Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolaning ko‘ngli og‘rimasa – tanasi ham og‘rimaydi

Bolaning ko‘ngli og‘rimasa – tanasi ham og‘rimaydi

foto: chatgpt

Bola hayotining ilk qadamlari oila bag‘rida qo‘yiladi.

Oila nafaqat tarbiya shakllanadigan maskan, balki bola immuniteti, jismoniy va ruhiy sog‘lig‘i mustahkamlanadigan muhitdir. Shu muhitdagi har qanday zaharli so‘z, zo‘ravonlik, beparvolik bola organizmida «jimjit» olov bo‘lib, ko‘zga ko‘rinmas jarayonlarni boshlab yuboradi. Ulardan biri – onkologiya, ya’ni saraton kasalligidir.

 Epigenetika nima deydi?

So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, boladagi saraton xastaliklarining katta qismi tug‘ma gen mutatsiyalari emas, balki epigenetik o‘zgarishlar tufayli yuzaga keladi. Bu degani – hayot tarzi, stress, ekologik omillar, noto‘g‘ri ovqatlanish va eng muhimi, ruhiy muhitning nosog‘lomligi inson genlarida o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Uydagi janjallar, o‘ta qattiqqo‘l tarbiya yoki mehr-oqibat yetishmovchiligi bola organizmining himoya mexanizmlarini susaytiradi. Va shu zaiflashgan immun tizimidan hujayralar nazoratdan chiqib, xavfli o‘smalar shaklida rivojlanadi.

Tahdidlar muhitida o‘sgan bola

Agar farzandingiz har kuni ota-ona orasidagi qattiq tortishuvlarni eshitsa, agar u jazo va tahdid muhitida hayot kechirsa, agar u kamsitilsa, eshitilmasa, hissiyotlarini pisand qilmasangiz, u to‘yib uxlamasa, mehringizni o‘zi xohlaganchalik his qilmasa uning tanasidagi har bir hujayra «hayot» uchun emas, «omon qolish» uchun kurashadi. Va bu kurash organizmning ichki barqarorligini buzadi. Hujayralarning «ishchi intizomi» yo‘qoladi va mutatsiyalar, o‘smalar, saraton paydo bo‘ladi.

Sog‘lom muhit – sog‘lom bola

Men shifokor sifatida oilani eng muhim saratonga qarshi profilaktika markazi degan bo‘lar edim. Bu markazda eng kerak bo‘lgan narsa muhabbat va tinchlikdir.

Oilaning har bir a’zosi bir-biriga mehribon va kechirimli bo‘lishi shart.

O‘zaro hurmat immunitetning yashirin qo‘llovchisidir.Qattiqqo‘llik emas, mehr va tushunish bolaning ichki dunyosida nur yoqadi. Farzandingiz sog‘lom bo‘lishini istaysizmi? Uni dorilar bilan emas, muhabbat bilan oziqlantiring.

Kechiring, quchoqlang, tinglang, his qiling. Bolaning ko‘ngli og‘rimasa – tanasi ham og‘rimaydi.

Bolalar onkologiyasini davolash qiyin. Muammolar judayam ko‘p. Davlat yana o‘nlab shifoxonalar qurishi mumkin. Qimmat operatsiyalarga homiy ham topilar. Biroq, kasalni davolagandan ko‘ra oldini olgan ma’qul emasmi?

Shuning uchun saratonga qarshi kurashni – oiladagi muhabbatni tiklashdan boshlang!

Bugun tongdan bolangizni quchoqlang. Unga «Men seni yaxshi ko‘raman» deb ayting. Balki bu gap uning hayotini saqlab qolar, balki uxlab yotgan kasallikni tag-tubi bilan yo‘q qilar.

Muazzam Ibrohimova,

shifokor, «Sen kuchlisan» NNT koordinatori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring