Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolaning og‘ziga urib, «qor yema» desa ham bo‘lardi — Sherzod Qudratxo‘ja «bog‘cha» vaqtini esladi

Bolaning og‘ziga urib, «qor yema» desa ham bo‘lardi — Sherzod Qudratxo‘ja «bog‘cha» vaqtini esladi

2022 yil 22 iyun kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi hamda sohada amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja ishtirok etdi hamda maktabgacha ta’lim muassasalarining jamiyatdagi o‘rniga yuqori baho berdi.

Biz xalq tilida «bog‘cha» deb ataydigan maktabgacha ta’lim muassasalarining jamiyatdagi o‘rni juda katta. «Bog‘cha opalar» — tarbiyachilarning bolalarga munosabati, ularga bergan tarbiyasi bir umrlik xotiraga aylanadi.

Men bu yil 48 yoshga to‘ldim, ammo 40 yil oldin bog‘chaga borganimda tarbiyachim menga qanday qaragani, nima deganm, urishganmi, yoki yaxshi gapirganmi, hammasi yodimda. Hatto o‘sha vaqtda qanday ovqat berishganigacha aytib berishim mumkin — makoron, kotlet...

Shu o‘rinda «bog‘cha»dagi davrimdan bir misol keltirib o‘tsam — qish vaqti edi, hammamiz tashqarida qor o‘ynadik. Xonamizga kirib ketish oldidan tarbiyachimiz har birimizga bir bo‘lakdan qor olib kirishga ruxsat berdi. Tush vaqtida uyquga ketishimizdan oldin o‘sha qorlarni stakanga solib, deraza yoniga qo‘ydik.

Uyqudan turganimizda qor erib, xira, loyqa suvga aylangandi. Shunda tarbiyachimiz: «Ko‘rdilaringmi, bolalar! Siz ko‘chada qor yegan vaqtingizda mana shu loyni ham qo‘shib yegan bo‘lasiz», dedi. Shundan so‘ng qor yeyishni to‘xtatganmiz.

Menimcha, tarbiya mana shunday berilishi kerak. Vaholanki, bolani og‘ziga urib, «qor yema» deyish ham mumkin. Ammo bu bir umrlik yomon xotira bo‘lib qoladi. Bola yomon xotiralar bilan o‘smasligi kerak, u yaxshilikni o‘ylashi lozim.

Aynan shu sababga ko‘ra davlatimiz tomonidan maktabgacha ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda, xorijdagi ilg‘or davlatlar tajribasi o‘zlashtirilmoqda. O‘ylaymanki, bu islohotlar vaqti kelib yetarli samarasini beradi», — dedi Sherzod Qudratxo‘ja.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2021 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobardan oshgan. Jumladan, 2017 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 708 ming nafari, 2020 yilda 1 mln 700 ming nafari, (60,9 foiz) maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunga qadar qo‘shimcha 257 ming nafar (+ 8,5 foiz) bola qamrab olinishi hisobiga ularning soni 1 mln 957 ming nafarga (69,4 foiz) yetdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring