini ham aytadi. «Manga ularning puli ham, ovqati ham kerak emas. Biz bilan uch yilcha yashadi, alohida bo‘lib chiqishdi. Faqat bir-ikkita bolasini olib kelinimni Rossiyaga ketkazolmayman, bolalarga endi qarolmayman» deya zorlanadi buvi. 

Qarshigul opa qand kasaliga chalingan. Oyog‘ining ikki barmog‘i ana shu kasallik oqibatida kesilgan, yurishga qiynaladi. Uch yil avval bir o‘g‘lining jasadi Rossiyadan tobutda kelgan. Kamiga qolgan uch o‘g‘li yana Rossiyaga talpinaveradi. «Urgutda ish yo‘q» deydi u. Hozirda ikki o‘g‘li Rossiyada. Onasini hokimiyatga olib kelgan kichigi Tohirning ham samolyot chiptasi tayyor. Yaqinda choli ham o‘tgan ekan. Mung‘ayib qolgan ayol voqeaning eng katta jabrdiydasi bo‘lib tuyulaveradi.

Onaxonning aytishicha, voqea bo‘lib o‘tgan kuni o‘g‘li Rossiyadan unga videoni tashlab, ukasi va uning ayoli (bu ovsini depressiyadagi ayolning tog‘avachchasi ekan) bolalaridan xabar olishini so‘ragan. Borishgan, ko‘rib hammalari biroz xotirjam tortishgan, kelinga nasihat qilgan bo‘lishgan.

Ammo Qarshigul opa tuni bilan uxlay olmagan, holat yana takrorlanishi mumkinligini o‘ylagan. Ertasiga qizi kelganida internetga joylashtirishini aytgan.

Qarshigul opa o‘g‘lining birinchi oilasi qo‘shni mamlakatdan ekani va O‘zbekistonda yashashni istamagani uchun ajrashganini aytadi. Ayolga ko‘ra, bu kelini o‘gay bolasini o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘radi, uni o‘zi katta qilgan va  janjalga bu bolaning aloqasi yo‘q. «Biri gapdan qolmasa, ikkinchisi vaziyatni bosiqlik bilan hal qilolmasa qiyin ekan. Shu yerda ham kelishmovchilik bo‘lib turardi», deydi Qarshigul opa. U oila parokanda bo‘lib ketishni istamaydi. Lekin o‘sha kungi telefon janjalida ayol «javobimni ber» deganida eri taloq deb yuborgan ekan. Onasi ana shu sabab o‘g‘lini urishganda, u «Jonimdan o‘tkazib yubordi» degan.

Vatak mahallasi xotin-qizlar faoli Musavvar Mansurovaning aytishicha, bu oilada notinchlik tashqaridan sezilmagan, hech qachon murojaat ham bo‘lmagan.

«Endi o‘zgaraman»   

Shifoxonaga borganimizda ona-bolalarni «Tez yordam» mashinasida ichki ishlar xodimlari olib ketishgan ekan.  Tuman ichki ishlar bo‘limiga bordik. Tergovgacha surishtiruv ishlari boshlangan ekan. Tergov xodimlariga xalaqit berolmas edik. Lekin ayol haqida tasavvur paydo qilishga imkon paydo bo‘ldi. O‘rta bo‘yli, ozg‘inroq, oppoqqina, chaqqon harakatlar bilan bolalarini eplayotgan ayolga o‘zining 26 yoshini berish mumkin edi. Gaplari og‘ir-bosiq, kechagi videoda baqir-chaqir qilgan ayol shu desangiz birov ishonmaydi. Ikki kunda ulg‘ayib qolgandek. Lekin ruhiy, jismoniy charchoq ko‘rinib turibdi. «Bu kecha umuman uxlay olmadim. Avvalo, nimalar qilib qo‘yganimni o‘ylab siqilib chiqdim. Keyin bolalar karavotdan yiqilib tushmasin deb unisining oldidan bunisi oldiga o‘tib yurib chiqdim. Men ham bularning har birini to‘qqiz oy ko‘targanman, og‘ir o‘tirib, og‘ir turganman, jahl ustida qilgan ishimdan pushaymonman».

Tergov ishlari  davom etaverar ekan, qizaloq ehtiyoji bo‘lmasa ham zerikkanidan hojatga chiqaman deb onasini koridorga chiqartirar va yo‘lakning oxirigacha ular mayda qadamlarda yurib borar ekan, har gal imkoniyatdan foydalanib, qisqa savol-javobga ulguraman. «Erim borganidan buyon 200 dollar pul jo‘natdi. O‘g‘limga telefon olib berdi. (15 yoshli o‘gay o‘g‘lini nazarda tutayapti). O‘zim har oyda qariyb 700 ming so‘m bolalar pulini olaman. Bilaman, borgach, darrov hujjat qilishi kerak, bu ham katta xarajat. Boshqa gap bor, opa...»

Keyingi chiqishda:

«Baxtli kunlaringizni qanday eslaysiz?»   

«Hali bitta qizchalik edik.Bolani onamga qoldirib er-xotin Turkiyaga ishga jo‘nadik. Men kampirga qaradim, ular  korxonada ishladilar.  Qaytib kelib uchastkamizni ko‘tardik. O‘shanda bunaqa urishmasdik».   

«Dardlashadigan, hamma gaplaringizni ayta oladigan yaqin kishingiz bormi?»   

«Onam borlar, lekin men ularga hamma gaplarimni aytmayman, muammolarimni hech kim hal qilolmas ekan nega aytay?»  « Muammongizni hal qilishi uchun emas, to‘g‘ri maslahat olish uchun tajribali, dono ayollar bilan dugona bo‘lishingiz kerak...»  

«Siz bolani o‘ldirib qo‘yishingiz mumkinligini xayolingizga keltirganmisiz?»

«Yo‘g‘aa, Xudo asrasin. Opajon, men bunaqa yomon niyatda bo‘lmaganman, mana ko‘rayapsiz-ku bir qadam ham oldimdan jilmaydi. O‘sha kuni ham nariroqda bo‘lganida bunday bo‘lmasmidi». 

«Sizni ham rashk qiladimi?»  

«Ko‘chaga chiqma deydi, chiqmayman. Kattamiz 15 yoshda, bozor-o‘charni qilib keladi»   

«Oilaviy munosabatlarda o‘zingizni nimadadir aybdor deb sezmaysizmi?»  

«O‘zim ham aybdorman. Gap qaytardim. Jahlim chiqqanida bo‘g‘zimdagi gapni yutolmadim, og‘zimga kelganini gapirdim. Endi bunday qilmayman. Lekin, ba’zan chidab bo‘lmaydigan gaplarni aytadilar. Haqorat qilganda ham  muomala bilan yengishni o‘rganishim kerakmikan? Lekin erim bolalarim oldida bo‘lishini istayman...»

Ayol menga ham nimanidir aytolmaydi...  

Oqshom cho‘kib, tergovchi unga javob berishi oldidan ayol juda charchagani va bafurja suhbatga holi qolmaganini bildirdi...  

Endi nima bo‘ladi?

Qarshigul opa shu o‘g‘lini chaqirtirib olaman, tinchgina shu yerda yashasin deydi. Ona o‘g‘lining ro‘zg‘ori to‘zib ketmasligiga umid qiladi. Hokimiyatdagilar erkakka ish topib berishmoqchi. Bir taloq deb guvohlarsiz aytilgan gapni diniy ulamolar hal qilishar. Lekin nima bo‘lganda ham jinoiy ish sudgacha yetib borishi aniq. Jinoiy ish, qiynoq va o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deb tavsiflangan 110 va 112-moddalarda olib borilayapti.

Olimlar turtki yeb, faqat kamchiliklari aytilib ulg‘aygan bolalar umr bo‘yi o‘ziga ishonchi bo‘lmaslikdan aziyat chekishini ta’kidlashadi. Bolani urganda uni nogiron qilib qo‘ygan, hatto o‘ldirib qo‘ygan holatlar ma’lum. Kattalarning har qanday ruhiy holati bolaga qo‘l ko‘tarish uchun sabab bo‘lolmaydi.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro darajadagi asosiy hujjat Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya 1989 yil oktyabrida Nyu-Yorkda qabul qilingan. Hujjatning 19-moddasi bolani  zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida. O‘zbekiston Respublikasi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani 1992 yil 9 dekabrda ratifikatsiya qildi. O‘zbekistonda bolalar kaltaklanayapti ekan, bu borada ham xalqaro normalar buzilayotganini anglatadi. Bolalarni urmang!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring